Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Hayvonlardan faqat qo`y, echki, tuya va qoramol qurbonlik qilinishi mumkin. Qo`tos ham qoramol turkumiga kiradi. Xo`roz, tovuq, kurka, g`oz, o`rdak kabi uy parrandalari, yovvoyi hayvonlar qurbonlik niyati bilan so`yilishi mumkin emas.

Qurbonlik qilinadigan qo`y va echki bir, tuya besh, qoramol ikki yoshdan o`tgan bo`lishi kerak. Faqat qo`y olti oylik bo`lganida bir yoshga etgandek ko`rinsa, durkun va gavdali bo`lsa, uni ham qurbonlikka so`yish mumkin. Qo`ydan boshqa hayvonlar har qancha gavdali ko`rinsa ham belgilangan yoshga etmagunicha qurbonlik qilinishi mumkin emas.




Qurbonlikka atalgan jonzot qanday talablarga javob berishi kerak?


Biron hayvoning qurbonlik qilinishiga to`siq bo`ladigan kamchiliklar quyidagilardir:


1. Hayvonning kasalligi aniq bo`lsa;


2. Juda ozg`in bo`lsa;


3. Ikki yoki bir ko`zi ko`r bo`lsa;


4. Qurbonlik qilinadigan joyga bora olmaydigan cho`loq bo`lsa;


5. Tishlarining ko`pi to`kilgan bo`lsa;


6. Qulog`ining yoki dumining yarmidan ko`pi kesilgan yoki uzilgan bo`lsa;


7. Shoxlaridan biri yoki ikkisi tagi bilan kesilgan bo`lsa;


8. Qo`yning bir, qoramolning ikki elinining uchi uzilgan bo`lsa;


9. Hayvon tug`ilganidan dumi yoki qulog`i bo`lmasa;


10. Burni kesilgan bo`lsa;


11. Faqat axlat egan bo`lsa;


12. Tilining ko`p qismi kesilgan bo`lsa.


Bilasizmi?


*Qurbonlik qilish hur, balog`atga yoshiga etgan, oqil, muqim va zakot hisobiga molik bo`lgan musulmon shaxsga vojib bo`ladi.


*Hanafiy mazhabi bo`yicha musofirga qurbonlik qilish vojib bo`lmaydi.

*Qurbonlik qilishning vaqti hayit kunining tongi otish bilan kiradi va uchinchi hayit kunining quyoshi botishi bilan chiqadi. Faqat qurbonlikni hayit namozini o`qib bo`lgandan keyingina qilina boshlanadi.


*Agar qurbonlikka atalgan hayvon qochib ketib o`rniga boshqasi olingan bo`lsa, keyin avvalgisi ham topilib qolsa, ikkisini ham so`yiladi.


Islom.uz, muslim.uz saytlari materiallari asosida tayyorlandi.