Nepal Qirolligi (Nepal Adhirajya) Janubiy Osiyoda, Himolay tog’ining markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 140,8 ming km.kv. Poytaxti — Katmandu shahri. Ma’muriy jihatdan 14 zonaga, zonalar tumanlarga bo’linadi. Davlat tuzumi konstitutsiyali monarxiya. 1990-yil 9-noyabrda qirol tomonidan e’lon qilingan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i – qirol (2001-yildan Gyanendra Bir Bikram Shox Dev). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va ikki palatali parlament (Vakillar palatasi va Milliy kengash), ijroiya hokimiyati qirol va bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Kengashi (hukumat) amalga oshiradi.