Shamollashni davolashda oddiy choralar

Kishi shamollab qolganida, dastlab burni bitadi, tomogʼi ogʼriydi, darmoni quriydi. Yoʼtal esa keyinroq boshlanadi. Xoʼsh, yoʼtalning oldini olish mumkinmi? Аlbatta, mumkin. Buning uchun burningizni har kuni 3-4 mahal shoʼr suv (bir stakan qaynatilgan iliq suvga bir choy qoshiq tuz solinadi) bilan chaying, keyin yalligʼlanishga qarshi dori tomizing. Boshingizni orqaga egib turib tomizsangiz, dori burun halqumining orqa devoridan oqib tushadi, shunda taʼsiri yaxshiroq boʼladi. Bundan tashqari, har soatda eritilgan suv yoki yod tomizilgan iliq suv bilan chaying. Moychechak va mavrak damlamalari bilan gʼargʼara qilinganda tomoq yoʼllari ravonlashib, yoʼtalning oldi olinadi.


Shamollagandan keyin bir hafta oʼtib, yoʼtal boshlansa, iliq sutga sariyogʼ va ichimlik soda solib ichish yordam beradi. Аsalli issiq choy, ishqorli mineral suvni ilitib ichish ham foydali. Yoʼtal qoldirishning sinalgan usullaridan biri quyidagicha: bir choy qoshiq shakarni past olovda qizdiring, shakar eriganda qizgʼish tusga kiradi. Shunda qoshiqni sovuq suvga botiring. Erigan issiq shakar darhol qotadi. Аgar shuni shimib yursangiz, yoʼtaldan qutulasiz.

Yoʼtal kuchayib, balgʼam koʼchishi qiyin boʼlsa, balgʼamni suyultiradigan dorilar (bromgeksin, mukaltin) ichish zarur. Bundan tashqari, isteʼmol sodasi solib, 5-6 tomchi arpabodiyon yogʼi tomizilgan qaynoq suvga boshingizni burkagan holda pardan nafas olsangiz, balgʼam koʼchishi osonlashadi. Yoʼtal uzoq choʼzilganda shifokor maslahatiga koʼra antibiotiklar ichishingiz mumkin. Bundan tashqari, ulьtratovush muolajasi bronx yoʼllaridagi balgʼamni suyultiradi va yoʼtal bilan chiqishiga koʼmaklashadi. Shamollagan odamni uqalash ham yoʼtalni kamaytirishga yordam beradi. Buning uchun kaftning qirrasi bilan orqa umurtqani pastdan yuqoriga yoki yuqoridan pastga qarab uqalash kerak.


Koʼpchilik havo zax va sovuq boʼlganda kalta-kalta yoʼtala boshlaydi. Shuningdek, issiq xonadan koʼchaga chiqqanda yoki sovuq oʼringa yotganda ham yoʼtal tutadi. Baʼzan tamaki yoki spirt hidi yoʼtalga sabab boʼladi. Odatda quv-quv yoʼtalganda bemorning yuzi qizarib ketadi, baʼzan mayda tomirlar yoriladi. Bunday vaqtda, albatta, pulьmonolog shifokor nazoratida jiddiy davolanish kerak.

Mutaxassislarning kuzatishlaricha, koʼp hollarda mashqlar ham yoʼtalni qoldirish va balgʼam koʼchishini yaxshilashda ijobiy samara beradi. Buning uchun qoʼllarni yelkaga qoʼyib, chuqur-chuqur nafas oling, nafasingizni tutib turib, asta-sekin oldinga egiling, soʼng lablaringizni choʼchchaytirib, kuch bilan ichingizdagi havoni chiqaring. Shuningdek, nafas olib, qoʼllar koʼtarilgach va nafas chiqarib, qoʼllar tushirilganda, keyin esa tez-tez, chuqur-chuqur nafas olib, kuch bilan chiqarilganda ham yoʼtalning tuzalishi osonlashadi.

Shamollashning dastlabki alomatlari paydo boʼlganda limonli sharbat tayyorlash mumkin. Buning uchun bir dona limonni mayda kesib, 2 stakan qaynoq suv quying va 20 daqiqa tindiring. Unchalik shirin boʼlmasin, bir soat mobaynida shu suyuqlikdan ichib turasiz.

Tumovni davolashda oʼrtacha kattalikdagi piyozni qirgʼichdan oʼtkazib, ogʼizni ochgan holda 10 daqiqa hidlab turish foyda beradi. Soʼng shu piyoz suviga toza paxtani shimdirib, burunga ikki tomchidan tomizish kerak. Muolaja xastalikning ilk kunida 3 mahal bajarilsa, nafas olish yengillashib, burun oqishi toʼxtaydi.

Kuniga 4-5 mahal aloe gulining suvini burun teshigiga paxta yordamida bir necha tomchi tomizib turilsa, shamollashdan tuzalish tezlashadi.

Bir necha dona maydalangan sarimsoq boʼlagini bir stakan qaynagan suvga solib, bir soatcha damlang. Shu damlama bilan tomoqni chayib turish kerak.

Kechqurun oyoqlarga vanna qilish lozim. Buning uchun 5-8 litr suvga bir osh qoshiq quruq xantal (gorchitsa) solinadi. Unutmangki, bu muolaja yurak-qon tomir va buyrak kasalligi bor bemorlarga tavsiya etilmaydi.

Shamollash va grippning oldini olish uchun toza havo, jismoniy harakat, shaxsiy gigiena va sogʼlom turmush tarziga amal qilish lozim. Virusli kasalliklar bilan ogʼrigan bemorlardan uzoqroq yurgan maʼqul. Har qanday holatda ham muolajalarni shifokor nazoratida maslahati asosida bajarsangiz, shamollash qaytalamaydi va koʼp vaqt sizni bezovta qilmaydi.

Durdona SULTONOVА,

1-respublika tibbiyot kolleji oʼqituvchisi.