Vaginizm yoxud jinsiy yaqinlikdan qo‘rqish

Vaginizm — nima ?

Jinsiy yaqinlikka kirishishdan xavfsirash, aloqa vaqti qin mushaklarining tortilib, siqilishi natijasida og‘riq yuzaga kelishidir. Mazkur kasallik belgilari faqat jinsiy yaqinlik paytida namoyon bo‘lgani bois, ko‘pchilik ayollar uni jiddiy qabul qilmay, jinsiy a’zolar yallig‘lanishi bilan adashtirishlari mumkin. Shuning uchun ham og‘riqlar kuzatilganida yoki homilador bo‘lolmasangiz, muammoning asl negizi bilan darhol qiziqing. Chunki jinsiy aloqa vaqtida tez-tez va muntazam takrorlanuvchi bezovtaliklar aynan vaginizm kasalligiga xos bo‘lib, to‘liq davolanilmasa, jinsiy hayot sifatini oshirish yoki istalgan homiladorlikka erishish mushkul.


Sabablari qanday?

Kasallikning kelib chiqishiga sabablar turlicha taxmin qilinsa-da, asosiy omil sifatida qo‘rquv, jinsiy hayotdan xavfsirash, stress, nevroz holatlari ko‘rsatiladi. Vaginizm aksariyat hollarda yangi turmush qurgan juftliklar orasida ko‘proq kuzatiladi. Turmushga chiqmagan qizlar ruhiyatidagi o‘zgarishlar, birinchi nikoh kechasi haqidagi vahimali o‘ylar, jinsiy hayot to‘g‘risidagi noto‘g‘ri tasavvurlar ham kasallikni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bilan birga jinsiy a’zolardagi yallig‘lanishlar asorati yoki tug‘ruq jarayonidagi jarohatlar ta’sirida ham vaginizm paydo bo‘lishi ehtimoli bor.




Nimalarda namoyon bo‘ladi?

Kasallik kechishiga ko‘ra, uning uch davri mavjud. Bular:


Yengil daraja – jinsiy yaqinlik qilish imkoniyati saqlanib qolinsa-da, yoqimsiz hissiyotlarning mavjudligi, jinsiy a’zolardagi og‘riqlar, xohish so‘nib borishi;
O‘rta dajara – jinsiy yaqinlikka kirishish jarayonida qin sohasidagi og‘riqning namoyon bo‘lishi;
Og‘ir daraja – jinsiy yaqinlikka kirishish oldidan hatto bu haqda xayol qilinsa ham qin mushaklarining tortilishi va qisilishi yuzaga kelib, barmoq bilan paypaslaganda kuchli og‘riq kuzatiladi.
Shunisi ham borki…

Mazkur xastalikka tashxis qo‘yishda uning birlamchi va ikkilamchi turlari ham inobatga olinadi. Xususan:


Birlamchi vaginizm – ilk jinsiy yaqinlik vaqtidagi qo‘rquv, kuchli hayajon, xavfsirash natijasida yuzaga kelib, qin sohasidagi og‘riqlar bilan kuzatiladi. Bunda jinsiy aloqaga kirishish mushkul. Odatda, kasallikning mazkur turi bilan og‘rigan ayollar ginekologik tekshiruv chog‘ida ham noqulayliklarga duch kelishadi, qolaversa, tampon gigiyena vositalaridan foydalanishda muammolar borligini e’tirof etishadi.


Ikkilamchi vaginizm – jinsiy hayot bir maromda davom etib, bu borada muammolar bo‘lmaydi. Kasallik jinsiy a’zolar, peshob ajralishi tizimidagi yallig‘lanishlar asorati, jinsiy aloqa vaqti erkakning qo‘pol harakatlanishi kabi sabablar tufayli yuzaga keladi.


Davosi bor!

Kasallikni davolashda avval uning kelib chiqishi sabablari o‘rganilib, shunga ko‘ra, zarur muolaja tanlanadi. Ikkilamchi vaginizmda, asosan, yallig‘lanish asoratini bartaraf etishga e’tibor qaratilib, turli xil preparatlar buyuriladi. Birlamchi ko‘rinishida esa ruhiyatga ta’sir etish orqali tasavvurdagi turli noxushlik va bezovtaliklar bartaraf etilib, sog‘ayishga erishish mumkin. Bunday holatlarda ginekolog, seksapatolog va psixonevrolog mutaxassislarga murojaat etib, kompleks muolajalar olish ayni muddaodir. Muolaja davomida kasallikning negizi asab tizimi bilan bog‘liqligi aniqlansa, tinchlantiruvchi dori-darmonlar, massaj, fizioterapiya usullari qo‘llanadi. Shu bilan birga seksapatolog shifokorning individual seanslari ham o‘tkaziladi.


Muammodan cho‘chimang!

Mutaxassislar bir martalik to‘g‘ri va to‘liq davolanishdan so‘ng kasallik qayta bezovta qilmasligini ta’kidlashadi. Agar sizda mazkur kasallikka doir belgilar kuzatilayotgan bo‘lsa, bu haqda juftingiz bilan suhbatlashishdan cho‘chimang. Negaki, muolaja davomiyligini ta’minlash va mutaxassislar ko‘rigida er-xotinning birgalikdagi ishtiroki muhimdir.


Ekspert: Ramazon Nazarov, androlog-seksapatolog.