Ortiqcha vazn qanday muammolarni keltirib chiqaradi ?

Ozroq yeng – ko‘proq yashaysiz
Inson umrining mazmuni bevosita u tanovul qilayotgan luqmaga ham bog‘liq. Bu faqatgina halol yoxud haromga emas, balki taomlanishga yondashuvda ham ko‘rinadi. E’tibor qilsangiz, ayrimlar umrining so‘nggi damida ovqatlanayotgandek “ko‘p va xo‘b” yeyishadi, xuddi inson yeyish uchun dunyoga kelgandek. Oqil kishilar esa ovqatga tiriklik vositasi sifatidagina yondashishadi.

“O‘ylashing gar bo‘lsa yeyishu to‘qlik,

Undan boshqa narsa sen uchun yo‘qlik” — deganida hazrat Jomiy ham shu haqiqatni nazarda tutgan bo‘lsa ajabmas.

Bugun palapartish va noto‘g‘ri ovqatlanishimiz uchun hamma sharoit “yetarli”. Har ikki qadamning birida oshxona. Ammo tushlik uchun maxsus vaqtni boshqa ishlarga sarflaymiz, kompyuter oldida fast-fuddan olingan biror yegulikni kavshaymiz-da, yana ishga sho‘ng‘iymiz. Qarabsizki, bir-ikki oydan so‘ng ortiqcha vazn muammosiga duch kelib turibmiz. Navbat turli parhezlar, cheklangan ratsion… biroz ozish… va yana SЕMIZLIKka keladi. Bu muammo zamondoshlarimizning to‘rtdan bir qismini o‘z domiga tortib ulgurdi.


Nima uchun semiramiz?
Semizlikni vujudga keltiruvchi omillar nimalardan iborat?

Bu haqda oliy toifali shifokor, endokrinolog Solixon Qosimov shunday deydi:

– Semizlik avvalo irsiyat bilan bog‘liq. Ota-onasidan shunday genni olgan avlodda bu qonuniyat o‘z kuchini ko‘rsataveradi. Gen hech qachon informatsiyani yo‘qotmaydi, faqat bu belgilarning namoyon bo‘lish payti va omilini inson o‘z hayot tarzi orqali belgilaydi. Xalqimizda “suv ichsa ham, semiradi” degan gap yuradi. Bu jarayonning asosida gendagi axborotning uyg‘onishi turadi.

Navbatdagi omil noto‘g‘ri ovqatlanishda ko‘rinadi. Chunki ovqatlanish tartibi va qoidalarining buzilishi semizlikning kelib chiqishida katta rol o‘ynaydi. Kaloriyasi baland mahsulotlar iste’mol qilgandan so‘ng uning hazmi masalasiga ham e’tibor qaratish kerak. Ammo aksariyat hollarda buning aksini qilamiz.

O‘zbek xonadonlarida kechki ovqatga palov, qovurdoq, xamirli taomlar tayyorlanadi va ko‘pincha soat 19.00 dan keyin dasturxonga tortiladi. Taom iste’molidan so‘ng biroz televizor ko‘rib, uxlashga kirishamiz. Oshqozonga tushib, harakatsizlikdan achiy boshlagan ovqat tanaga kuch-quvvat bo‘lmaydi, aksincha, hujayralarga kislorod tashib darmon bo‘lish o‘rniga ularning “qotili”ga aylanadi.

Kamharakatlik ham vaznning oshishiga sabab bo‘ladi. Sog‘lom tanada hamma narsa balansda bo‘lishi kerak. Ozuqaviy miqdor bilan organizmning energiya sarfi bir-biriga to‘g‘ri kelganda, ortiqcha vazn muammosi ham bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, jins, yoshning o‘tishi, kasb-kor, homiladorlik, laktatsiya, klimaks davrlari, ruhiy omillar ham semirishga turtki bo‘lishi mumkin. Ammo bu jarayonni oqilona boshqarish shaxsning o‘ziga bog‘liq. Organizmda yog‘ qatlami to‘planishi bilinmas tarzda kechadi. Xuddiki kecha bo‘lmagan, bugun paydo bo‘lgandek tuyuladi. Ammo uni yo‘qotish jarayoni qamrab olishi mumkin. Yaxshisi, keraksiz yog‘ning to‘planishi va semirishning oldini olishga harakat qiling.

Semizlik darajalari
Bugun atrofga yaxshilab nazar tashlasak, ayollar, o‘smir qizlarimiz va yigitlarimizning aksariyati ashaddiy ravishda gugurt cho‘pi bilan “musobaqalashayotgan”ini sezamiz. Ulardagi yagona hadik – SЕMIZLIK. Shunday noto‘g‘ri tushunchalarga qarshi ilmiy dalil keltiramiz.

Buning uchun tana vazni indeksi (TVI) tushunchasiga e’tibor qaratish kerak. Demak, vazn ko‘rsatkichi bo‘y o‘lchovining kvadratiga taqsimlanadi (kg/m2). TVIning meyoriy ko‘rsatkichi 18,5 – 24,5 (kg/m2). Bundan ortiq ko‘rsatkichlar esa semizlikning to‘rt darajasiga ko‘ra farqlanadi.

I daraja semizlikda TVI 25 – 35 (kg/m2)ni tashkil qiladi.

II daraja semizlikda TVI 35 – 40 (kg/m2) ni tashkil qiladi.

III daraja semizlikda TVI 40 – 50 (kg/m2) ga teng bo‘ladi.

IV daraja semizlikda TVI 50 (kg/m2)dan ortiq bo‘ladi.

Demak, sizda ushbu darajalardan biriga taalluqlilik kuzatilsa, ehtiyot bo‘ling. Chunki…

Shu o‘rinda qaysi kasalliklarning degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu ro‘yxatning boshida xafaqon, ya’ni gipertoniya xastaligi turadi. Gipertoniyaning o‘ziyoq insonning jismonan va ruhan cheklanishiga sabab bo‘ladi. Navbatdagilari qandli diabet, yurak, jigar, o‘t pufagi, buyrak, umurtqa pog‘onasi, bo‘g‘im xastaliklari, bepushtlik va boshqalar.

Oshiqcha yog‘ har bir a’zoning faoliyatini cheklaydi va ularni zo‘riqtiradi. Jumladan, semizlikda yurak mushak tolalarining o‘rtasida yog‘ saqlovchi hujayralarning ko‘plab paydo bo‘lishini kuzatish mumkin. Natijada yog‘ zaxira deposi kattalashadi va yurak umumiy og‘irligining yarmidan oshib ketadi. Yurak devorlari yog‘ bosganligi uchun ko‘p ishlashga majbur bo‘ladi va shu tufayli kengayadi. Vaznning odatdagidan ortib ketishi tanamiz ustuni – umurtqani va bizni ko‘tarib turuvchi bo‘g‘imlarni zo‘riqtirib, tuz yig‘ilishi, yallig‘lanish kabi xastaliklarni rivojlantirib yuborishi mumkin.

Yana bir ma’lumot: semizlikning uchinchi va to‘rtinchi darajasida bo‘lgan bemorlarning nasl qoldirish imkoniyati boshqalarnikiga nisbatan juda kam. Xususan, semiz erkaklarda ko‘pincha impotensiya holatlari uchrasa, ayollarda hayz ko‘rilishining buzilishi, tuxumdonlar atrofini yog‘ qoplashi natijasida funksional buzilish, alaloqibat befarzandlik kuzatilishi mumkin.

Ko‘pchiligimiz shirin ovqat oldida istaklarimizni jilovlay olmaymiz. Vaholanki, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan rivoyat qilinadigan hadislarga ko‘ra qorinning uchdan biri ovqatga, yana bir qismi ichimlikka, qolgan bir qismi esa nafas olishga qoldirilishi lozim. Shuningdek, sunnatga muvofiq to‘ymasdan oldin taomdan qo‘lni olmoq joiz. Bu hikmatlar sirini tibbiyot bugunga kelib aniqladi. Olimlarning tasdiqlashicha, qorinning to‘ygani haqidagi axborot bosh miyaga o‘n daqiqadan keyin yetib borar, bungacha odam o‘zining to‘yganini sezmas ekan.

Shuningdek, ovqatning ham yoshga qarab zarurini tanlash lozim. Misol uchun, o‘ttiz yoshlilarga jigar va yong‘oq eng foydali taom hisoblansa, qirq yoshdagilarga sabzi va buyrakdagi selen moddasi uchun zarur bo‘lgan pishloq maqbul keladi. Ellik yoshdan keyin suyakni mo‘rtlashuvdan asrash uchun kalsiy va yurakni baquvvat qiluvchi magniy ko‘proq uchraydigan taomlarni iste’mol qilish zarur. Oltmishga yaqinlashganda yurakni va qon tomirlarini kengaytirish uchun baliqni ko‘proq yeyish kerak. Keksalikdagi va bahor faslidagi behollikda qovurilgan parranda go‘shti, bo‘tqa, novvot, yong‘oq va mayiz, ko‘kat va sabzavotlarni dasturxondan uzmaslik lozim.

Semirishga moyil kishilar oq non, xamir taomlar, kuchli, qovurilgan ovqatlar, shirinlik va pishiriqlardan tiyilishlari, ko‘proq meva va sabzavotlar, sut-qatiq, suzma (tvorog), ko‘katlar iste’mol qilishga o‘tishlari kerak bo‘ladi. Tana vaznining ortib ketmasligi uchun bir narsaga alohida e’tibor berish kerak: qancha ovqat yesangiz, shuncha harakat qilish, kuch sarflashga intiling.

Davosi o‘z qo‘lingizda!
Biz so‘z yuritayotgan kasallik sizda yoki yaqinlaringizda kuzatilsa, xavotirlanmang. Dard borki, shifosi ham bor. Parhez qilish ushbu kasallikda davo omili hisoblanadi.

Parhezning eng samaralisi va to‘g‘risi shaxsiy vrach bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilganidir. Chunki u bemorning umumiy holati, modda almashinuv jarayoni, kasallik tarixi hamda individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ratsion belgilaydi. O‘zbilarmonlik bilan tanlangan parhez turi foyda o‘rniga aks ta’sir etishi, natijada ishtahaning batamom yo‘qolishi, to‘qima va a’zolarda modda almashinuvining buzilishi va avitaminoz, immunitet susayishi kabi oqibatini bartaraf etish mushkul muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Semizlikka qarshi parhez bir maromda olib borilgani durust, parhezning keskin turlarini tanlash yaramaydi. Shuningdek, ovqatdan batamom tiyilish ham xavfli. Oz-ozdan, kaloriya ko‘rsatkichlariga amal qilgan holda ovqatlanish maqsadga muvofiq.

Natija birdaniga qo‘lga kiritilmaydi. Shunday paytda parhezga qo‘l siltash eng noto‘g‘ri yo‘ldir. Olimlarning aniqlashicha, qat’iy parhez ortidan yana ko‘p ovqat yeyishga o‘tish, ma’lum vaqtdan so‘ng yana parhez boshlash uslubi tufayli inson umri yigirma besh foiz qisqarar ekan.

Bu borada yana endokrinolog Solixon Qosimovga quloq tutamiz:

– Keyingi paytlarda ochlik bilan davolashni targ‘ib qiluvchi qo‘llanmalar, kitobchalar sotuvda ko‘payib ketdi. Bu bor-yo‘g‘i biznesning bir turi ekanini, siz uchun xolis maslahatni shifokoringiz tekshiruvlardan so‘nggina berishi mumkinligini unutmang. Bugungi tibbiyot ozish uchun umuman ovqatlanishni keskin kamaytirish yoki butunlay to‘xtatish kerak degan fikrni inkor etadi. Ozishda ovqatlanishning mo‘’tadil rejimiga rioya qilish, taomdan butunlay voz kechmay, balki semirtirmaydigan, ozishga yordam beradigan kaloriyasi kam tabiiy ne’matlarga o‘tish tavsiya qilinadi.

Ayrim ozishga kirishganlar e’tiborlarini qanday va nima tanovul qilishga qaratmay, sport va jismoniy mashqlarga zo‘r bera boshlashadi. Ozish uchun yugurish va sport bilan faol shug‘ullanish kutilgan natijani bermaydi. Chunki mashq paytida tana to‘plangan teriosti yog‘ini emas, balki vujuddagi uglevodlar zaxirasini sarflaydi.

Yana ayrim toifadagilar parhez boshlashi bilan barcha jismoniy ish va mashqlarni to‘xtatib qo‘yadi. Natijada organizmga tushgan ovqat oz miqdorda bo‘lsa ham yaxshi hazm bo‘lmay, teri ostida yog‘ to‘planishiga sabab bo‘lib qoladi va ozish o‘rniga odam yana semira boshlaydi.

Semizlik tana uchun hamisha ortiqcha yuk, aql uchun keraksiz tashvish bo‘lgan. Bu muammodan qutulishning yagona chorasi bugun emas, shu lahzadanoq unga qarshi kurashishdan iborat.