Peritonit haqida
Koʼpincha qorin sohasidagi kuchli ogʼriqdan bezovta boʼlish holatlari uchraydi. Аslida bunday xurujlar ayrim kasalliklar oqibatida yuzaga kelib, oʼz-oʼzidan peritonit (qorin pardasi yalligʼlanishi)ga olib keladi.
Kasalliklarning oʼtkir turi keltirib chiqaradigan peritonit kasalligiga aslo beparvo qarab boʼlmaydi. Bunday vaqtda bemor albatta jarrohga murojaat etishi lozim.
Peritonitga olib keluvchi omillar
Churralar asorat berganda. Qorin atrofidagi biror aʼzoda churralar qisilib qolganda shu aʼzo faoliyati buzilib, unda qon aylanishi toʼxtaydi.
Qisilish bartaraf etilmasa koʼplab ogʼir vaziyatlar roʼy beradi. Yaʼni, ichak yorilishi yoki qorin pardasi qattiq yalligʼlanib peritonit paydo boʼlishi mumkin.
Meʼda va oʼn ikki barmoq ichak yarasi kasalligida . Yara borning joyning teshilishi natijasida goho kuchli ogʼriqlar roʼy beradi. Bunday vaqtda qorin boʼshligʼiga yiring hosil qiluvchi mikroblar tushishi tufayli ichki aʼzolar jiddiy zararlanadi.
Baʼzan ichak devori va charvi atrofida chandiq hosil boʼlib, qorin pardasi yalligʼlanishi ham kuzatiladi.
Oʼtkir xoletsistit . Oʼt qopi yalligʼlanishining oʼtkir turida qorinning yuqori qismida ogʼriq kuchayadi. Bunday vaqtda xoletsistitning bir necha turi farqlanadi.
Yiringli xoletsistitda oʼt pufagi boʼshligʼida yiring toʼplanadi va aptsesslar paydo boʼladi.
Flegmonoz xoletsistitda oʼt pufagi shilliq qavatining nekrozi va yemirilishi yuz beradi, baʼzan devori teshiladi.
Gangrenoz xoletsistitda nekrotik jarayon oʼt pufagi devorining barcha qavatlariga yoyiladi.
Yuqoridagi har uchala holatda ham infektsiya ichki aʼzolarga tarqaladi va koʼpincha peritonitga sabab boʼladi.
Koʼrichak (appenditsit). Mikroblar ichak shilliq qavati, ovqat moddalari, axlat toshi yoki yot jismlar orqali qorin boʼshligʼidagi chuvalchangsimon oʼsimtaga tushib koʼpayadi va uni yalligʼlantiradi.
Koʼrichak oʼtkir kechganda oʼsimta ichida kataral, yiringli, gangrenoz, perforativ yoki infilьtrativ yalligʼlanishlar roʼy beradi. Shundan soʼng oʼsimta teshilib gangrenaga oʼtadi.
Boshqa aʼzolar ham yalligʼlanadi
Qorin boʼshligʼiga meʼdadagi xlorid kislotasi, safro yoki qon va siydik tushishi oqibatida ham peritonit paydo boʼladi. Baʼzan esa meʼda ichaklar teshilgandan keyin unda yashaydigan bakteriyalarning qorin boʼshligʼiga tushishi natijasida peritonit kelib chiqadi.
Hayot uchun xavf tugʼdiradigan peritonitda faqat qorin boʼshligʼi emas, balki atrofdagi aʼzolar ham yalligʼlanadi, ularda nekrotik jarayon boshlanadi, dard tobora ogʼirlashib boraveradi.
Baʼzan mikroblar qon oqimi bilan (masalan oʼpkadan) qorin boʼshligʼiga tushganda ham peritonit rivojlanib, ogʼriq nihoyatda zoʼrayadi.
Qorin boʼshligʼiga infektsiya tushganda serozli ekssudat yiringli ekssudatga aylanib ketishi mumkin. Bunday holatlarda yiringli peritonit yuzaga keladi, yaʼni qorin pardasi yiringlab yalligʼlanadi.
Ekssudat (suyuqlik) ning tabiatiga qarab serozli, yiringli va gemorragik peritonitlar farqlanadi. Bularning uchalasida ham dastlab qorin sohasiga ogʼriq yoyiladi. Аvvalo qorin pardasining yalligʼlangan joyi ogʼriydi, keyin boshqa sohalarga tarqaladi.
Ogʼir yoki yengil kechishi mumkin
Bolalarda kechadigan peritonit koʼpincha ichki aʼzolarning yalligʼlanish kasalliklari oʼz vaqtida batamom davolanmagandan keyin rivojlanadi.
Peritonit yoshlarda kuchli ogʼriqlar bilan kechsa, keksa yoshlilarda esa aksincha, bunday ogʼriqlar kuzatilmaydi. Yoshi oʼtgan bemorlarni qayt qilish, koʼngil aynishi va qattiq ogʼriqlar bezovta qilmagani uchun ular shifokorga kech murojaat etishadi va natijada kasallik avj olib ketadi.
Meʼda ichak yoki oʼt qopi teshilishidan soʼng kelib chiqadigan peritonitlarda aslida qorin mushaklari oʼta taranglashadi, keksaygan bemorlarda esa qorin mushaklari uncha taranglashmasligi ham mumkin.
Bemorlar jarrohga kech murojaat qilishsa operatsiyadan soʼng ahvol jiddiylashadi. Yaʼni, jigar hujayralarining portal venasi orqali qorin boʼshligʼidan jigarga oʼtib turgan bakteriyalar va toksinlar taʼsirida jigar ishi buziladi.
Keyinchalik buyraklar, nafas tizimi va qon tomirlar ishi faoliyati izdan chiqadi. Bu hol ayniqsa keksayib qolgan bemorni ancha ogʼir ahvolga solib qoʼyishi mumkin.
Jarroh koʼmagi zarur
Peritonitlar tarqalgan va mahalliy turlarda kechadi. Tarqalgan peritonitda bemor qorin sohasidagi ogʼriq, xolsizlik, tashnalik va koʼngil aynishidan shikoyat qiladi. Uning tana harorati koʼtarilib arterial bosimi ham pasayishi mumkin. Bunday vaqtda bemor kasalxonaga yotqiziladi va peritonit keltirib chiqargan sababni bartaraf etishi uchun operatsiya qilinadi.
Mahalliy peritonitga bir nechta holatlar (masalan qorin boʼshligʼi jarohatlari, meʼda va oʼn ikki barmoq ichak yarasi, oʼtkir appenditsit, xoletsistitning oʼtkir turi va boshqa kasalliklar ) sabab boʼladi. Bunda qorin mushaklari taranglashib ogʼriq turadi, keyinchalik shu sohada abtsess paydo boʼladi. Jarroh koʼmagida qorin boʼshligʼi ochilib, yiringli oʼchoq bartaraf etiladi.
Umuman, qorin boʼshligʼidagi aʼzolar kasallanganda bemor doimo jarroh maslahatlariga amal qilishi lozim. Chunki peritonitni koʼp hollarda operatsiyasiz davolash qiyin.
Bemor kasalxonadan chiqqandan soʼng shifokor nazoratida boʼlishi va parhez tutishi kerak. Isteʼmol qiladigan taomlari yengil va vitaminga boy boʼlgani maʼqul. Qorin pardasi yalligʼlanishi tufayli jarrohlik muolajasini olgan bemorlar maʼlum vaqtga qadar badantarbiya mashqlarini bajarmay turishlari tavsiya qilinadi.
Yodda tutish lozimki, qorin boʼshligʼida kuchli ogʼriqlar turganda shifokor ruxsatisiz ogʼriq qoldiruvchi dorilarni ichmaslik kerak, chunki bu ahvolni battar ogʼirlashtirishi mumkin.
Joʼraxon SАIDXOʼJАEVА,
jarroh, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.