Qovoqli spagetti
Mutaxassislarning fikricha muntazam ravishda qovoq iste’mol qilish, ko‘plab kasalliklarga shifo bo‘lar ekan.
Ayniqsa, qovoq me’da-ichak, asab va uyqusizlik kabi xastaliklarga da’vodir. Mikroelementlarga boy bo‘lgani uchun u organizmning immunitetini saqlab qolishga va energiya bilan boyitishga imkon yaratadi. Shu bois, bu gal sizlarni qovoqli taomlardan birining tayyorlanish usuli bilan tanishtiramiz.
Kerakli mahsulotlar: spagetti makaroni, tovuq go‘shti, 1 dona piyoz, 200 gr. qovoq, 2 bo‘lak sarimsoqpiyoz, zanjabil, 150 ml. sut, soya sousi, pishloq, ziravor va ko‘katlar.
Tayyorlanishi: tovuq go‘shti somoncha, qovoq va piyoz esa to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab olinadi. Qizigan yog‘ga to‘g‘ralgan go‘sht solinib, qizarguncha qovuriladi. Ketidan qovoq, piyoz, sarimsoqpiyoz, tuz va murch solib, qovurish davom ettiriladi. So‘ng sut va soya sousini solib, 10-15 daqiqaga past olovda qaynatiladi.
Pishgan makaron ustiga tayyor qaylani quyib, ko‘katlar bilan bezatilib, dasturxonga tortiladi.
BEGOYIM
soglom.uz/tavsiya/qovoqli-spagetti/