Bosh miya qon tomirlari aterosklerozi

Bosh miya qon tomirlari aterosklerozida bosh miya qon tomirlari torayib, devorlari zichlashib qoladi, ya`ni sklerozlanadi. Bu narsa bosh miya to`qimasining oziqlanishi va kislorod bilan ta`minlanib turishini izdan chiqaradi. Bunda bosh miya faoliyati buziladi, og`ir hollarda miyaning ma`lum joylariga qon quyiladi yoki bosh miya to`qimasi yumshab qoladi. Odam organizmida ortiqcha to`planib qolgan yog`simon moddalar bosh miya qon tomirlarining ichki devoriga yig`iladi. Natijada, qon tomir devorida biriktiruvchi to`qimalar o`sib ketadi.

Bosh miya qon tomirlari aterosklerozi 50–60 yoshdan keyin boshlana-di. Kasallik asta-sekinlik bilan emotsional hayajonlar, xolesteringa boy oziq-ovqatlarni ko`p iste`mol qilish, ko`p aroq ichish va chekish, kam harakat qilib hayot kechirish natijasida kelib chiqadi.


Klinik manzarasi. Kasallikning boshlang`ich belgilari bosh og`rishi, bosh aylanishi, quloq shang`illashi, qo`l va oyoq uvushishi, toliqish va boshda og`irlik sezishdan boshlanadi. Bemorlar serjahl, tez charchaydigan bo`lib qoladi. Ko`ngli bo`sh bo`lib, uyqusi teztez buziladigan, uyquga ketishi qiyin bo`ladi. Bemorlarning xotirasi pasaygan, xayoli parishon, yaqinda bo`lib o`tgan voqealarni tezda esidan chiqarib qo`yadilar. Voqealar hadeganda esiga kelavermaydi. Mana shular ish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Avvallari qiyinchilik tug`dirmaydigan ishlar endi ancha ko`p vaqt sarflash va diqqat-e`tiborni ko`proq jalb qilishga olib keladi. Fikrlash, nutq qobiliyati va harakatlar sekinlashib boradi.

Bosh miya qon tomirlari aterosklerozi belgilari vaqt-vaqti bilan susayib yoki kuchayib turadi. Kasallikning keyingi bosqichlarida markaziy asab tizimida organik o`zgarishlar kuzatiladi. Bemorlar borgan sari ko`ngli bo`sh bo`lib boraveradi, qarindoshlar bilan uchrashganda yig`lab yuboradi. Asta-sekinlik bilan bemorlarda aqlpastlik belgilari paydo bo`ladi va xotira pasayib, fahm-farosatning kamayishi bilan kechadi.

Davosi. Avvalo asosiy kasallikni, ya`ni qon tomir kasalliklarini bartaraf etish va qon aylanishi buzilishini yaxshilash lozim. Dastlabki belgilar paydo bo`lishi bilan mehnat va dam olish rejimiga qattiq amal qilish, uyquni maromiga keltirish, yotishdan oldin toza havoda yurish, uyqudan 10–15 daqiqa oldin iliq vannalar qabul qilish tavsiya etiladi. Bemorlarning ovqatlanishi asosan, o`simlik va sut mahsulotlaridan iborat bo`lishi kerak. Bemorlarning chekish va ichishiga barham berish kerak. Bosh aylanishi, eshitish faoliyatini yaxshilash uchun betaserk 2 tabletkadan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin, glitsin 1 tabletkadan 3 mahal til ostiga va liprimar buyuriladi. Psixotrop dorilardan juda oz miqdorda mayin ta`sir qiluvchi turlaridan melleril 50–75 mg, aminazin; gallutsinozlarda oz miqdorda galoperidol; qo`rquv to`la vasvasalarda tizersin; qo`rquv va bezovtalik, depressiyalarda antidepressantlar yoki neyroleptiklar; trankvilizatorlardan oz-ozdan seduksen, tazepam; xavfli qo`zg`alishlarda seduksenni tomir ichiga yuborish lozim; ba`zi hollarda aminalon, pirasetam yoki serebrolizin, 3 % li kaliy yodid 1 osh qoshiqdan 3 mahal ichishga beriladi, askorbin kislotasi va miskleron tabletkalari buyuriladi. Agar qon bosimi ko`tarilsa, unga qarshi doridarmonlar ishlatiladi. Fizioterapiya muolajalaridan elektroforez kaliy yod yoki novokain bilan bo`yin sohasiga uqalash qo`llaniladi. Bulardan tashqari bemorlar chekish, ichkilik ichish, toliqish, emotsional zo`riqishdan xoli bo`lishlari lozim. Bemorlar ishga jalb etilishi kerak, ish qobiliyati faqat aqlpastlik yoki psixoz vaqtida yo`qoladi.