Yaxshiyamki, tug‘ilgan ekansan, bolam!

Soat tongi 03:30 edi. Uning telefoni jiringlay boshladi. Yostiqdan ming mashaqqat bilan boshini ko‘tarib, qo‘ng‘iroqqa javob berdi:

— Eshitaman! Kimsiz?

— Menman, o‘g‘lim. Onangman!



— Uff, ona, Xudo xayringizni bersin! Koshki bilsangiz edi, ertaga qiladigan qanchalik muhim ishlarim bor.

— Haligi… O‘g‘lim…

— Nima, ona, nima. Meni shu paytda uyg‘otadigan nima muhim ishingiz bor? Ertalab qo‘ng‘iroq qilsangiz ham bo‘laverardi-ku?

Ona o‘g‘lidan bu sovuq muomalani eshitib qattiq ranjidi, o‘ksindi. Yig‘lamsiragan bir ovozda javob berib telefonni o‘chirdi:

— Bundan roppa-rosa o‘ttiz besh yil avval shunday tun yarmida 03:30 da sen ham meni uyg‘otgan eding!

Yaxshiyamki, tug‘ilgan ekansan, bolam! Seni yaxshi ko‘raman!

Turk tilidan Fatima Aliy tarjimasi