Tomoq og’rishiga ko’pincha zaiflashgan immunitet fonida rivojlanayotgan kasalliklar hamroh bo’ladi. Immunitetning zaiflashuvi sabablariga ortiqcha charchash, ratsional oziqlanmaslik, gipovitaminoz, gormonal terapiya, o’simtalar kimyoterapiyasi, ba’zi surunkali kasalliklar (qandli diabet) va OIV kirishi mumkin.
Agar tomoq og’rig’i kuchli bo’lsa va yutunganda og’riq yuzaga kelsa, sizda shamollash yoki O’RVI rivojlanayotgan bo’lishi mumkin. Ushbu umumiy patologiyalar ko’pincha tomoq shilliq pardalarida o’tkir yallig’lanish jarayonining rivojlanishi bilan birga keladi. Shamollash uchun quyidagi umumiy belgilar mavjud:
Tana haroratining 38,5 °C gacha ko’tarilishi (odatda burun-halqumda noqulaylik paydo bo’lganidan 2-3 kun o’tib);
Ko’z yoshlanishi;
Burun bitishi va burundan ajralmalar ajralishi (to’mov);
Yo’tal;
O’rtacha kuchlilikdagi bosh og’rig’i;
Mushak og’rig’i (har doim ham emas).
O’RVI (shuningdek gripp) uchun o’ziga xos alomatlar:
Umumiy holsizlik;
Umumiy zaiflik;
Suyaklardagi qaqshash;
Mushaklardagi og’riq;
Tana haroratining 38,5 ° C dan oshishi (kasallikning birinchi kunidan).
Ko’pincha tomoq og’rig’i surunkali infektsiyalar o’chog’i mavjudligi, ayniqsa sinuslarda (sinuslarning yallig’lanish kasalliklari, gaymorit) bilan bog’liq. Infektsiya o’chog’idan patogen mikroorganizmlar tomoqqa kirib, yallig’lanishni keltirib chiqaradi. Tomoqdagi og’riqqa yana mavsumiy yoki yil bo’yi uchraydigan allergik reaktsiyalarsabab bo’lishi mumkin. Bunday hollarda xavf omili — nafas yo’llariga allergenlar kirishidir (chang, uydagi chang va hokazo).
Tomoqdagi og’riqdan ko’pincha chekuvchilar aziyat chekishadi. Tamakini yonish mahsulotlarini yutish (shu jumladan, passiv chekishda ham) shilliq qavatni ta’sirlantiradi.
Jiddiy xavf omiliga kasb-hunar xavfi ham kiradi. Kasallik kichik mexanik zarralar va toksik kimyoviy birikmalar bilan ifloslangan havoni doimo yutish natijasida ham rivojlanishi mumkin. Tomoq shuningdek infektsion mononuklyoz bilan zararlanishi mumkin. Bunday virus etiologiyali kasallikda terida toshmalar, splenomegaliya (taloqning kengayishi), bo’yin va qo’ltiq osti limfa tugunlari kattalashishi kuzatiladi.
Tomoq og’rig’ining mumkin bo’lgan sabablaridan biri B12 vitamini tanqisligi anemiyasi fonida halqum shilliq qavatining atrofiyasidir.
Differentsial tashxis
Agar tomoq og’riyotgan bo’lsa va quloqda ham zeilsa, alomatlar paydo bo’lishi quyidagi kasalliklar bilan bo’gliq bo’lishi mumkin:
Otit. O’rta quloqning yallig’lanishida isitma, umumiy zaiflik va ishtahaning pasayishi kuzatiladi. Og’riq kechqurun kuchayish xususiyatiga ega.
O’tkir faringit. Halqumning yallig’lanishida tomoqda yot jismning mavjudligi hissi, tomoqning «qirilishi» va quruq yo’tal kuzatiladi. Farengit ko’pincha O’RVI bilan birga uchraydi.
Angina (Tonzillit). Ushbu patologiyaga og’iz-halqum va bodomsimon bezlar shilliq pardalari yallig’lanishi bilan tavsiflanadi. Anginada yuqori darajadagi isitma, mushaklardagi og’riq, varaja qilish va ko’pincha yiringlash jarayoni natijasida o’gizdan yoqimsiz hid kelishi kuzatiladi.
Difteriya. Ushbu kasallik bodomsimon bezlarning qizarishi, ularda o’ziga xos parda hosil bo’lishi, organizmning umumiy intoksikatsiyasi va limfadenit bilan xarakterlanadi. Agar bola tomoq og’irg’idan shikoyat qilsa va va uning limfa tugunlari kattalashgan bo’lsa, zudlik bilan shifokor chaqirilishi kerak. Difteriya hayotga tahdid soladigan kasalliklar.
Boshqa yuqumli kasalliklar — bolalarga xos kasalliklar. Ular orasida skarlatina, suvchechak va qizamiq mavjud.
Muhim: Agar tomoq kuchli og’riyotgan bo’lsa va ovoz bo’gilishi kuzatilsa, buning sababi faringit, laringit va angina tufayli yallig’lanish jarayoni ovoz apparatiga ta’sir qiliganligi bo’lishi mumkin. Shu bilan birga, ovoz bo’gilishi ovoz boylamlarining zo’riqishi (qichqirish yoki baland ovozda ashula aytish) natijasida yuzaga kelishi mumkin; odatda bunday holatda umumiy salomatlikning yomonlashuvi kuzatilmaydi.
Tomog’i tomoq bir tomondan og’risa, sabablari quyidagicha bo’lishi mumkin:
Shilliq qavatdagi shikastlanish yoki yot jismning mavjudligi (masalan, baliq qiltig’i);
O’tkir faringit (kasallikning dastlabki bosqichda og’riq faqat o’ng yoki chap tarafda qayd etiladi);
Retrofaringeal absess (cheklangan yiringli yallig’lanish);
Bodomsimon bezning yallig’lanish (o’tkir tonzillit);
Glossofaringeal asab nevralgiyasi;
Infektsiyaning o’chog’i va yallig’lanish bilan bog’liq tish va periodontal to’qimalarning patologiyasi;
Xilger sindromi (tashqi uyqu arteriyasi periferik shoxlarining kengayishi).
Bolalarda bir tomonlama tomoq og’rishi tish chiqish jarayoni sababli bo’lishi mumkin. Kattalardagi bu belgi «aql tishlari» (ya’ni, uchinchi molyarlar) ning qiyin chiqishi fonida qayd qilinishi mumkin.
Agar tomoq og’risa va isitma bo’lmasa, quyidagi patologiyalar mavjudligi ehtimoli bor:
Shilliq qavatining shikastlanishi (qatti yoki o’tkir qirrali narsani yutish);
Ovoz boylamlarining zo’riqishi, shuningdek, halqum va hiqildoq muskullari;
Glossofaringeal asab nevralgiyasi;
Gastroezofaginal refluks, ya’ni, oshqozon kislotasining qizilo’ngachga chiqarilishi;
O’smalar rivojlanishi (onkologiya);
Qalqonsimon bez patologiyasi;
Itsenko-Kushinga sindromi (buyrak usti bezlari giperfunktsiyasi);
Umurtqaning bo’yin qismi osteoxondrozi;
Qizilo’ngach venalarining varikoz kengayishi.
Tomoq og’rig’i rivojlanayotgan miokard infarkti yoki stenokardiya xuruji alomatlaridan biri bo’lishi mumkin!
Tomoq og’rig’ini davolash
Tomoq og’rig’ini ko’pincha uy sharoitida davolasa ham bo’ladi. Davolashni boshlashdan avval shifokor bilan maslahatlashingiz kerak. Avvalo, tuman terapevtiga tashrif buyuring. Otolaringolog, stomatolog yoki boshqa mutaxassislarning qo’shimcha konsultatsiyasi talab qilinishi mumkin.
Agar tomoq yallig’lanishi shamollash yoki gripp fonida rivojlangan bo’lsa, tomoqni chayqaysh uchun moychechak, mavrak (shalfey) damlamalari, soda, oddiy tuz yoki dengiz tuzi, vodorod peroksid (1 stakan suvga 1 choy qoshiq 3% eritmasi) dan foydalanish tavsiya etiladi. Yaxshi davolash ta’siriga sarimsoq damlamasi (200ml qaynoq suvga 3 bosh sarimsoq) ham ega.
Tomoqdagi og’riq juda kuchli bo’lsa, yutinib ham bo’lmasa yoki nafas qisilishi kuzatilsa tez yordam chaqirilishi kerak.
Homiladorlik davrida tomoq og’rib qolsa nima qilish kerak?
Homiladorlik davrida tanada jiddiy o’zgarishlar yuzaga keladi, u umumiy immunitetning pasayishiga sabab bo’lishi mumkin. Shu sababli, onada streptokokkk yoki stafilokokk infektsiyasi xavfi yuqori bo’ladi, bu esa ko’pincha tomoq og’rig’iga sabab bo’ladi.
Infektsion agentlar homilaning salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, shuning uchun davolanish darhol boshlanishi kerak. Har qanday tomoqdagi og’riqlar kuzatilganda ham shifokorga murojaat etish kerak, chunki ushbu bekgining sabablari umumiy shamollashdan ko’ra ancha jiddiyroq bo’lishi mumkin. Davolash jarayonida nafaqat samarali, balki homila uchun ham xavfsiz bo’lgan dorilarni qo’llash mumkin. Homiladorlik paytida tomoq og’rig’i uchun quyidagi terapevtik usullar tavsiya etiladi:
Iste’mol sodasi yoki osh tuzi eritmasi bilan tomoqni chayish (xona haroratidagi 500 ml suvga 1 osh qoshiq);
Sodali yoki moychechakli damlama bilan bilan nafas olish (ingalyatsiya qilish) — o’tkir alomatlar yo’qolgunga qadar kuniga 5-6 marta;
Umumiy immunitetni oshirish uchun ko’proq vitamin C saqlagan mahsulotlarni iste’mol qilish.
Ko’proq suyuqlik ichish — bu vitaminli ichimliklar yoki asal choy bo’lsa undan ham yaxshi bo’ladi.
Bolarlarda tomoq og’risa nima qilish kerak?