Miasteniya kasalligida nerv impulslari, nerv oxirlaridan mushaklarga o‘tishi buziladi. Tibbiyot ensiklopediyasida miasteniyani quyidagicha ta’riflangan: miasteniya – bu ko‘ndalang-targ‘il mushaklarning zaiflashuvi bilan namoyon bo‘ladigan kasallikdir. Bunda mushaklarning zaiflashuvi biror bir jismoniy harakat bajarganda kuchaysa, inson dam olgandan keyin yana o‘z holatiga qaytadi.
Miasteniya kelib chiqishiga asosiy sabab – nerv oxirlaridan mushak hujayralariga nerv impulslarining o‘tishining buzilishi bo‘lib, bunda atsetilxolin ishlab chiqarilishi va retseptorlarga birikishi kamayadi. Ushbu kasallik autoimmun kasallik hisoblangani uchun, gormonal preparatlar yordamida davolanadi.
Miasteniya belgilari
Afsuski, miasteniya kasalligi bir necha yillar o‘tib ancha kech aniqlanadi. Shu sababli har qanday mushaklar kuchsizlanishi, charchash alomatlari, harakatlarni bajarganda muskullarning tez charchab qolishi, umumiy holsizlik belgilari sezilsa – miasteniyaga shubha qilsa bo‘ladi.
Miasteniyaning erta simptomlariga quyidagilar kiradi:
So‘zlashganda – ovozning susayishi;
Qattiq ovqat mahsulotlarini yutishning qiyinlashuvi, hatto ovqatlanishni xohlamaslik;
Chaynashning qiyinlashuvi;
Qadam tashlaganda -“ichib olganlar”ga o‘xshab yurish.
Oddiy yurganda, zinaga ko‘tarilganda charchab qolish;
Qovoqlarning pastga osilib qolishi;
Ko‘zni harakatlantiruvchi mushaklar, mimik mushaklar, chaynov mushaklari hamda yutinish mushaklarining zaiflashuvi.
Quyidagi sinamalar yordamida yashirin miasteniyani aniqlab olsa bo‘ladi:
Agar sog‘lom odamga og‘zini 30 sekund davomida tez-tez ochib yopish buyurilsa, u 100 marotabagacha bajara oladi, miasteniya holatlarida esa bu ko‘rsatkichdan kam bajaradi.
Kaftlarni tez ochib tez yopishni takrorlash mashqini bajarganda – miasteniya kasalligidan aziyat chekadiganlarda qiyin bajariladi va ushbu holatlarda ularning qovoqlari pastga osilib qoladi.
Bolalarda miasteniya belgilari
Miasteniyaning bolalarda kechishi o‘ziga xos ko‘rinishda bo‘ladi. Bolalarda ushbu kasallikda quyidagi simptomlar kuzatilishi mumkin.
Tug‘ma miasteniya
Homilaning mushak tizimi zaiflashganligini ona qornidayoq UTT (UZI) tekshiruvi yordamida aniqlab olsa bo‘ladi. Miasteniya kasalligida homilaning harakati sustlashgan yoki umuman bo‘lmaydi. Bola dunyoga kelgaj undagi belgilar yangi tug‘ilgan chaqaloqlardagi kabi ko‘rinishda bo‘ladi. Bunda o‘lim holati mustaqil nafas ololmaslik natijasida kuzatilishi mumkin.
Yangi tug‘ilganlarda miasteniya
Miasteniya bilan kasallangan onalarning farzandlarida uchraydi. Kasallik belgilari bola hayotining birinchi kunlaridayoq namoyon bo‘lib, 2 oygacha ham cho‘zilishi mumkin. Yangi tug‘ilganlarda miasteniyaning belgilari quyidagilar:
Bola o‘z yoshiga nisbatan ancha zaif;
Nafas olishi yuzaki bo‘ladi;
Bunday bolalarning yig‘isi kuchsiz, xirillash bilan chiqadi;
Bolaning so‘rish qobiliyati sust va tez charchab qoladi;
Og‘zi ochiq holda bo‘ladi;
Ko‘z harakatlari deyarli bilinmaydi;
Ba’zi hollarda yutinish ham qiyin bo‘ladi;
Ko‘pincha bolalar nafas yetishmovchiligidan vafot etishadi.
Erta bolalikdagi miasteniya
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Ko‘pincha kasallik ko‘z bilan bog‘liq muammolar bilan namoyon bo‘ladi: qovoqlarning osilib qolishi, ko‘z harakati paralichi, g‘ilaylik. Bolakaylar yurishdan bosh tortishadi, yugurish, zinalardan chiqib tushishga qiynalishadi. Ovqat yeyishni xohlamaslik chaynov mushaklarining zaiflashuvi kelib chiqqanda kuzatiladi.
Bolalikning keyingi davrlaridagi miasteniya
2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan davrda kuzatiladi. Balog‘at yoshida ham kelib chiqishi mumkin. Bolalarda to‘satdan tez charchab qolish, ko‘ruv o‘tkirligining pasayishi, yugurish mashqini bajarishda qiyinchiliklar, uzoq masofaga yura olmaslik, o‘tirib turish, sakrash mashqlarini qiyinchilik bilan bajarish holatlari namoyon bo‘ladi.
Miasteniya: mahalliy belgilar
Ko‘z miasteniyasi. Bunda qovoqlarning tushishi – ptoz, tasvirning ikkilanishi – diplopiya, ko‘zni harakatlantirishning qiyinlashuvi.
Bulbar miasteniya. Yutinish mushaklarining zaiflashuvi, halqum va yumshoq tanglay mushaklarining kuchsizlashuvi natijasida quyidagi belgilar namoyon bo‘ladi:
Disfoniya – ovozning sustlashuvi, uzoq muddat davom etuvchi suhbatda ovozning zaiflashib qolishi, shivirlashga o‘tish yoki tovushni bo‘g‘iqlashuvi kuzatiladi;
Disfagiya – yutinishning buzilishi, birinchi bo‘lib qattiq mahsulotlarni yutish qiyinlashadi, keyinchalik yumshoq va suyuqliklarni ham yuta olmay qoladi, hatto bemorni zond orqali ovqatlantirishga ham majbur bo‘lib qoladi.
Dizartriya – talaffuzning buzilishi, tovushlarning bir biriga qo‘shilib ketish holatlari.
Kranial shakli. Bulbar shakl bilan birgalikda chaynov va mimik mushaklar ham zararlanadi. Bunda bemor mimikasi g‘amgin tusni oladi, og‘iz ochiq holda, kulganda faqatgina yuqori lab mushaklari harakatlanadi, inson yuz ko‘rinishi “qariyalar” kabi bo‘ladi, chunki ajinlar ham yaqqol namoyon bo‘lib qoladi. Bemor ovqat massasini chaynashda qiynaladi, pastki jag‘i ko‘pincha osilgan holda bo‘ladi. Og‘izning aylana mushaklari zararlanganligi sababli lab bilan hosil bo‘ladigan tovushlarni talaffuz etishda kamchiliklar namoyon bo‘ladi.
Yuqoridagi holatlarga tovush boylamlarining zararlanishi ham qo‘shilsa, insonda asfiksiya (nafas yetishmovchiligi) ham kelib chiqishi mumkin.
Miastenik kriz belgilari
Miastenik kriz – bu inson umumiy ahvolining to‘satdan og‘irlashuvi bo‘lib, bunda mushaklarning kuchli zaiflashuvi, hatto falajlik holatlari ham kuzatiladi. Miastenik krizda quyidagi belgilar namoyon bo‘ladi:
Nafas olish: avval nafas olish soni ortadi, yuzaki nafas olish kuzatiladi. Qovurg‘alar aro mushaklar zaiflashuvi natijasida nafas olish sekinlashadi va qiyinlashadi. Bunda bemorning yuzi ko‘kargan, sianozlar bilinib turgan holatda bo‘ladi. Bemor xavotirlanadi, vahima qiladi. Nafas olishning butunlay to‘xtashi natijasida bemor hushini yo‘qotadi va tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bemorda klinik o‘lim holati kuzatiladi.
Yurak-qon tomir tizmi: puls soni oshadi, 180 marta 1 daqiqada yurak qisqaradi. Arterial qon bosim oshib, 200 mm.Hg.ust. ko‘rsatkichiga kelib qoladi. Keyinchalik pulslar soni kamayib, kuchsiz, ipsimon puls ko‘rinishda bo‘ladi.
Vegitativ nerv tizmi: so‘lak ajralishining juda kuchayishi, ter ajralishining ortishi kelib chiqadi. Agar o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa miyaning kislorod yetib bormasligi natijasida zararlanishi kuzatiladi.
Miasteniya davosi
Miasteniyani tashxislash uchun kompleks ravishda elektroneyromiografiya usulidan foydalaniladi.
Miasteniya kasalligini davolash uchun gormonal vositalar, hamda antixolinesteraza preparatlaridan foydalaniladi. Og‘ir ko‘rinishlarida sitostatik moddalar buyuriladi. Xolinergik kriz vaqtida bemorni SO‘V (Sun’iy O‘pka ventilyatsiyasi, ya’ni sun’iy nafas oldirish) ga o‘tkaziladi.
Qaysi shifokorga murojaat etish kerak?
Mushaklar tizimi tomonidan sababsiz kuchsizliklarni, zaiflashuvliklarni sezsangiz darhol nevropatolog huzuriga boring. Bolalarni esa pediatr ko‘rigidan o‘tkazish va bolalar nevrologi tavsiyalarini olish kerak bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda LOR, okulist tekshiruvi, hamda biriktiruvchi to‘qimalarning sistemali kasalliklarini inkor etish uchun revmatolog tekshiruvlaridan ham o‘tish zarur.
Miasteniya – bu jiddiy kasallik hisoblanadi. Uning belgilarini sezishingiz bilan inkor etmay, buni erinchoqlik yoki biror bir yumushni bajarishni istamaslik deb o‘ylamay, shifokor ko‘rigidan o‘tishingiz kerak. Aks holda yuqorida aytib o‘tganimizdek miasteniyaning og‘ir ko‘rinishlarida, nafas yetishmovchiligidan o‘lim holati ham sodir bo‘lishi mumkin.