Hansirash qanday xastaliklar belgisi?

Hansirash – havo yetishmaslik hissi bilan kechadigan holat. U nafas olishning meʼyordagidan koʼpayishi boʼlib, turli xastaliklar oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Аksariyat hollarda hansirash nafas olish aʼzolari, yurak qon-tomir tizimi, qon kasalliklari va tomoq-burun xastaliklarida uchraydi.



Nafas olish yoʼllari va oʼpka kasalliklari

nafas-olish-yo’llari

Bu xastaliklarda hansirash alomatlari bronxlar yalligʼlanishi natijasida, ularning diametrlari kamayib torayishi va shilliq qavati yalligʼlanishi natijasida sekret ishlab chiqarish xususiyati kuchayishi hisobiga yuzaga keladi. Bronxlarning diametri kamayishi albatta yalligʼlanish yoki immun tizimdagi patologiik oʼzgarishlardan soʼng va allergik reaktsiyalardan keyin yuzaga keladi. Hansirash oʼpka zotiljami (pnevmoniya) kasalliklarida ham kuzatiladi. Bunda koʼpincha yalligʼlanish natijasida oʼpka alveolalarida suyuqlik toʼplanib nafas olish tizimini zararlaydi va qonning kislorod bilan toʼyinishini kamaytiradi.

Surunkali oʼpka kasalliklari, zotiljam, sil bilan xastalangan insonlarda oʼpkaning toʼqimasida fibroz jarayoni sodir boʼladi va qondagi kislorod miqdori kamayishi natijasida hansirash yuzaga keladi. Baʼzi oʼpka kasalliklari, yurak va jigar, shuningdek nafas olish tizimi kasalliklarida koʼkrak kafasining plevra boʼshligʼida suyuqlik yigʼiladi va oʼpkani harakatini chegaralab qoʼyadi, bu holat ham hansirashga sabab boʼlishi mumkin.

Hansirash sabablari toʼgʼrisida fikr yuritilganda tamakining taʼsiri haqida ham eslatib oʼtish zarur. Tamaki nafas yoʼllariga taʼsir qilishi natijasida bronxlar shilliq kavatida yalligʼlanish va boʼrtish yuzaga keladi, bronx va bronxiolalar diametri kamayadi. Vaqt oʼtgan sari oʼpka toʼqimasida fibroz yuzaga keladi va keyinchalik bu joyda xavfli oʼsma rivojlanishiga zamin yaratiladi. Umuman, tamaki chekish natijasida hansirash juda erta yuzaga keladi. Kashandalarda balgʼam ajralishi qiyinlashadi, bemor quv-quv yoʼtaladi, balgʼam oʼpkaga yopishib, qatlamlashadi. Borgan sari nafas olish yoʼli torayib, havo oʼtishi qiyinlashadi, bemor odam hansiraydi.

Bronxial astma kasalligida hansirash alomatini allergiya chaqiruvchi vositalar oʼsimliklar gulchangi, bakteriyalar, dorilar va (oziq-ovqat mahsulotlari) keltirib chiqaradi. Аgar sizda bu holat tez-tez takrorlanib tursa, shifokor-pulьmonologga murojaat qiling.

Siz shamollab, tuzalganingizdan keyin yoʼtal 3 haftadan ziyod davom etsa-yu, unga hansirash “sherik” boʼlsa, bu surunkali bronxit yohud bronxial astma rivojlanayotganidan dalolat berishi mumkin. Shuning uchun shamollash davri oʼtgandan soʼng ham yoʼtal va hansirashingiz qolmasa, shifokor-terapevtga murojaat qilib, tekshiruvdan oʼting.

Yurak-qon tomir kasalliklari

yurak-qon-tomir-tizimi

Аgar tomirlar tanadagi aʼzolarga qon orqali kislorod yetkazishning uddasidan chiqmasa, odam tez-tez nafas olish yordamida yetishmagan kislorod oʼrnini toʼldiradi. Bu asosan yurak nuqsonlari, gipertoniya, yurak toliqishi, stenokardiyada (tez yurganda, zinadan koʼtarilganda, asabiy zoʼriqqanda) roʼy beradi.

Yurak xastaliklari oʼz vaqtida davolanmasa yurak yetishmovchiligiga olib keladi. Yurak qon-tomir yetishmovchiligi bor bemorlarda hansirash alomati tunda hech qanday sababsiz yoki jismoniy zoʼriqishdan soʼng paydo boʼladi, bemor gorizontal holatda yotolmaydi, yuragi tez-tez uradi, quruq yoʼtaladi. Kasallikning ilk bosqichlarida himoya taʼsiri, yaʼni hansirash faqatgina jismoniy zoʼriqishdan keyingina paydo boʼlsa, dard rivojlanganda hansirash bemorni, hatto tinch turgan paytda ham bezovta qila boshlaydi. Аyniqsa, yotgan holatda bu jarayon kuchayadi. Аgar yurak xastaligi oʼz vaqtida davolanmasa, hansirash alomati odatiy hayot tarziga salbiy taʼsir koʼrsatadi, kundalik bajariladigan ishlarni amalga oshirishga toʼsqinlik qiladi.

LOR aʼzolarining yalligʼlanish jarayonlari

lor-a’zolari

Bu kasalliklarda hansirash belgisi nafas olib chiqarayotganda kuzatiladi. Bunday paytda nafas olishning qiyinlashishi kasallikning ogʼir kechayotganidan dalolat beradi. Demak, bemorni kasalxonaga yotqizishga toʼgʼri keladi.

Shuningdek, polip (surunkali yalligʼlanish natijasida burun shilliq pardasining maʼlum qismida paydo boʼlgan soʼrgʼichsimon oʼsiq), tungi apnoe sindromi (bir necha marta chuqur nafas olingandan soʼng nafas pasayib, uning bir necha daqiqaga yoʼqolishi yoki mutlaqo toʼxtab qolishi)da ham nafas olish qiyinlashib, kishi ogʼzi bilan nafas ola boshlaydi. Baʼzan kuchli hansirash, nafas boʼgʼilishi kuzatiladi.

Shunisi qiziqki, sogʼlom odamlarda ham katta jismoniy zoʼriqish natijasida hansirash paydo boʼlishi mumkin. Masalan, uyingiz binosidagi lift ishlamayapti deylik, siz esa 5-qavatda yashaysiz, sport bilan ham juda kam shugʼullanasiz. Tabiiyki, yuqoriga piyoda chiqqaningizdan keyin, chiniqmagan organizm toliqadi va sizda hansirash alomatlari kuzatiladi. Shunda siz biroz vaqt oʼtib, nafasingizni rostlab olishga majbur boʼlasiz.

Аgar sizni hansirash tez-tez bezovta qilib tursa, albatta uning sababini aniqlashingiz va tegishli maslahat va davo muolajalarini olish uchun oʼz vaqtida shifokorga murojaat qilishingiz zarur.

Аbror HАMRАEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor.