Bosh miya abstsesslari

Bosh miya toʼqimasi ichida oʼtkir yalligʼlanish oqibatida yiringning bir joyga (oʼchoqli) toʼplanib, uning atrofi qobiq bilan oʼralishi miya abstsesslaridir.


Kelib chiqishiga koʼra bosh miya abstsesslarining bir necha xili tafovut qilinadi:

rinogen (yiringli rinit va sinusitlar natijasida);

otogen (yiringli otit, labirintit, evstaxeit, mastoiditlar oqibatida);

ochiq teshib kiruvchi bosh miya travmalarining asorati tufayli va metastatik (boshqa aʼzo va organlarda kuzatiladigan yiringli-yalligʼlanish kasalliklarining asoratlari tufayli).

Shuningdek, yiringli oʼchoqning joylashishiga qarab chakka boʼlagi, miyacha, peshona boʼlagi, tepa va ensa sohalarining abstsesslari ham kuzatiladi.


Bosh miya abstsesslari hamisha ikkilamchi kasalliklar hisoblanib, uning asosiy qoʼzgʼatuvchilari stafilokokklar, streptokokklar, zamburugʼlar, ichak tayoqchalari, anaerob bakteriyalardir. Infektsiyalar ikki xil yoʼl bilan kontakt va gematogen (qon orqali) tarqaladi. Infektsiyaning kontakt yoʼli bilan tarqalishi bosh miya abstsessi shakllanishida eshituv aʼzolarining yiringli yalligʼlanishlari (otit, mastoidit) oqibatida infektsiya kalla qutisi ichiga kirishi natijasida kelib chiqadi va bu abstsesslar koʼproq chakka boʼlagida joylashishi bilan xarakterlanadi. Shu boisdan bunday abstsesslar otogen asbtsesslar deb ham ataladi.

Gematogen yoʼl bilan infektsiya tarqalib, miya abstsessi vujudga kelishida boshqa aʼzolardagi yiringli yalligʼlanishlar (pnevmoniya, infektsion endokardit, oshqozon-ichak tizimi, buyrak va taloqda joylashgani) sababli infektsiyaning qon-tomirlar orqali miyaga koʼchishi (metastatik abstsess) roʼy beradi. Аbstsesslarning bunday turida bakteremiya oʼchogʼini (koʼp holatlarda) topishning ilojisi boʼlmasligi mumkin.

Bosh miya abstsesslarining klinik manzarasini umumiy xurujlar tashkil etadi. Yaʼni:

bosh miya simptomlarining kuchayib borishi (bosh ogʼrigʼi, koʼngil aynishi, qusish, darmonsizlik, quvvatsizlik, eshushning buzilishi);

qaltirash (yuqori tana harorati va intoksikatsiya evaziga);

oʼchoqli nevrologik simptomlar (qoʼloyoqlarda harakat cheklanuvi yoki yoʼqolishi, harakat faoliyatiga tegishli bosh miyaning nervlari faoliyatining izdan chiqishi, tananing maʼlum qismlarida sezgi buzilishi, miyacha yarim sharlari va bodomsimon sohalariga tegishli oʼzgarishlar);

meningeal simptomlar (ensa mushagi taranglashuvi, oyoqlarni yozolmaslik);

epileptik (talvasali).

Bosh miya abstsesslarining shakllanish davrida tana haroratining baland boʼlishi, pulьsning tezlashuvi, abstsess shakllanib, uning atrofini kapsula toʼliq oʼrab boʼlgach esa aksincha, tana harorati meʼyorlashib pulьsning sekinlashuvi (bradikardiya) qayd etiladi. Shuni taʼkidlab oʼtish oʼrinliki, koʼrsatilib oʼtilgan umumiy bosh miya simptomlari kalla ichi bosimining oshib ketishi, intoksikatsion (zaharlanish) simptomlar yiringning qon–tomir tizimi boʼylab tarqalishi, oʼchoqli simptomlar esa bosh miyaning qaysi sohasi abstsess tufayli bosilayotganligi oqibatida, meningial simptomlar miya pardalarining taʼsirlanishi sababli, muvozonatga, qad-qomatni tutishga tegishli oʼzgarishlar esa miyacha va uning bodomsimon qismi faoliyatlarining buzilishi tufayli yuzaga keladi.

Аbstsess shakllanib boʼlgandan keyin sanab oʼtilgan simptomlar orasidagi oʼchoqli simptomlardan boshqasi (yiring kapsula bilan oʼralib atrofdagi miya toʼqimasi va boshqa aʼzolarga taʼsir qila olmasligi natijasida) soʼna boshlaydi. Bosh miya abstsesslarining joylashishiga qarab oʼziga xos oʼchoqli nevrologik simptomlar kuzatiladi.

Bosh miya abstsessi peshona boʼlagida joylashganda intellektning susayishi, xotira sustlashuvi, gandiraklab (mastga oʼxshab) yurish, epileptik xurujlar, yurganda orqaga qarab yiqilish holatlari roʼy beradi. Аbstsess miyachada joylashganda mushaklar tonusi pasayishi mumkin. Аbstsess tepa boʼlakda joylashganda sezgi buzilishlari kuzatiladi. Miya asosida joylashganda koʼz olmalari harakati va koʼrish faoliyatining har xil buzilishlari paydo boʼlishi mumkin.

Bosh miyaning abstsess kasalligiga tashxis qoʼyishda bemorning shikoyatlari, kasallikning rivojlanish xususiyatlari, quloq, tomoq, burunda yiringli-yalligʼlanish va yurak kasalliklari mavjudligi, aniqlangan nevrologik umumboshmiya va oʼchoqli simptomlar, exo-entsefaloskopiya, bosh miya kompьyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshirish usullarining natijalari inobatga olinadi. Bosh miya abstsesslari oʼz vaqtida malakali tarzda davolanmagan hollarda kalla qutisi suyaklarining osteomieliti, miya qorinchalari ichiga yiringning yorib kirishi sababli davolanish mushkul boʼlgan meningit, meningoentsefalitlar, gidrotsefaliya, epilepsiya, qoʼl-oyoqlar falajlanishi singari ogʼir asoratlar va ushbu asoratlar sababli bemorning umri qisqarishi singari noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.

Bosh miya abstsesslari xirurgik usulda davolanishni taqozo etadi. Hozirgi vaqtda abstsess boʼshligʼini drenajlab yiringdan holi qilish, keyin antibakterial eritma bilan oʼrnatilgan uzoq muddatli drenaj orqali abstsess boʼshligʼini yuvib turish, shuningdek, uni ochiq usulda, yaʼni kalla suyagi ochilib kapsulasi bilan birga olib tashlash usullari amaliyotda qoʼllaniladi.

Bosh miya abstsessi kasalligining profilaktikasida sogʼlom turmush tarzining ahamiyati katta. Inson oʼzining salomatligiga bolalikdan jiddiy eʼtibor ajratishi, ota-onalarning goʼdaklarini sogʼlom ulgʼaytirishlari, tomoq, quloq, burun sohalaridagi yalligʼlanish kasalliklarini profilaktika qilish singarilar kasallikka chalinishga qarshi sinalgan choralardir.

Аmirqul ShODIEV,

Samarqand davlat tibbiyot instituti

“Neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya”

kafedrasining dotsenti,

tibbiyot fanlari doktori.