Osteoxondroz kasalligi – sabablari, turlari va davolash usuli

Ushbu patologik holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarning turli-tumanligi, klinik ko‘rinishlarining xilma-xilligi, tez-tez qaytalanuvchanligi, asoratlarining og‘irligi va surunkali kechishi sababli bemorlarda sog‘lom turmush faoliyatini cheklanishi va aksariyat, faol mehnat faoliyatini yurituvchi yoshlarda nogironlikka olib kelishi, bu boradagi ko‘plab davolash-reabilitatsiya hamda nogironlik masalalarini o‘rganish naqadar dolzarb ekanligini tasdiqlaydi. Umurtqa kasalliklari ma’lum bir makon va xududiy chegara tanlamasligi sababli, O‘zbekiston sharoitida ham ko‘pincha og‘ir nogironlikni keltirib chiqaruvchi patologiyalardan biri hisoblanadi.


Dunyo olimlarining kuzatishicha, sayyoramiz aholisining 85 foizdan ko‘prog‘i umurtqa pog‘onasi osteoxondrozidan azob chekadi. Ayni vaqtda bu xastalik aksariyat hollarda  kishilarni bora-bora mehnatga layoqatsiz qilib qo‘ymoqda. Masalan, Yaponiya, Shvesiya, Angliya, Chexiya va Slovakiyada davlatlarida umurtqa osteoxondrozi kasalliklari asoratlari tufayli nogironlik ko‘paygan. Bemorlarning asosiy qismi  tekshirilganda ularning xastaligi umurtqa pog‘onalari orasidagi gardish (disk) bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi. Shuni hisobga olib keyingi yillarda bemorlarni samarali davolash usullari ishlab chiqildi va tibbiyotda “vertebrologiya” yo‘nalishi shakllandi. Endilikda ko‘pgina mamlakatlarda, xususan bizda ham osteoxondrozni davolash bo‘yicha yuqori samara beradigan vertebrologiya ilmiy-amaliy markazlari ish yuritadi.

Mundarija [Yopish]


Osteoxondroz yuzaga kelishi sabablari
Ko‘krak ostidagi siqilishlar
Ostexondroz kasalligini davolash
Bo‘yin osteoxondrozi sindromlari
Yelvizak va zaxdan saqlaning
Osteoxondroz yuzaga kelishi sabablari

Ma’lumki, osteoxondroz asosan og‘riq belgisi bilan kechadi. Og‘riqlar kelib chiqishining bosh sababi umurtqa pog‘onalari orasidagi gardishning lat yeyishi, jarohatlanishidir. Ya’ni, o‘ta og‘ir yuk ko‘tarish yoki bel sohasining yallig‘lanishi natijasida umurtqa pog‘onasi faoliyati izdan chiqadi.

Shuningdek, umurtqa pog‘onasi kanali ichidan orqa miya o‘tadigan tirqishning torayib qolishi (stenoz), spondeloartroz rivojlanishdagi notabiiy holat – spondilolistez, umurtqa pog‘onasidagi yallig‘lanish ta’sirida hosil bo‘lgan shishlar bel sohasida kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi.

Tibbiyot amaliyotida umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismi, bel va dumg‘aza atrofi hamda bo‘yin sohasi osteoxondrozlari farqlanadi. Umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismi osteoxondrozi juda sust og‘riqlar bilan kechib, bemorni unchalik bezovta qilmaydi. Lekin o‘z vaqtida oldi olinmasa, boshqa kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, bemor oylab-yillab o‘t-tosh xastaliklarini davolanadi, lekin tekshirib ko‘rilsa, bu kasallikka “ turtki” bergan ko‘krak osteoxondrozi bo‘lib chiqadi.

Ko‘krak ostidagi siqilishlar


Xo‘sh, ko‘krak osteoxondrozini bemorning o‘zi qanday aniqlashi mumkin? Agar chuqur nafas olganda ko‘krak sohasidagi og‘riq sezilsa, o‘ng qo‘lni ko‘targanda qo‘ltiq yoki qovurg‘alarda noqulayliklar vujudga kelsa yoki bemorga ko‘krak ostda “bosilish, qisilish” hislari yuz berayotganday tuyulsa, darhol shifokorga ko‘rinib, davolanish shart.

Umurtqa pog‘onasining bel va dumg‘aza osteoxondrozi ko‘pincha meyoridan ortiq yuk ko‘tarish, qaltis harakat qilish natijasida belning shikastlanishi tufayli yuzaga keladi. Bunda bel sohasidagi umurtqalararo teshikdan chiquvchi nervlar qisiladi, qattiq og‘riq paydo bo‘ladi, xuruj paytida og‘riq butun tanaga yoyilib hatto bemorning tovoni ham og‘riy boshlaydi. Og‘riqning tez-tez kuchayib turishidan cho‘chib, bemor bukchayib (o‘zini ehtiyotlab) yuradi. Agar bemor doim bukchayib yuraversa, bu holat jigar, o‘t, o‘pka, yurak va boshqa ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bora-bora  umurtqa pog‘onasi qiyshayishi ham mumkin. Bu holatda og‘riq kechayu kunduz tinmasdan bemorni qiynab qo‘yadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Makuladistrofiya — ko‘z oldidagi qorong‘ulik
Ostexondroz kasalligini davolash

Ostexondroz kasalligini davolash ikki usulda (dori-darmon yoki jarrohlik yo‘li bilan) olib boriladi. Dori-darmon (konservativ) noinvaziv usulida davolanganda bemorning umurtqa pog‘onasi cho‘ziladi. Ya’ni, u tekshirilib so‘ng rejali ravishda maxsus stolga yotqizilib, oyoqlariga 10-15  kilogrammlik toshni 20 daqiqadan to bir soatga qadar osib qo‘yiladi. Shuningdek, davolash jismoniy badantarbiya mashqlari va uqalash muolajasi bilan ham bajariladi. Og‘riqqa qarshi va patogenetik dori preparatlar tavsiya etiladi. Bel sohasiga parafin, elektrofarez, diadinamik tok qo‘yiladi, rodonli vanna qabul qilish ham foydali.

Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi osteoxondrozida ushbu sohaga tegishli nerv ildizchalarida og‘riq, pleksit (nerv chigallarining o‘tkir yallig‘lanishi), braxialgiya (yelkada paydo bo‘ladigan og‘riq), bo‘yin radikuliti kuzatiladi.

Bugungi kunda  tibbiyot amaliyotida bo‘yin osteoxondrozi ko‘p uchrayotganligi tufayli ushbu mavzuga alohida to‘xtalaylik. Bu kasallikning dastlabki belgilarini ilg‘ash qiyin emas, ya’ni umurtqaning bo‘yin qismidan chiqadigan orqa miya ildizchalari qisilishi natijasida yelka va bo‘yin atrofi og‘riydi, harakatlanganda og‘riq kuchayadi, shuningdek, qo‘lda chumoli o‘rmalagandek bo‘ladi, bo‘yinni uyoq va  bu yoqqa burish chog‘ida qisirlash eshitiladi. Qo‘l panjalarida sovuqlik va uvishish seziladi, ko‘krak, ayniqsa yurak sohasida og‘riq bo‘lishi mumkin.

Bo‘yin osteoxondrozi sindromlari


Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida juda ko‘p nervlar va qon tomirlari mavjudligi sababli bo‘yin osteoxondrozi kechishiga qarab turli ko‘rinishlarda tashxislanadi.

Og‘riqli sindrom umurtqalardagi nerv tolalarining qisilishi (kompressiya) tufayli sodir bo‘lib, bunda og‘riq bo‘yin, yelka va qo‘lga tarqaladi. Ba’zan og‘riq yengil darajada, xuddi “tok urgan”dek  bo‘lishi  mumkin. Bemor yo‘talganda, qo‘lini qimirlatganda, bo‘ynini yon tarafga burganda zo‘rayadi.

Spinal sindrom esa umurtqadagi disk churrasi bilan bog‘liq holda kechadi. Chunki  disk churrasi bo‘yin sohasidagi orqa miyani qisib qo‘yadi. Oqibatda mutaxassis shifokorlar “diskogen miyelopatiya” deb ataydigan og‘ir holat yuzaga keladi. Bemorda sezgining buzilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi, quvvatsizlik ro‘y beradi. Bu darda ayollardan ko‘ra erkaklarda ko‘proq, ayniqsa 50 yoshdan oshgan kishilarda kuzatiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Osteoxondroz qanday kasallik
Vegetativ sindrom kuzatilganda bemorlarning bo‘yin va yelka qismidagi doimiy og‘riq, qo‘llarning sovib ko‘kimtir tusga kirishi, mushuklarning atrofiya (ozish)ga uchrashi bezovta qiladi. Bu sindrom kechishida bemorning boshi og‘riydi, tez asabiylashadigan bo‘lib qoladi, xotirasi susayadi.

Kardial sindrom bo‘yin osteoxondrozida muhim ahamiyatga ega. Ko‘p hollarda ushbu kasallik davrida yurak sohasida og‘riq kuchayadi, ayrim shifokorlar esa buni stenokardiya (ko‘krak qisishi) yoki miokard infarktining boshlang‘ich davri deb noto‘g‘ri tashxislaydilar. Aslida bu sindromni “bo‘yin stenokardiyasi” deyish mumkin, chunki bunda bemor boshini burganida, qo‘lini yuqoriga ko‘targanda yoki aksa urganida yurak sohasidagi og‘riq kuchayadi, xuruj esa 1,5-2 soatcha davom etadi.

Bo‘yin osteoxondrozi asosan novokainli blokada qo‘llaniladi. Blokada tufayli vaqtincha og‘riq kamayadi, mushaklar yumshaydi, qisilib turgan nervlar va qon tomirlar faoliyati meyorga qaytadi. Shuning uchun ham blokada qilish muolajasi (buni faqat mutaxassis shifokor bajaradi) ham simptomatik davolash chorasi hisoblanadi.

Uqalash (massaj) va davolash (badantarbiya) mashqlari esa bo‘yin-yelka sohasida qon aylanishini yaxshilaydi, mushaklar tonusini meyorga keltiradi. Bunda bo‘yin osteoxondrozi ancha yengil kechadi va bemorni ortiqcha bezovta qilmaydi.

Fizioterapevtik usullar (ya’ni elektrofarez, ultratovush, Berner toklari, induktotermiya, parafinli aplikatsiya) bemor uchun juda foydali, bunday davo muolajalari ambulatoriya-poliklinikalar sharoitida ham amalga oshiriladi, bu esa bemorga ancha qulaylik yaratadi. Agarda  yuqoridagi davo usullari bemorga naf bermasa, masalan, bemor bosh miyasida qon aylanishi buzilishi, orqa miya qisilishi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi holatlarida jarrohlik amaliyoti qo‘llanadi.

Osteoxondrozni davolovchi mashqalar
Yelvizak va zaxdan saqlaning


Umurtqa pog‘onasi osteoxondrozining oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:

bir joyda uzoq vaqt muqim o‘tirishdan saqlaning va ish oralig‘ida o‘n-o‘n besh daqiqa dam olib, harakatli yengil mashqlarni bajarib turing;

agar uzoq yo‘lga ketayotganda transportda tik turishga to‘g‘ri kelsa, qorin mushaklarini taranglashtiring, shunda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushmaydi;

dam olayotganingizda ham uzoq vaqt gavdangizni egib o‘tirmang va uni  tik tutib o‘tirishga harakat qiling;

tunda uxlaydigan to‘shagingiz biroz qattiqroq bo‘lgani ma’qul;

belni yelvizakdan, sovuq va zaxdan asrang. Izg‘irinli kunlarda belga junli bog‘lama (bandaj) yoki siqib turuvchi moslama (korset) taqib yurish foydalidir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Quloq nega yomon eshitadi
Umurtqa pog‘onasini qanchalik ehtiyotlasangiz, u sizga shunchalik ko‘p vaqt xizmat qiladi va sog‘lom bo‘lishingizni ta’minlaydi. Unutmangki,  osteoxondrozni davolashda to‘g‘ri ovqatlanish ham muolajalarning  foydaliligini oshirishga xizmat qiladi. Eng avvalo tamaki chekishdan voz keching. Chunki nikotin umurtqa pog‘onasi yonidan o‘tgan katta-kichik tomirlarning torayishiga sabab bo‘ladi va natijada umurtqalararo gardish to‘la oziqlana olmaydi. Sho‘r, o‘tkir ta’mli va qovurilgan ovqatlar hamda achchiq damlangan choyni cheklangan miqdorda iste’mol qiling. Muolaja olayotganda yalpiz, tog‘rayhon, do‘lana, na’matak damlab ichish juda foydali hisoblanadi.

Ovqatlarga lavr bargi, shivit, petrushka, qalampirmunchoq qo‘shing, kaliyga boy meva-sabzavotlar (masalan, turshak, olxo‘ri qoqisi, mayiz, shaftoli, o‘rik, kartoshka, karam, baqlajon), shuningdek tarkibida magniy elementi ko‘p bo‘lgan mahsulotlar (soya, suli va grechixa yormalari, bug‘doy kepagi, bodom, yong‘oq)ni tez-tez iste’mol qilb turing.

Bo‘yin osteoxondrozini davolashga yordam beradigan maxsus mashqlarni shifokor bilan maslahatlashgan holda uy sharoitida bajarsangiz bo‘ladi. Masalan:

o‘tirib yoki tikka turgancha boshingizni pastga engashtirib, iyakni ko‘krakka tekkizishga harakat qiling. Shu bilan birga ko‘zingiz iloji boricha bo‘yn tomonga qarasin. Rostlanayotib nafas oling, bir zum tanaffus qilib, nafas chiqarib yana boshingizni pastga eging. Mashqlarni shoshilmay 10 marta takrorlang;

tikka turib peshonangizni devorga tirang va 10-15 soniya qimirlamay devorga boshingizni bosing. Xuddi shu mashqni boshingizning gardan, o‘ng va chap qismi bilan takrorlang;

tik turgancha barmoqlaringizni boshingizni ensa qismiga qo‘yib, tirsaklarni birlashtiring. So‘ngra iyagingizni bilakka tekkizishga harakat qiling. Barmoqlarni qimirlatmay bilaklarni iloji boricha tepaga ko‘taring. Bo‘yningizni cho‘zgan holatda 10-15 soniya turing;

burningizni qalam deb tasavvur qiling. O‘tirgan holda burun-qalam bilan 0 dan 9 gacha bo‘lgan raqamlarni va 9 dan 0 gacha bo‘lgan sonlarni “yozing”. Bunday mashqlarni bajarish  muvozanatni saqlaydigan vestibulyar apparatga ham foydali;

yerga qorningiz bilan yotib, qo‘llaringizni tana bo‘ylab cho‘zing va kaftlarni tepaga qarating. Boshingiz bilan oldinga qarang. Tanani bo‘sh qo‘yib boshingizni sekin-asta o‘ngga qarating va qulog‘ingiz yerga tegsin. Keyin dastlabki holatga qaytib, chapga xuddi shu tariqa buring. Mashqni kamida 10 marta qaytaring.

© Alisher SATTOROV,

tibbiyot fanlari doktori.

«Sihat salomatlik» jurnali.