Bizning turmush farovonligimiz birinchi galda tinchligimizga bog‘liq bo‘lsa, tanamiz salomatligi uning yanada go‘zal bo‘lishini ta’minlashi aniq. “Tanamizdagi hech bir xodisa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi”—deydi, shifokorlar. Bu esa, kundalik ratsionimizdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan qanday foydalanishimizga bog‘liq. Masalan, yurak va u bilan kechuvchi kasalliklarni iste’molimizdagi mahsulotlar orqali bilib olish mumkin. Keling, quyida ularni ko‘rib chiqsak va xalqona tavsiyalarga diqqat qilsak:
Bosh og‘rig‘ini yo‘qotish uchun osoyishtalikdan, uzoq fikrlashga barham berishdan ko‘ra yaxshi davo yo‘q. Bosh og‘riganda aslo uqalamaslik kerak, og‘riq bosilsa-da, keyinchalik zarar qiladi. Bosh og‘rig‘ida oyoq kaftini uqalab, yaxshilab mushtlash foyda beradi.
Bosh og‘rig‘ining turlari ko‘p: mizoj o‘zgarishi, shamollash, o‘ta diqqat bo‘lish, qattiq charchash, zaharlanish, tabiiy ta’sirlar va boshqalardan bosh og‘rishi mumkin. Uni davolashda ana shu omillarni hisobga olish darkor.
Boshi og‘rigan kishi qizil atirgulning yaprog‘ini qaynatib yoki oftobda saqlab olingan moyidan surkab yursa, darddan forig‘ bo‘ladi.Agar issiqdan bosh og‘risa, salqinga o‘tib, gulxayri va oq atirgulni yanchib boshga surkash foyda beradi. Yong‘oqning toza yashil po‘stlog‘ini yanchib, xina bilan aralashtirib boshga surtilsa, og‘riqni qoldirishda yordam beradi.
Moychechak gulini suvda qaynatib, choy kabi ichib yurilsa ham, bosh og‘rig‘ida foydasi tegadi. Agar bosh lo‘qillab yoki zirqirab og‘risa, binafsha gulini yoki xantalni asal bilan aralashtirib, manglayga bog‘lab yotsangiz, dardingiz yengillashadi. Agar bosh aylansa, sunbul o‘tini qaynatib suvi ichilsa, u to‘xtaydi. Mabodo bosh og‘rig‘i kamqonlikdan bo‘lsa, olma, behi, uzum va bodomni qand-shakar bilan aralashtirib yeyish va novvotli choy ichish dardni yengillashtiradi.
Qashqar bedani suvda qaynatib, suvi iste’mol qilinsa, bosh og‘rig‘iga shifodir. Bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lish uchun bir siqimdan gulxayri va binafsha gulidan, uch siqim bug‘doy kepagini qaynatib, suviga oyoq solib o‘tirish kerak. Safrodan bo‘lgan bosh og‘rig‘ida arpa suvi va moshni qaynatib ichish foyda beradi.
Issiqda ko‘p yurish tufayli bosh og‘riy boshlasa, ismaloq shirasi va gulxayri suvini aralashtirib surkalsa, davo bo‘ladi. Ismaloq sharbatidan bir-ikki osh qoshiq ichib turish miyaning lopillab og‘rishidan xalos qiladi.