Uyda qanday hayvonlarni boqish mumkin?

SAVOL:

Assalomu alaykum. Uyda it boqib bo‘lmasligini bilaman, shunga ko‘ra mushuk va boshqa hayvonlarni boqib bo‘ladimi, biror zarari yo‘qmi?


2020.07.08
JAVOB:

Va alaykum assalom. Barcha goʼshti halol boʼlgan hayvonlar va parrandalarni uyda boqish mumkin. Goʼshti harom boʼlgan hayvonlardan eshakni ulov sifatida, Ov qushlarini ov qilish maqsadida boqish mumkin. Mushukka keladigan boʼlsak, uyda mushuk boqishning zarari yoʼq. Sahobalar raziyallohu anhumning ham mushuk boqqanlari va bunga paygʼambarimizning munosabatlari haqida hadislarda bayon qilinadi. Masalan ulugʼ sahobalardan Аbdurahmon ibn Sahl raziyallohu anhu mushuklarni yaxshi koʼrib, boqib yurganlari uchun Paygʼambarimiz sallallohu alayhi vasallam tomonlaridan «Аbu Hurayra» degan kunyani olganlar, yaʼni «mushukchaning otasi» degan maʼnoda kunyalaganlar. Boshqa bir hadisda Kabsha binti Kaʼb ibn Molik raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:



أن أبا قتادة دخل عليها قالت فسكبت له وضوءا — قالت فجاءت هرة تشرب فأصغى لها الإناء حتى شربت قالت كبشة فرآني أنظر إليه فقال أتعجبين يا بنت أخي فقلت نعم قال إن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال إنها ليست بنجس إنما هي من الطوافين عليكم


yaʼni: “Аbu Qatoda (uyimizga) kirdi. Unga tahorat suvi quyib berdim. Bir mushuk kelib, suvdan ichmoqchi boʼldi. Аbu Qatoda esa idishni engashtirib, ichib olishi uchun tutdi. U qarab turganimni koʼrib: “Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?” dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Аlbatta, u (mushuk) najas emas, u sizlarning atrofingizda aylanib yuruvchilardandir”, deganlar, dedi” (Imom Termiziy rivoyatlari).


Yana shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, uyda boqilayotgan hayvonlar, parrandalarga zinhor (bir-birlari bilan urishtirib, och qoldirib, baʼzi aʼzolarini kesib, gʼayri oddatiy munosabatda boʼlib) zulm qilmaslik kerak. Zero, zulmning har qanday turi haromdir.


Xulosa qilib aytganda, uyda hayvonlarni boqishda shariat koʼrsatmalariga amal qilish lozim. Аgar zarurat boʼlsa zarurat miqdoricha boqish joiz. Ularga eʼtibor bilan qarash va zulm qilmaslik talab etiladi. Vallohu aʼlam.


Oʼzbekiston musulmonlari idorasi fatvo hayʼati.


fatvo.uz