Yosh bolalarda burun qonashining sabablari

Bolalarda burun qonashi qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida yosh bolalarda tez-tez uchraydigan salbiy holatlardan biri bo‘lib, bu holat har bir ota – onani xavotirga soladi. Uning sabablari turlicha bo‘lishi tufayli e’tiborni mohiyatga qaratish kerak.


 Uning ko‘p uchraydigan turi – burun to‘sig‘i old qismidagi tomir chigali juda yuza joylashganligi burunni tez qonashiga olib keladi. Bolalarda burundan qon ketishining 90 foiziga ushbu sabab tufaylidir.

Xona namligining haddan ziyod kamayib ketishi yoki jaziramada shilliq qavat va undagi tomirlar devorining qurishi natijasida ham burun to‘satdan qonashi mumkin.

Burun ichining shikastlanishi, bola burnini yengilgina kavlaganida ham shilliq qavat jarohatlanishi mumkin. Bu holat ham sabab bo‘ladi.

Burun ichiga yot jism tushishi natijasida ham bolalarning burnidan qon ketadi. Odatda bunday holatda burundan qon ajralma aralash keladi. Bir necha kun yot jism ushbu a’zo ichida qolib ketsa bolaning nafas olishi qiyinlashib, undan badbo‘y hid keladi.

Yana xavfli yoki xavfsiz o‘sma kasalliklarining burun ichida rivojlanishi ham burundan qon ketishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, bola organizmidagi qon tomir kasalliklari, qon yaratish a’zolari kasalliklari, jigar, buyrak hamda vitaminlar tanqisligi natijasida ham ushbu  holat kuzatiladi.

Shuning uchun bolalarni yozning jaziramasida haddan tashqari qizib ketishidan asrang.

Shoira BEKChANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi