Qadr kechasi va uning fazilati to‘g‘risida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Albatta, Biz uni (Qur’onni “Lavhul-mahfuz”dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey, Muhammad!) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”.
Sura boshdan oxirigacha muborak Qadr kechasiga bag‘ishlangandir. Bu kechada shu yildan kelgusi yilgacha bo‘ladigan ishlar, hukmlar, rizqlar, ajallarning miqdori o‘lchanadi. Alloh taolo bir yillik taqdirni farishtalarga bildiradi va bu yil taqdir qilingan narsalarni ularga yozib qo‘ymoqlikni amr etadi.
“Laylatul-qadr” so‘zining ma’nosi “belgilash, o‘lchash kechasi”, ya’ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan ma’noni bildiradi.
Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir. Qadr so‘zi ikki xil ma’noda – qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir. Unda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bir kecha haqida – insonlarga dunyo hayotidan chin insoniy hayot kechirib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib beradigan so‘nggi mukammal ilohiy dasturulamal bo‘lmish Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan nihoyatda qadrli Qadr kechasi va uning fazilatlari haqida so‘z boradi.
Qadr kechasi sharofatli hukmlar chiqarish va o‘lchash-belgilash, Alloh taolo tomonidan ushbu kechada O‘zi hohlagan kishiga rizq-nasiba belgilanishi va bu ishlar taqsimotini tadbir qiluvchi farishtalariga topshirish kechasi bo‘lgani uchun Parvardigor O‘z elchisi e’tiborini shu fazilatli kechaga qaratmoqda. Buyuk- vatandoshimiz alloma Abul Qosim Zamaxshariy (r.h) aytadi: “Bu surada Alloh taolo Qur’oni karimni uch usul bilan ulug‘lagan: birinchisi, Qur’onni nozil etishni faqat O‘ziga mansub qilgan, ikkinchisi, uning ulug‘ligi va sharafini bildirib, nomini ochiq aytmay, ishora bilan keltirgan, uchinchisi, Qur’on nozil qilingan vaqtning qadrini oshirgan”.
Alloh taolo mazkur surada “Qadr kechasi”ning darajasini baland qildi. Buning asosiy sabablaridan biri bu kechada Qur’oni karimning nozil bo‘lganligidir. Payg‘ambarimiz (sav) shunday marhamat qildilar:
“U zotga o‘zlaridan oldingi odamlarning umrlari ko‘rsatildi. Go‘yo u zotga ummatlarining umrlarini qisqa, boshqa ummatlar qilgan amallarga yeta olmaydigan deb bilganga o‘xshadilar. Shunda Alloh u zotga Laylatul Qadrni ming oydan yaxshi qilib berdi”.
Abu Hurayra (rz.)dan rivoyat qilinadi. Rasul akram (sav):
“Kimiki Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur”, — dedilar.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso (a.s.) Alloh taologa nido qilib: “Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, — dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, — dedi. Muso (a.s.) yana: “Iloho, sening rahmatingning orzusidaman”, — dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, — dedi. Muso (a.s.): “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”, — deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, — dedi. Muso (a.s.) nidolarini davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, — dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, — dedi Alloh. Muso (a.s.): “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, — deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida istig‘forni ko‘p aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, — dedi. Muso (a.s.) yana iltijo qilib: “Iloho, sening roziligingni topishni istayman”, — deganlarida, Alloh haq subhanahu va taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rak’at nafl namoz o‘qiganlar topadilar”, — dedi (“Zubdatul vo’izin” kitobidan).
Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Rasul (a.s.)dan uni aniqlab aytib berishlarini ko‘p so‘raganlaridan keyin dastlab oyning uchinchi o‘n kunligida, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar. Oxiri u kechaning alomatlarini aytganlaridan so‘ng 27 kecha ekani ma’lum bo‘lgan (Bag‘aviy tafsiri).
Rasululloh (sav) shunday deganlar:
“Laylatul Qadr yigirma yettinchi kechadadir”, — dedilar”.
Bu kechada ro‘zador bedor bo‘lib, ahli ayolini ham, yoru do‘stlarni ham savobli ishlarga chorlab turish lozim. Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko‘ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo‘lishi kerak. Qadr kechaning va undagi bedorlik, ibodat, namoz, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru’, duolar fazlidan o‘tgan gunohlarni kechirishidan umidvor bo‘lishi kerak. Lekin yana shu narsani ham unutmasligimiz lozim-ki, Ramazon oyining har bir kuni va tuni ulug‘dir. Shuning uchun ham bizlar mana bu kunlarni g‘animat bilgan holda, unda ibodat va ro‘zalardan tashqari boshqa xayrli va savobli ishlarga ham ko‘proq e’tibor qaratishimiz, keksalarni ziyorat qilib duolarini olishimiz, nochor oilalar bo‘lsa ularga ham e’tiborli bo‘lishimiz, hojatmandlarning hojatlarini chiqarishga harakat qilishimiz va shu kabi savobni ko‘paytiruvchi ishlarga intilishimiz, dinimiz ko‘rsatmalaridandir. Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarni qilishimizda yoru madadkor bo‘lsin!
O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jum’a mav’izalaridan olindi.