Oliy toifali urolog: Soʼrang, javob beramiz

Savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Mashkura Zohidova va oliy toifali urolog shifokor Аbduqodir Fozilovlar javob beradilar.


Homiladorman, peshobimda oqsil borligi aniqlandi. Bu xavflimi?

Nasiba, Аndijon viloyati.

Tahlil natijalari oqsil borligini koʼrsatgan ekan, uni bartaraf etishga harakat qiling. Аvvalo buyraklarni ulьtratovush tekshiruvidan oʼtkazish lozim. Tekshiruv natijasida boshqa xavfli omillar (masalan uretrit, epiteliy hamda oksalat, leykotsit, fosfat miqdorining oshishi singarilar) aniqlanmasa, faqat oqsil miqdori sinchiklab oʼrganiladi. Bunday holat homiladorlik toksikozlarida ham uchrashi mumkin. Umuman peshobda oqsilning hosil boʼlishi buyrak faoliyati izdan chiqqanini bildiradi.

Taʼkidlash joizki, peshobda oqsil miqdorining oshishi qorindagi bolaning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʼrsatadi, hatto yoʼldoshning koʼchishiga ham sabab boʼlishi mumkin. Keyinchalik homilaning muddatidan oldin tugʼilishi (yohud nobud boʼlishi) ehtimoli ham ortadi. Shuning uchun ham shifokor maslahatlariga koʼra muolajalarni ertaroq boshlash va qunt bilan oxiriga yetkazish zarur.


Gipofizar pakanalikni davolash mumkinmi?

Ziyoda Аtabaeva, Bektemir.

Gipofiz bezining oldingi boʼlagida ishlab chiqariladigan oʼsish gormoni yetishmasligi tufayli gipofizar pakanalik yuzaga keladi. Bunda bolaning tanasi va qoʼl-oyoqlari mutanosib ravishda kichrayib, mushaklari zaif rivojlanadi.

Gipofizar pakanalikda ichki endokrin bezlar (qalqonsimon, jinsiy, buyrak usti bezlari)ning faoliyati ham ancha sust kechadi. Bemor bolalarning boʼyi oʼz tengqurlarinikiga nisbatan ancha past boʼladi.

Maslahat shuki, pakanalikning oldini olish uchun bolalar ayni oʼsish yoshida ogʼir yuk koʼtarmasliklari va yoshiga mos kelmagan jismoniy yumushlarni bajarmasliklari lozim.

Oʼsish yoshidagi bolalar vitaminga boy ovqatlar, tarkibida oqsil va kalьtsiy koʼp boʼlgan mahsulotlarni isteʼmol qilishlari kerak. Bundan tashqari, turnikka osilish, gimnastik mashqlarni doimiy bajarish ham boʼy oʼsishiga yordam beradi.

Muolajalar mutaxassis tavsiyasiga koʼra oʼtkazilsa yanada yaxshi.

Jigar yetishmovchiligi jiddiy kasallik hisoblanadimi?

Shahnoza Rahimova, Toshkent shahri.

Jigar yetishmovchiligiga duchor boʼlgan bemorlar yogʼli ovqatlarni xush koʼrmasligi, koʼngil aynishi, meteorizm, ogʼirlik sezish, najas oʼzgarishi, oʼt ajralishi va ovqat hazm qilish aʼzolaridagi buzilishlardan shikoyat qiladilar. Shuningdek, jigar yetishmovchiligida bemor terisi sargʼayadi, qonda erkin va bogʼlangan bilirubinlar miqdori koʼpayadi. Jigarda alьbumin (oqsil) sintezi buzilishi natijasida bemor tanasida shish yuzaga keladi.

Kasallikning oxirgi bosqichida organizmda moddalar almashinuvi izdan chiqib, bemor ozib ketadi. Entsefalopatiya (bosh miya faoliyati buzilishi) belgilari paydo boʼladi, bemor loqayd boʼlib qoladi, uyqusi buziladi yoki hadeb uxlayveradi, parishonxotirlikka chalinadi. Eng xavflisi, jigar yetishmovchiligi natijasida jigar komasi rivojlanadi. Bunda bemorning koʼz shilliq pardasi, terisida sargʼayish va qichishish belgilari har xil toshmalar toshishi va qon tomirlarining yorilishi natijasida terida “yulduzchalar” kuzatiladi.

Shuningdek bemorning tili oq jigarrang karash bilan qoplanadi, mushaklari titraydi, ogʼzidan qoʼlansa hid keladi. Аfsuski, bemor oʼz vaqtida shifokorga murojaat qilmasa jigar yetishmovchiligini davolash juda qiyin kechadi. Shunday ekan, bu kasallikning oldini olish shart.

Oʼt pufagini oldirgan kishi operatsiyadan keyin nimalarga amal qilishi kerak?

Rahima Shoislomova, Toshkent shahri.

Unutmaslik kerakki, oʼt pufagi ajratadigan safro ovqatni hazm qilishda nihoyatda muhim hisoblanadi. U olib tashlanganda esa ovqat hazmi faqat jigar ajratayotgan oʼt (safro) hisobiga amalga oshiriladi. Shunday ekan, jigarni aslo zoʼriqtirmaslik tavsiya etiladi. Buning uchun har kuni 5-6 mahal oz-ozdan ovqatlanish kerak.

Qovurilgan va xamirli taomlardan voz keching, ovqatni bugʼda dimlab yoki qaynatib pishirsangiz hazmi yengil boʼladi.

Meva-sabzavotlar sharbatlari, mineral suvlar kundalik dasturxonda boʼlishi lozim.

Rangli temiratki nima?

Bektemir Sharopov, Ohangaron shahri.

Zamburugʼli teri kasalliklari turkumiga kiradigan kepaksimon rangli temiratki organizm himoya kuchlari zaiflashuvi yoki uzoq vaqt gormonal vositalar bilan davolanish tufayli kelib chiqadi. Kasallik rivojlanishida terida kichik-kichik dogʼlar hosil boʼladi, qashiganda poʼst tashlaydi. Dumaloq, yalligʼlanmagan bu mayda dogʼlar toshma koʼrinishida avvaliga pushti, keyinchalik sariq yoki jigarrang tus oladi.

Toshmalar baʼzida bir-biriga qoʼshilib keng zararlanish oʼchoqlarini hosil qiladi. Bunda asosan koʼkrak, bel, qoʼltiq tagi, yelka va tananing yonbosh tomoni hamda koʼpincha qorin sohasi zararlanadi. Zamburugʼlar melanin (teri rangiga javobgar pigment) moddasining ishlab chiqarilishini susaytiradi. Shu sababli zamburugʼ toʼplangan teri rangi oʼzgaradi.

Rangli temiratkini davolash uchun zamburugʼga qarshi vositalar (surtma, krem, mazь yoki tabletkalar)dan foydalaniladi. Ich kiyimlarini, choyshab va yostiq jildlarini qaynatib yuvib, soʼng dazmollab ishlatish zarur.

Tibbiy tekshiruvda buyragim pastga tushgani aniqlandi. Bunday vaqtda qanday chora-tadbir koʼriladi?

Joʼra Sobirov, Toshkent viloyati.

Buyrakning oʼz oʼrnidan pastga siljishi, yaʼni nefroptozni davolash konservativ yoki operativ olib boriladi. Konservativ usul deganda asosan bandaj taqish, qorin devorini mustahkamlash yoʼli bilan buyrakni oʼz oʼrniga keltirish koʼzda tutiladi. Bandaj qorin pastdan tepaga qarab oʼralishi, qorin devorini bir tekisda siqib turishi kerak. Bandaj ertalab taqiladi va kechqurun esa yechib qoʼyiladi.

Davolash maqsadidagi jismoniy mashqlar, ertalabki badantarbiya va suzish juda foydali.

Operatsiya usuli (nefropeksiya)da tushgan buyrak oʼz oʼrniga qoʼyiladi va tushmaydigan qilib mahkamlanadi. Bu usul nefroptoz boshlanishida qoʼllansa, yaxshiroq natija beradi.