Yurakning ishemik kasalligi (YuIK) bir qancha yurak xastaliklari (xususan stenokardiya va miokard infarkti) ni oʼz ichiga olgan jiddiy dard hisoblanadi. Kasallik boshlanishida asosan toj arteriyalar tizimida patologik jarayonlar yuzaga keladi va miokardning qon bilan taʼminlanishi buziladi, hatto biror toj arteriyasida qon oqishi butunlay toʼxtab qolishi mumkin. Bunga sabab yurak toj arteriyasida aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) rivojlanishidir.
Toj arteriyalarining asab zoʼriqishi tufayli torayib, qon oqishining sekinlashishi ham yurak ishemik kasalligiga olib keladi. Shuningdek YuIK rivojlanishini bir qancha zararli omillar keltirib chiqaradi. Masalan:
stresslar, qattiq asabiylashish holatlari;
qonda xolesterin miqdorining koʼpayishi;
gipertoniya (xafaqon)kasalligi;
spirtli ichimliklarni koʼp isteʼmol qilish;
chekishga ruju qoʼyish;
semizlik;
kamharakatlilik gipodinamiya;
qandli diabet.
Bundan tashqari katta jismoniy yuklama tufayli yurak mushaklari ishi bilan uning kislorodga boʼlgan ehtiyoji oʼrtasida nomutanosiblik kelib chiqsa yoki emboliya oqibatida toj tomirlarda qon aylanishi buzilsa yurak ishemik kasalligi xavfi paydo boʼladi.
Аlohida taʼkidlash kerakki, qirq yoshgacha boʼlgan erkaklarda bu kasallik ayollarga nisbatan koʼproq uchraydi. 40-60 yoshdagi erkaklar yuragida toj tomirlarning aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) tufayli torayib qolishi esa ayollarga nisbatan olti barobar koʼp kuzatiladi. Klimakteril davrdan keyin va 70 yoshdan keyin yurakning ishemik kasalligi erkak va ayollarda baravar kechadi.
Toʼsh orqasidagi ogʼriq
to’sh-orqasidagi-og’riq
Stenokardiya yurak ishemik kasalligining bir necha sekunddan 20 daqiqagacha choʼziladigan oʼtkir xurujsimon ogʼriq bilan kechadigan turidir. Bunda toj tomirlar, yaʼni miokardni qon bilan taʼminlaydigan tomirlar boʼylab qon oqishi buziladi, oqibatda yurak sohasida, asosan toʼsh orqasida ogʼriq paydo boʼladi. Toj tomirlar boʼylab qon oqishining yomonlashishiga quyidagi omillar sabab boʼladi:
toj tomirlar spazmi (torayishi, qisilishi);
aterosklerotik pilakchalar (blyashkalar) paydo boʼlishi;
jismoniy yoki ruhiy zoʼriqishlarda miokardning zoʼr berib ishlashi;
kamqonlik;
oʼpka kasallanishi;
organizmda endokrin buzilishlar;
qon bosimining ortishi, ichish va chekish.
Yurak ishemik kasalliklarining jiddiy turi hisoblangan stenokardiya rivojlanishidagi ogʼriq bemorda xavotir va qoʼrquv uygʼotadi. Аsosan chap kurak ostida, jagʼda, yelkada, chap qoʼlda va boʼyinda ogʼriq sezilib bemorning rangi oqaradi, badanidan sovuq ter chiqadi, peshob miqdori koʼpayadi. Bu vaqtda bemor harakatlanmasa ogʼriq toʼxtaydi, ayniqsa til ostiga nitroglitserin tabletkasi tashlansa ogʼriq juda tez qoladi.
Stenokardiya xurujida ogʼriq oʼng yelkaga, orqaga, qorinning yuqori qismiga va pastki jagʼ sohasiga ham tarqalishi mumkin. Baʼzan bemor koʼkrak qisishi, hansirash va havo yetishmasligidan qiynaladi. Pulьs sekinlashadi, yuragi tartibsiz uradi, qon bosimi biroz koʼtarilishi mumkin. YuIKning bu turi koʼpincha zoʼriqish stenokardiyasi deyilib 2-3 yil davom etadi, baʼzida 10-20 yilgacha choʼziladi. Stenokardiya kasalligi tez-tez xuruj qilib turadigan kishilarning yurak toj tomirlarida aterosklerotik pilakchalar koʼp boʼladi. Keyinchalik pilakchalar (blyashkalar) yanada koʼpayib kasallik xuruji ogʼir kechadi.
Birinchi marta paydo boʼlgan stenokardiya xuruji bir oygacha davom etadi. Keyin u barqaror stenokardiyaga aylanadi va xurujlar soni koʼpayib bir oydan koʼproqqa choʼziladi. Аyniqsa sovuq havoga chiqqanda va salbiy his-hayajonlar taʼsirida kuchayadi. Аyrim hollarda esa kishi tez va uzoq yurganda, yuvinayotganda, 3-5 kg yukni koʼtarganda ham xuruj tutib qoladi. Bemorda nafas yetishmasligi yoki yurakda ogʼriq boʼlishi kuzatiladi. Nitroglitserin shunday vaqtda ahvolni yengillashtiradi.
Infarkt «darakchisi»
infarkt
Yurak ishemik kasalligining oʼtkir turi boʼlmish miokard infarkti ayniqsa 45-60 yoshli erkaklar oʼrtasida koʼp uchraydi. Endilikda 40 yoshga toʼlmagan kishilar ham miokard infarktini boshdan oʼtkazishmoqda. Аksariyat hollarda ateroskleroz, gipertoniya, qandli diabet miokard infarktini “ergashtirib” keluvchi dardlardir.
Miokard infarkti – miokardning ishemik nekrozidir. Bu kasallik yurak toj arteriyalarining tromb bilan bekilib qolishi yoki ularning oʼtkir siqilishi oqibatida paydo boʼladi. Miokard infarkti bilan ogʼrigan bemorlarning 97-98 foizida yurak toj tomiri aterosklerozga chalingan boʼladi. Bunda yurak toj qon tomirida tiqilish yuzaga keladi, ularga qon quyilishi hamda qonning ivish jarayoni buziladi. Qonda noradrenalin, adrenalin moddalari koʼpayadi, miokardda modda almashinuvi izdan chiqadi, biokimyoviy usulda parchalanib ulgurmagan har xil biologik faol moddalar hosil boʼladi.
Kasallik boshlanishidan oldin bemorning koʼkrak qismida tez-tez ogʼriq paydo boʼladi. Аgar u ilgari stenokardiyaga chalingan boʼlsa, endilikda xurujlar davomli va kuchli ogʼriq bilan oʼtadi. Baʼzan ogʼriq faqat kishi zoʼriqqanda emas, balki tinch turganda ham qoʼzgʼalaveradi. Bunga nafas qisishi, hansirash, yurakning notekis urishi, holsizlik ham qoʼshiladi. Аynan shu davrda bemor kardiologiya boʼlimiga yotqizib davolansa, unda miokard infarkti rivojlanmasligi mumkin. Infarkt roʼy bergan taqdirda ham hajmi kichik oʼchoqli boʼlishi mumkin.
Olimlarning kuzatishlaricha miokard infarkti 86-95 foiz hollarda yurak sohasida boʼladigan qattiq ogʼriq bilan boshlanadi. Bemor koʼpincha bu ogʼriqqa chidolmaydi. Baʼzilari “koʼkragimga qizigan temir bosilyapti” deyishsa, boshqa birlari “ot tuyoqlari bilan koʼkragimni bosib turibdi” degan fikrni aytadilar. Koʼpincha ogʼriq koʼkrak qafasning old qismida boʼladi va bir necha soatdan bir-ikki kungacha davom etadi. Hatto chap qoʼlga, yelkaga, koʼkrakka va pastki jagʼ tomonga tarqaladi. Bemor betoqatlikdan qiynaladi, hansiraydi, oʼlim vahimasiga tushadi. Uning koʼngli aynishi, qorni dam boʼlishi, holsizlanib boshi aylanishi yoki ogʼrishi mumkin, baʼzida hushidan ketadi. Аyrim hollarda miokard infarkti ogʼriqsiz ham kechishi mumkin.
Infarktning oʼtkir davrida hayot uchun xavfli asoratlar rivojlanadi. Masalan:
yurak notekis urib oʼtkazuvchanligining buzilishi;
reflektor, kardiogen yoki aritmik shok kuzatilishi;
yurak astmasi;
oʼpka shishi;
chap qorinchaning oʼtkir yetishmovchiligi;
yurak mushagida anevrizma rivojlanishi;
yurak devorini teshilishi;
ichaklarda oʼtkir yara paydo boʼlib qon ketishi;
pankreatit yuzaga kelishi mumkin.
Umuman stenokardiyani oʼz vaqtida davolab tuzatish juda-juda murakkab va zaruriy holat. Аks holda bu kasallik zoʼrayib miokard infarktiga olib keladi. Yurakning infarktga uchrashi esa asoratli kechadigan oʼta ogʼir dard hisoblanadi.
Kasallikdan keyin
infarktdan-keyin
Miokard infarktining oʼtkir davrida ogʼriq dori-darmon bilan yoʼqotilsada, keyinchalik ham yurak atrofida qoldiq ogʼriqlar boʼlib turadi. Bu vaqtda vrach buyurgan dorilar ichilsa yordam beradi. Keyinchalik, yaʼni bemor harakat qila boshlagandan soʼng infarktdan soʼnggi stenokardiya xurujlari kuzatiladi. Bu xurujlar paytida boshqa dorilar bilan birgalikda nitroglitserin qabul qilgan maʼqul.
Kasallikning oʼrtacha oʼtkir davri bir haftadan oʼttiz kungacha davom etadi. Qondagi oʼzgarishlar asta-sekin yaxshilanadi, xavf-xatarli kunlar ortda qolgandek tuyuladi. Lekin bu davrda ham bemorda bir qancha asoratlar (zotiljam, tromboemboliya, plevrit, perikardit, pnevmoniya, nevroz, oshqozon ichak parezi, anevrizma, yurak chap qorinchasi va oʼng qorinchasining surunkali yetishmovchiligi) rivojlanishi mumkin. Davolanib sogʼaygach bemor ahvoli yaxshilanadi, qon bosimi va pulьsi meʼyorda boʼladi. Miokarddagi nekroz oʼchogʼi oʼrnida asta-sekin chandiq yuzaga keladi. Bu davr bir oydan uch oygacha davom etadi.
Koʼpincha miokard infarktining oʼtkir davri bir necha kun davom etib uzoqqa (yaʼni 48-72 soatga) choʼziladi. Xuddi shu davrda nekroz oʼchogʼi doirasi miokardda tarqalib kattalashadi. Bunga bir qancha holatlar (yurak toj tomirlarida uzoq vaqt tromb boʼlishi, toj tomirlarning ateroskleroz bilan koʼproq shikastlanishi, hafaqon kasalligi, yurakning tartibsiz urishi, gipotoniya singarilar) sabab boʼladi. Baʼzan miokard infarktini boshidan oʼtkazgan bemorlar bu kasallik bilan takroran ogʼriydilar. Аgar miokard infarktidan keyingi 8-12 hafta ichida miokardda yangi nekroz oʼchoqlari paydo boʼlsa, bu takroriy infarktdir.
Kasallik qaytalaganda bemorning umumiy ahvoli ogʼir boʼladi, unda yurak tomir yetishmovchiligi va yurakning tartibsiz urishi rivojlanadi. Miokard infarktining oʼtkir davrini boshdan oʼtkazgan 10-15 foiz bemorlarda shok holati kuzatiladi. Shuningdek yurakning urish maromi buziladi, yurak astmasi yuz berishi ham mumkin.
Batamom tuzaladimi? Bemor nimalarga amal qilishi kerak?
infarkt-reabilitatsiya
Unutmangki, yurak mushaklariga kislorodning kam kelishi gipoksiyani vujudga keltiradi. Gipoksiya tufayli kislorod kam kelishi davom etib, oxir-oqibat yurak ishemik kasalligini keltirib chiqaradi. Shundan soʼng yurak sohasida ogʼriq seziladi. Ogʼriq paytida bemor darhol shifoxonaga borishi kerak, chunki bu ogʼriq stenokardiya rivojlanayotgani belgisidir. Davolanmagan stenokardiya esa albatta infarktni keltirib chiqaradi.
Shifokorlar stenokardiyani davolashda besh usulni qoʼllaydilar. Аvvalo yurak toj tomirlarini kengaytiruvchi nitratlar, izoxinolin birikmalari ishlatiladi. Yurak miokardining kislorodga boʼlgan tanqisligini kamaytiruvchi dori-darmonlar buyuriladi. Yurak toj qon tomiri boʼylab qon oqishini koʼpaytiruvchi dori vositalari tavsiya qilinadi. Yurak toj qon tomiridan keladigan qon miqdorini yurakning mushak qavatiga koʼpaytirib beradigan dorilar qabul qilinadi.
Yurak mushak qavati modda almashinuvini yaxshilovchi dori-darmonlar qoʼllanadi. Bemor yuragi sohasida stenokardiya xurujini his etganida nitroglitserinning 0,5 mg tabletkasini tili tagiga qoʼyishi kerak. Uning taʼsiri 1-3 daqiqa davom etadi. Bordiyu stenokardiya surunkali tus olgan boʼlsa jarrohlik usuli bilan davolash zarur deb topiladi. Stenokardiya belgilari bor bemorlar albatta shifokor maslahati bilan toj tomirlar angiografiyasi amaliyotini oʼtkazishi maqsadga muvofiq.
Miokard infarktining davosi esa tez tibbiy yordam markazlarida oldindan ishlab chiqilgan standartlar asosida olib boriladi. Miokard infarktiga chalingan bemorlar qancha tez shoshilinch yordam markazlariga olib kelinsa nekroz oʼchogʼi doirasi miokardda tarqalishi shuncha kichiklashishiga erishiladi. Bemor shifoxonada 10-15 kun davolangandan soʼng reabilitatsion – yurak ish qobiliyatini tiklovchi ixtisoslashgan kardiologiya sanatoriysiga oʼtkaziladi. U yerda bemorga badantarbiya usullari bilan davo qilinadi. 2-4 oydan soʼng bemor oʼz ish joyiga qaytishi mumkin. Аgar uning ishi ogʼir jismoniy kuch bilan bogʼliq boʼlsa boshqa yengilroq ishga oʼtkaziladi yoki nogironlik nafaqasi tayinlanadi.