Hayit namozi
SAVOL:
Hayit namozining hukmi nima? Uni o`qish kimlar uchun lozim?
JAVOB:
Hayit namozini o`qish Imomi A`zam Abu Hanifa nazdida vojibdir. Chunki, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni doim o`qiganlar, aslo tark qilmaganlar. Imom Molik va Imom Shofi`iy nazdida sunnati muakkadadir. Imomi Ahmad bo`lsa, farzi kifoya deydilar.
Hayit namozini o`qishga Alloh taoloning mana bu hukmi dalolat qiladi:
ولتكبروا الله على ما هداكم
“Yana ro`zani tamom qilib, Xudoni ulug`lab yod qilmoqliklaringizni xohlaydi, chunki sizlarni shu ibodatlarni qilishga hidoyat qildi”. (Baqara surasi, 185-oyat).
Tafsir olimlari mazkur oyatdagi “Xudoni ulug`lab yod qilish”ni hayit namozini o`qishdir, deganlar.
Hayit namozi ham jum`a namozi kabi balog`atga yetgan erkaklarga, aqli joyida, ozod insonga, ko`zi, oyog`i salomat kishiga, shuningdek, shahar va katta qishloqlarda yashovchilarga vojibdir.
Shu boisdan shar`iy uzri yo`q odam hayit namozga bormasa, qattiq gunohkor bo`lib qolishi, shubhasizdir. Yilda bor yo`g`i ikki marta o`qiladigan namozni qoldirmaslik kerak. Bunday ma`siyatdan Xudoning o`zi asrasin!
Hayit-namozi
SAVOL:
Ayollar hayit namozga chiqmaydilarmi?
JAVOB:
Bizning mazhabimizda ayollarning hayit namozga chiqishlari shart emas. Oila ishlariga qaraydilar.
To`g`ri, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ayol-qizlar besh vaqt namozga chiqar edilar, shuningdek, ular hayitlardan ham qolmas edilar. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularni hayitga chiqishlariga o`zlari buyurganlar va ularning yonlariga borib, ular uchun alohida mav`iza qilib berar edilar.
Ammo, xalifai odil Hazrati Umar raziyallohu anhu zamona zayliga qarab, ayollarni besh vaqt namozlarga va hayit namozlarga chiqishdan man` qilib qo`ydilar. Buni ko`rgan Oysha onamiz keyinchalik bunday degan edilar:
لو أدرك رسول الله صلى الله عليه وسلم ما أحدث النساء لمنعهنّ كما منعت نساء بنى اسرائيل
“Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham xotinlarning bunday paydo qilgan narsalari, yurish-turishlarini ko`rganlarida edi, Bani Isroil ayollarini man` qilgandek man` qilar edilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Bir kuni Oysha onamiz raziyallohu anho degandilar:
أيها الناس، انهوا نساءكم عن لبس الزينة والتبختر فى المساجد فان بنى اسرائيل لم يلعنوا حتى لبس نساءهم الزينة وتبخترن فى المساجد
“Ey odamlar! Xotinlaringizni masjidlarda ziynatlanib, xushbo`ylanib yurishdan qaytaringlar! Zero, albatta Bani Isroil xotinlari ibodatgohlarida ziynatlanib, xushbo`ylanib yurgunlaricha la`natlanmagan edilar”.
Bu rivoyatni muhaddislardan Ibn Abdulbarr “at-Tamhid” asarida zikr qilgan.
Ana shunday rivoyatlarga asoslanib, mazhabimizning fiqhiy matn kitoblarida ayollarning besh vaqt namozga chiqishlari, shuningdek, hayit namozlarga chiqishlari makruh, deyilgan.
SAVOL:
Hayit namozlariga chiqishning odoblari qanday?
JAVOB:
Hayit namozlariga chiqishda va namoz o`qishda o`ziga xos odoblar bor. Ular asosan quyidagichadir:
1) Agar Ramazonning hayiti bo`lsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar yeb olinadi. Chunki, Imom Buxoriy hazratlari Anas raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo yeb chiqar ekanlar. Ularni toqdan yer ekanlar. Imom Termiziy va Ibn Mojjalar ham shu tariqa rivoyat qilganlar.
2) Agar Qurbon hayiti bo`lsa, hech narsa yemay chiqiladi va hayit o`qib kelgandan so`ng qurbonligidan yeydi. Zotan, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday yo`l tutar ekanlar. Buni to`rtta sunanda va Imom Doraqutniy hamda Imom Hokimlar rivoyatida ko`rish mumkin. Ba`zilarga o`xshab hayit tongi otmasdan saharlik qilib, hech narsa yemasdan hayitga chiqishga harakat qilish shart emas.
3) Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida g`usl qilib olish kerak. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhur. G`usl qilish borasida esa Payg`ambarimiz hayit namozlariga alohida g`usl qilishlari rivoyat qilingan. (Ibn Mojja rivoyati).
4) Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarini kiyish ham mustahabdir. Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisda, Ibn Abbos raziyallohu anhu eslashicha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda ham yo`l-yo`l chopon (burda)larini kiyib chiqqanlar. Boshqa muhaddislar ham buni alohida zikr qilgan. Ibn Umar raziyallohu anhuga esa Payg`ambarimiz: “Hayit uchun chiroyli kiyim sotib olgin!”, deb buyurganlar.
5) Fitr sadaqasini ado qiladi. Ramazon hayitiga chiqishidan avval, agar fitra sadaqasini bermagan bo`lsa, ularni ado qiladi. Chunki, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlar namozga chiqishidan avval fitr zakotini ado qilishni buyurganlar. Holbuki, o`zlari bir-ikki kun avval uni ado qilgan bo`lardilar. Buni Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan.
6) Yo`lda takbir aytib boradi. Imom Doraqutniy rivoyat qilishicha, sahobiylardan Ibn Umar raziyallohu anhuning odatlari xuddi shunday bo`lgan. Oshkora takbir aytishning zarari yo`q. Ayniqsa, qurbonlik hayitida oshkora takbir aytish o`rinli. Ba`zi zaif isnodli hadisi shariflarda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari ham shunday bo`lgan. Bu narsa ro`za hayitida ham, qurbonlik hayitida ham joizdir. Mazhabimizda qurbon hayitiga borishda takbir aytib borish ko`proq ta`kidlangan.
7) Hayitga borishda boshqa yo`ldan, qaytishda esa boshqa yo`ldan kelishga harakat qilish. Chunki, Imom Buxoriy rivoyat qilishiga qaraganda, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday bo`lgan. Buni Abu Dovud va Ibn Mojjalar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Zotan, boshqa-boshqa yo`llardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga ko`payishi, musulmonlarni ko`rib-so`rashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning ko`payishi hollari yuz beradi. Shuningdek, piyoda borish ham hayit odoblaridandir. Imom Ahmad va Imom Buxoriylar Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilishlaricha, “Hayitga piyoda chiqishlik sunnatdandir”.
8) Namoz o`qiladigan joyda nafl o`qimaslik kerak. Chunki, Buxoriy va Muslimlar Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga chiqqanlarida namozdan avval ham, keyin ham namoz o`qimasdilar. Ibn Mojja rivoyatida esa ul zoti sharif uylariga kelganlaridan so`ng ikki rak`at namoz o`qib olar ekanlar.
9) Qurbon hayiti kuni hayit namoz o`qilgandan so`ng qurbonligini qilish. Qurbonlik vojib amal bo`lib, uni hayit kunidan so`ng ikki kun ham bajarish mumkin. Lekin hayit kuni qilish afzal. Shuningdek, e`tibor beradigan narsa: Ramazon hayiti kuni ham qurbonlik so`yishning savobi yetti yuz barobar bo`lishi aytilgan. (“Ramazon va taqvo”). Bunga ahamiyat berishimiz kerak!
10) Qurbon hayitini imomlarimiz tezroq, ertaroq o`qib berishlari, Ramazon hayitini esa kechiktiribroq o`qishlari mustahabdir. Zotan, Imom Shofi`iy rivoyat qilishicha, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Hazm raziyallohu anhuga shunday deb maktub yozdirib yuborgan ekanlar. Bu qurbonlikka shoshishilish, ulgurish uchun ham foydalidir.
Mazhabimizning ulamolari yana ba`zi mustahab va mandub amallarini zikr qilganlar. Ular bu xildagi ishlarni sahobai kiromlar va tobi`ini izomlarning odatlaridan olishgan. Chunonchi, fiqhiy asarlarda faqihlarimiz bomdod namozini har kim o`z mahallasining masjidida o`qib, keyin jomi`ga borishi; atirlar ishlatib, xushbo`ylanib borish; iloji bo`lsa, piyoda borish; iloji bo`lsa, uzuk taqib olish; bir-birovni hayit bilan muborakbod etish; uyidagi butun bolalari, qo`ni-qo`shnilar, yoru birodarlar bilan jam`lanib borish kabi ishlarni qilishga targ`ib qilganlar.
Qurbon hayiti arafasida bir joyga to`planish makruhdir. Bu faqat Arafot maydonida turgan hojilarga farz qilingan. Ularga o`xshab to`planish ortiqcha harakat bo`lgani uchun bid`at, deyilgan.
SAVOL:
Bir do`stim hayit namozini iydgohlarda o`qish kerak, masjidlarda o`qilmaydi, deb qoldi. Undan dalil so`rasam, qadimga shaharlarda, masalan, Buxoroda iydgoh bo`lganligini aytdi. Shunga nima deysiz?
JAVOB:
Do`stingiz to`g`ri aytibdi. Aslida hayit namozlarida jum`a jamoatlari ham to`planib, maxsus hayit o`qiladigan katta maydonda o`qigan afzal. Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va uning ashoblari ham xuddi shunday qilar edilar. Hatto Payg`ambarimiz alayhissalom hayit o`qilgan joyda namozdan keyin qurbonligini so`yib qolardilar. Buni Imom Buxoriy hazratlari Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Biroq, uzrli holatlarda, ochiq maydonga chiqib o`qish imkoniyati bo`lmasa, yomg`irli, sovuq kunlarda masjidda o`qish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bir marta yomg`ir bo`lgani uchun hayitni masjidlarida o`qiganliklari rivoyat qilingan. (Abu Dovud va Ibn Mojja Abu Hurayra r.a.dan rivoyatlari).
SAVOL:
Hayit namozining vaqti qachon? Uni bir kun orqaga surish mumkinmi?
JAVOB:
Hayit namozining vaqti quyosh bir yoki ikki nayza bo`yi ko`tarilgandan so`ng boshlanib, quyosh zavolga yuz tutgangacha davom etadi.
Quyosh chiqayotgan vaqtda namoz o`qish makruhligini hamma yaxshi biladi. Bu juda mashhur hadislar bilan sobit bo`lgan hukm. Binobarin, hayitning ham boshlanishini quyosh ko`tarilgandan so`ng deb olinishi o`z-o`zidan ma`lum.
Abu Dovud, an-Nasoiy va Ibn Mojjalar Abu Umayr raziyallohu anhudan rivoyat qilishlariga qaraganda, bir yili Ramazonning oxirida Shavvol oyining hilolini ko`rish imkoniyati bo`lmay qolgan. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar ro`za tutib tong ottirganlar. Shu kuni zavoldan so`ng ba`zi odamlar Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga kecha yangi oyni ko`rganliklarining xabarini yetkazganlar. Shunda ul zot hammani ro`zani ochishga buyurganlar va ertasiga hayit namozi o`qilishini e`lon qilganlar. Agar zavoldan so`ng hayit o`qish mumkin bo`lganda, o`sha kuni hayit o`qilar edi. Demak, hayitning vaqti zavolgachadir. Bu hadisni shu tariqada imom Tahoviy ham rivoyat qilgan.
Yana ushbu hadisi sharifdan hayitni uzrli bo`lib qolganda bir kun orqaga surish mumkinligi ma`lum bo`lmoqda. Qurbonlik hayitini uch kungacha orqaga surish mumkin.
SAVOL:
Bizning shaharda masjidimizda hayit namozi bir necha marta o`qiladi. Imom musulmonlar bilan o`qigandan so`ng, kechikib kelganlar o`zlari jamoat bo`lib, hayit namozi o`qishaveradi. Ba`zida imom domla, ularga o`qib berish uchun hayit namozini o`qib biladigan odamlarni tayinlab qo`yadi.
JAVOB:
Bir marta o`qilgandan so`ng yana hayit namozi o`qish makruhdir. Chunki, bu narsa boshqa namozlarda ham shundaydir. Zotan, bu jamoatning ozayishiga olib keladi. Buni yaxshi anglab olish kerak! Yaxshisi, ertaroq harakat qilib, imom domlaning hayit o`qishiga ulgurish darkor. Yoki eng yaqin masjidda hayit o`qish lozim.
SAVOL:
Qishloqlarda hayit namozi o`qiladimi?
JAVOB:
Bizning mazhabimizda qishloqlarda g`ayit namozi o`qilmaydi. Hayit namoziga ham jum`a namozi uchun bo`ladigan shartlar ta`yinlangan. Imom Bayhaqiy, Abdurrazzoq va Ibn Abi Shaybalar Hazrati Ali karramallohu vajhahuning gaplarini rivoyat qilganlar. Ibn Hazm buni sahih degan:
لا جمعة ولا تشريق اى تكبيرة ولا صلوة فطر ولا أضحى الا فى مصر جامع او مدينة عظيمة
“Jum`a, takbiri tashriq, Ramazon va Qurbon hayitlari faqatgina hamma narsasi bor shaharda yoki juda ham katta shaharda bo`ladi”.
Shuning uchun qishloqlarda jum`a ham, hayit namozlarini ham o`qishga harakat qilgandan ko`ra, shaharlardagi jomi` masjidlarni borib to`ldirgan ma`qul. Ammo, mazhabimizning ba`zi ulamolari juda katta qishloq bo`lsa va unga hokim va qozilar tomonidan ruxsat berilgan bo`lsa, jum`a ham, hayit ham o`qisa bo`ladi, deganlar.
SAVOL:
Hayit namoziga azon va iqomat aytish shartmi? Xutba nima uchun namoz o`qilgandan so`ng aytiladi?
JAVOB:
Ikki hayit uchun ham azon va iqomat aytilmaydi. Zero, azon va iqomat farz namozlari uchun sunnatdir. Chunki, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xuddi shunday qilib, ya`ni hayitlarni azon va iqomatsiz o`qiganlar. Jobir raziyallohu anhu aytadilar:
صليت مع رسول الله صلى الله عليه وسلم العيدين غير مرّة ولا مرّتين بغير اذان ولا اقامة
“Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bir necha marta ikki hayitni azon va takbir aytmasdan o`qiganman”. (Imom Muslim rivoyati).
Xutba o`qish jum`a namozida shart bo`lsa ham ikki hayitlarda shart emas, balki, sunnatdir. Shuning uchun ham hayitlarda xutba namoz o`qilgandan so`ng bo`ladi. Ibn Umar raziyallohu anhuning aytishiga qaraganda, Payg`ambar alayhissalom ham, Abu Bakr, Umar va Usmon raziyallohu anhumlar ham xutbadan avval hayit namozlarini o`qiganlar. Buni Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan. Ibn Abbos raziyallohu anhudan bu haqda so`ralganda ham ul zot shunday javob berganlar.
SAVOL:
Hayit namozi qanday o`qiladi? Uning tartibini bayon qilib bersangiz?
JAVOB:
Hayit namozi ikki rak`at bo`lishi Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan beri kelayotgan odat.
Bizning mazhabimizda ikki hayit namozi ham quyidagicha o`qiladi:
Hayit namoziga niyat qiladi. Niyat dildan qilinadi. Ramazon hayiti yoki Qurbon hayitini o`qishga va imomga iqtido qilishga dilidan va tili bilan ham niyat qiladi.
Imom orqasidan takbiri tahrima aytadi. Qo`l ko`tarib takbir aytgandan so`ng, qo`lni qovushtirib turib, sano o`qiladi. Chunki, sano takbiri tahrima izidan qilinadigan eng birinchi amaldir.
Keyin imom bilan birga, uning orqasida qo`llarni ko`tarib uch marta takbir aytadi.
Imom keyin qiroat qiladi, u bilan qo`shilib, takbir aytib ruku`ga boradi va sajdalarni bajaradi.
So`ng ikkinchi rak`atga turganda imom boshlab qiroat qiladi. Qiroatdan keyin imom bilan yana uch marta takbir aytadi. Takbirda qo`llar ko`tariladi.
To`rtinchi takbirda qo`l ko`tarmasdan imom orqasidan ruku`ga boriladi. U bilan birga sajdalarni ado qilinadi.
Sajdalardan so`ng qa`dada o`tirib, attahiyyot, salovot va duolar o`qib, imom bilan salom beradi.
Mana shu har rak`atdagi uchtadan qilinadigan takbirlar hayit namozining vojiblaridan sanaladi. Ba`zi ulamolarimiz hayit namozlarining ruku`ga ketishdagi takbirlarini ham vojib, deganlar.
Hayit namozlaridagi ortiqcha takbirlarni aytish vaqtida qo`llar quloq barobariga ko`tariladi, oralarida qo`llar ikki yonga tushirib turiladi. Imom qiroat qilayotganda esa qo`llar ta`zim uchun kindik ostida qovushtirib turiladi.
Har rak`atda uch takbir alohida aytilishi Abu Muso al-Ash`ariy, Huzayfa ibn al-Yamon, Abdulloh ibn Mas`ud kabi buyuk sahobalar tomonidan tasdiqlangan. Buning xabari Ahmad, Abu Dovud, Abdurrazzoq, Ibn Abi Shayba va Muhammad ash-Shayboniy kabi muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan.
Boshqa mazhablarda esa takbirlar ko`proq aytiladi. Imom Shofi`iy nazdida birinchi rak`atda takbiri tahrima va ruku` takbirlaridan boshqa yetti takbir, Imom Molik va Imom Ahmadda shular bilan birga yetti takbir; ikkinchi rak`atda esa ruku` takbiridan boshqa besh takbir aytiladi.
SAVOL:
Hayit namoziga bir rak`at kechikib kelgan odam qolgan rak`atni qanday ado qiladi?
JAVOB:
Hayit namoziga bir rak`at kechikib kelgan odam imom salom bergandan so`ng turib, avval qiroat qiladi, so`ng uchta takbirni qo`l ko`tarib va to`rtinchi takbirni ruku` uchun aytib ado qiladi. “an-Navodir” rivoyatiga suyanadigan bo`lsak, avval turib sano o`qiydi va uch marta qo`l ko`tarib takbir aytadi va qiroat qilib, namozini oxiriga yetkazadi.
Agar bir odam ruku`ga yetib kelsa, u darhol ruku`ga ergashadi va shu rak`atning takbirlarini ruku`da turganida aytadi.
Agar bir odam birinchi rak`atga, takbirlardan so`ng, imom qiroat qilayotganda yetib kelsa, iqtido qilib, takbirlarni aytib oladi, kechiktirmaydi. (Mavlono Aliy al-qori: “Sharhi Niqoya”).
SAVOL:
Takbiri tashriq aytishning hukmlari va odoblarini aytib bersangiz?
JAVOB:
Takbiri tashriq aytish qurbon hayiti arafasi va kunlarida musulmonlarga odat bo`lgan amaldir. Uning hukmi vojibdir.
Takbiri tashriq mana budir:
الله أكبر الله أكبر لا اله الا الله والله أكبر الله أكبر ولله الحمد
“Allohu akbar, Allohu akbar. Laa ilaaha illallohu vallohu akbar. Allohu akbar va lillaahil-hamd”.
Takbiri tashriqni aytish arafa kunining bomdodidan boshlanadi va Qurbon hayitidan keyingi uning uchinchi kunining asrida tugaydi. Har bir farz namozini jamoat bo`lib o`qigandan so`ng bir martadan aytiladi. (Uni uch marta aytish zarar qilmaydi). Bu hammasi bo`lib, yigirma uch vaqt namozdir. Mana shu imom Abu Yusuf va Imom Muhammad fatvolariga asoslangan. Bunga Hazrati Umar, Hazrati Ali Abdulloh ibn Mas`ud kabi sahobalar amal qilishgan. Bunga boshqa mazhab vakillari ham qo`shilishgan.
Imomi A`zam hazratlari takbirlar hayit kuni asrgacha davom etadi, deganlar.
Jamoat bo`lib o`qilgan namozlarda, yolg`iz o`qigan emas; faqat erkaklar, ayollar emas; musofirlar emas, muqim odamlar aytadilar. Agar imomning takbiri tashriqni aytish imomning esidan chiqsa, unga iqtido qilganlar aytib yuboraveradilar.
SAVOL:
Hayit kuni jum`a kuniga to`g`ri kelib qolsa, hayit namozini ham, jum`a namozini ham o`qish shartmi?
JAVOB:
Imom Hanbal mazhablarida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam hayit kuniga to`g`ri kelgan jum`ani o`qimaslikka ruxsat berganlari uchun (“Sihhohi sitta”da Buxoriydan boshqalari, shuningdek, Ibn Xuzayma va Hokim Zayd ibn Arqam r.a.dan rivoyat qilgan) jum`ani o`qimaslikni joiz, deydilar. Lekin, uning o`rniga peshin farz bo`lib qolaveradi.
Imom Shofi`iy mazhablarida yuqoridagi hadisi sharifni ta`vil qilib, qishloqdan hayitga kelganlar, jum`aga qolmasalar ham bo`ladi, deyiladi. Ammo, jum`aga hozir bo`lish imkoniyati borlarga aslo jum`ani qoldirish mumkin emas, deb uqtirilgan.
Ahli hadislarning ba`zisi umuman peshinni o`qimasdan ham jum`ani tarki qilish mumkin, deydilar.
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit va jum`a bir kunga to`g`ri kelib qolsa, ikkovini ham o`qiganliklari, ularning ikkovida ham zam suraga “A`lo” va “G`oshiya” suralarini o`qiganliklari rivoyat qilingan. (Imom Muslim rivoyati).
Shuning uchun ham Hanafiylar, shuningdek, Imom Molik nazdida hayit va jum`a bir kunga to`g`ri kelib qolsa, jum`ani tark qilish aslo mumkin emas. Zotan, jum`aga buyurilgan oyati karima va hadisi shariflarda bu borada hech qanday istisno yo`q.
SAVOL:
Ikki hayit o`rtasida nikoh qilish mumkin emas, degan gap yuradi. Shu fikr to`g`rimi?
JAVOB:
Aslo to`g`ri emasdir. Bu ikki hayit o`rtasida nikoh qilib bo`lmaydi, deyishlik har xil, bo`lmag`ur gaplarni tarqatadigan insofsiz, beaql ayollar topgan gaplaridir.
Hech bir fiqhiy kitoblarimizda nikoh man` qilingan vaqt aytilgan emas. Xususan, bu narsa bizning Hanafiy mazhabimizda yaqqol o`z aksini topgan. Boshqa mazhabdagilar haj vaqtida, odamlar ehrom kiyib yurganlaridan nikoh qilinmaydi, deydilar. Lekin bizning ulamolarimiz nikoh qilinaveradi, deyishadi. Chunki, Payg`ambarimiz sollallohu alayh vasallam Maymuna onamiz raziyallohu anhoni ehromlik vaqtlarida nikohlariga olganlar.
Shunga o`xshash mazhabimiz hukmiga ko`ra ikki hayit orasida ham nikoh qilinaveradi. Chunki, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oysha onamiz raziyallohu anhoni Shavvol oyida, ya`ni ikki hayit o`rtasida nikohlab olganlar.
Ikki hayit o`rtasida nikoh qilib bo`lmaydi, deganga o`xshash bid`atlarga bosh qo`shmaslik darkor. Xayriyat, yaxshilik kechiktirilmaydi. To`yda yaxshilik bor. Ammo, aroqlar suvdek oqadigan, har xil bo`lmag`ur amallar, bid`atlar avj oladigan to`ylarni har qancha kechiktirsa, avlo va yaxshiroq. Balki, bunday to`ylarning umuman bo`lmagani yaxshiroqdir.
Yuqoridagi ikki hayit o`rtasida nikoh qilib bo`lmaydi, degan gapning chiqishiga sabab qilib: “Shir`at ul-islom” kitobining sharhi “Mafotih ul-jinon” asarida bu yerdagi ikki hayitdan murod hayit namozi jum`a kuniga to`g`ri kelib qolsa, ana shu nazarda tutilgan bo`lsa kerak, deyiladi. Chunki, jum`a ham hayit kabi bayramdir. Shunda hayit bilan jum`aning orasida vaqt juda ozligi uchun to`y qilmay turgan ma`qul. Chunki, to`y qilinsa, jum`aning qolib ketishi xavfi bor.
SAVOL:
Hayit kuni nafl ro`za tutsa nima qiladi? Birov o`sha kuni ro`za tutishni o`ziga nazr qilgan bo`lsachi?
JAVOB:
Ikki hayit kuni va Qurbon hayitidan keyin uch kun, ya`ni tashriq kunlari, demak yilda besh kun ro`za tutish makruhi tahrimiydir.
Bu kunlari nafl ro`za tutgan odam ro`zasini ochib yuborishi lozim bo`ladi. So`ng uning qazosi lozim emas.
Ammo mazkur kunlarda ro`za tutishni nazr qilgan odam nazriga vafo qilmaydi. Chunki, ma`siyatga ichgan qasami va nazriga vafo qilmaslik buyurilgan. Biroq, u boshqa kunlari nazrining qazosini tutib beradi. Va nazri, qasamiga vafo qilmagani uchun kafforati ham lozim bo`ladi.
Mazkur kunlarda ro`za tutishni nazr qilgan odam, mabodo makruh bo`lsa ham ro`za tutgan bo`lsa, gunohkor bo`ladi, ammo nazrining uhdasidan chiqqan hisoblanadi. Ya`ni, unga keyinchalik hech narsa lozim bo`lmaydi. (“Sharhi Viqoya”).
SAVOL:
Qurbonlik qilmoqchi bo`lgan odam hojilarga o`xshab tuklarini va tirnoqlarini olmasdan yurishi kerak, degan gapni eshitib qoldim. Shu to`g`rimi?
JAVOB:
Bunday gap bor. Imom Muslim Ummu Salama onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shuni tavsiya qilganlar:
اذا دخل العشر وأراد بعضكم ان يضحى فلا يمسّ من شعره و بشره شيئا و فى رواية فلا يخذنّ شعرا و يُقلمَنّ ظفرا و فى رواية من رأى هلال ذى الحجة وأراد ان يضحى فلا يأخذ من شعره و لا من أظفاره. رواه مسلم
“Qachonki Zilhijjaning o`n kunligi kirsa, (uning hilolini ko`rsa), sizlardan birovingiz qurbonlik qilmoqchi bo`lsa, sochi—tuklarini va tirnoqlarini olmasin!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu buyruqlari vojiyuemas, balki mustahab ekanligini barcha ulamolar ta`kidlaganlar. Demak, shunday qilsa, yaxshiroq. Qilmasa, ayb emas.
Biroq, tirnoq olish va badanni tuklardan tozalashning o`z vaqti ham bor. Ularni har haftada bir marta olish afzal, o`n besh kunda bir olish yaxshi, qirq kundan o`tkazmaslik kerak bo`ladi. Bu o`tgan barcha Payg`ambarlarning sunnatlari ekanligi barchaga ma`lum. Buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta`kidlaganlar. Shuning uchun “Muzmarot”, “Sharh al-Muniyya” va “Radd ul-muhtor” kabi mazhabimizning fiqhiy asarlarida tirnoq va tuklar juda o`sib ketadigan bo`lsa, Payg`ambarlar sunnatiga amal qilib, o`n kunlikda bo`lsa ham olish kerak, deyiladi.
Demak, yuqoridagi hadisga amal qilmoqchi bo`lgan aqlli odam Zulhijja kirishiga bir kun qolganda misoli hojilarga o`xshab, tayyorgarlik ko`rib, hamma joyini tozalab, keyin sunnatga amal qilishga kirishar ekan.
Hamidulloh Beruniy
ahlisunna.uz/hayit-namozi/