“A” gepatit ko‘pincha jigarni shikastlovchi virus orqali yuzaga keladi. Kasallik kichik bolalarda yengil, kattalar va homilador ayollarda esa og‘ir kechadi. Bemor ko‘pincha ikki hafta og‘ir bo‘lib, keyingi bir yoki uch oy davomida quvvatsiz bo‘ladi. Ko‘z oqidagi xastalik tufayli paydo bo‘lgan sariq rang yo‘qolganidan so‘ng ham uch hafta o‘tgunga qadar bemordan virus osongina yuqadi, – deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi 1-bo‘limi mudirasi, oliy toifali shifokor Nasiba Muhamedova.
– Ushbu kasallik havodan yuqmaydi, balki bolalar qo‘lini yuvmasdan ovqatlanganida, qaynatilmagan suv ichishlari sababli kasallikka chalinishadi. Shu bilan birgalikda bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida ham gepatit kasalligini yuqtirib olishlari mumkin. Uyda o‘tirgan bolalar kamroq shu kasallik bilan og‘rishadi.
“A” GEPATITNING QANDAY BELGILARI BOR?
– Bu xastalik dastlab yashirin kechadi. Kasallikning yashirin davri 35 kun bo‘lib, bu vaqtda kasallikning hech qanday belgilari sezilmaydi. Har bir organizmning o‘zining immunitetiga qarab kasallikning kechishi turlicha bo‘ladi. Ayrim bemorlarda 15 kun,ba’zilarda esa 35 kunda gepatit belgi beradi. Bu albatta organizmga tushgan virusning qancha miqdordaligi va immun tizimining holatiga bog‘liq bo‘ladi. Xastalikning ilk davrida bemorda sariqlik alomatlari bo‘lmaydi, lekin undan oldingi belgilar bo‘ladi. Bu nafas yo‘llarining yallig‘lanishi, ich ketish, gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) xastaliklarning alomatlaridir. Kasallikning ushbu davri 5 kundan 7 kungacha davom etishi mumkin. Undan keyin organizmda sariq kasalligi belgilari boshlanadi.
Ota-onalar ko‘pincha bizga ayni o‘sha sariq kasalligi alomatlari boshlangan paytda murojaat qilishadi. Shifokorga avvalroq ya’ni, sariq kasalligining alomatlari sezilishidan oldingi davrda murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sababi ushbu davrda virus asosan axlat va peshob orqali ajralib chiqadi va kasallik ancha yuqumli bo‘ladi. Bemorning terisi va ko‘z oqlari sarg‘aygandan keyin 2-3 kun o‘tgach esa kasallik yuqmaydi. Ayni shu davr kelib bemor shifokorga murojaat qilib davolanadi. Kasallikning yuqumli davrini esa bolalar yuqorida aytib o‘tganimdek maktabgacha ta’lim muassasalari va maktabda yoki uyda o‘tkazib yuborishadi. Shuning uchun ham gepatitning tarqalishi tezlashadi, ko‘payadi.
DAVOLASH…
– Shuni aohida aytib o‘tish kerakki, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham ko‘pgina keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, bizning klinikamiz ham zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Bu esa bemorlarga aniq tashxis qo‘yish, maxsus tibbiy asbob-uskunalar, laboratoriya tahlillari yordamida organizmga tushgan virusning turini aniqlash osonlashdi. Xuddi shu yangi texnologiyalar yordamida gepatitni davolash katta samara bermoqda. A gepatit kasalligi asorat qoldirmaydi va organizmdan tez chiqib ketadi. Kasallikning bu turi boshqalariga qaraganda surunkali davom etmaydi, 6 oydan so‘ng bemor sog‘lom kishilar qatoriga qo‘shiladi. E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihati shundaki, bemor tuzalgandan keyin ham belgilangan parhezlarga amal qilishi shart. Chunki, jigar to‘qimalari tiklanishi uchun 6 oy vaqt kerak bo‘ladi. Mana shu olti oy mobaynida bemorga yog‘li, achchiq va sho‘r ovqatlarni iste’mol qilish mumkin emas. Keyin jigarni zo‘riqtirish ham ta’qiqlanadi va albatta bemorga 3 kg dan ortiq yuk ko‘tarish man etiladi. Ota-onalar mana shu jihatlarga jiddiy e’tibor berib va nazoratga olishsa bola kasallikdan butkul forig‘ bo‘ladi.
Yana o‘qing: Barvaqt qo‘yilgan tashxis ko‘krak saratonining oldini olishda juda muhim