Nozik yurakka berilgan ozor

Nasiba ismli sinfdoshimiz ko’ngli ochiq, mehribon va samimiy qiz. Nasibaning onasi u kichkinaligida vafot etgan. Shu bois dugonam otasining qo’lida qolgan. Otasi ham qizini yer-u ko’kga ishonmay, uni ko’z qorachig’iday asrab-avaylaydi. Dugonam ham otasidan boshqaga suyana olmaydi.


Nasibaning taqdirini bila turib, uning qalbini og’ritganimiz uchun yuragimizda qandaydir g’ashlik bor. Bir voqea tufayli butun sinf unga tuhmat qildi. Nozik yuragiga ozor berishni o’ylamay, men ham boshqalarga qo’shilib, sinfdoshimni nohaq aybladim. Dugonam haqligini bilsa-da, bizga qarshi hech narsa demadi. Biz sinfdoshlar uning qalbini yaralagan bo’lsak ham, u labida tabassum bilan salom-alikni kanda qilmadi. Oradan biroz vaqt o’tgach, Nasibaning aybsizligi ma’lum bo’ldi. Shundan so’ng uning ko’zlariga qaray olmadim. Afsus-nadomatlar bilan kechirim so’ragan bo’lsam-da, vijdonim tubidagi sadolarni yenga olmayapman.


Aziz tengdoshlar, kimningdir dilini ranjitishdan, tuhmat qilish va ko’ngli yarim insonlarning yuragini timdalashdan ehtiyot bo’ling. Aks holda, men va dugonalarim singari pushaymon qilishingiz mumkin!