Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: mahalliy sharoitda yaratilgan ertapishar Sumbula, Oq dur, o‘rtapishar Istiqbol, Zafar.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun, vazndor bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Urug‘ sepiladigan maydonlar o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. Tuproq 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalangach, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.
Ekish muddati. Piyoz uch muddatda – erta bahorgi, yozgi-kuzgi va to‘qsonbosti qilib ekiladi. Bahorgi muddatda piyoz urug‘i janubiy viloyatlarda 5-25 yanvar, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 20 fevral-10 mart, shimoliy mintaqalarda 5-25 mart, to‘qsonbosti muddatda markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 15 noyabr-15 dekabr va shimoliy mintaqalarda 1 noyabr-1 dekabrda, yozgi-kuzgi muddatda shimoliy mintaqalarda 15 avgust-1 sentyabr, boshqa viloyatlarda 15 avgust-10 sentyabrda ekiladi. Piyoz urug‘i 10 sotix maydonga bahorgi muddatda 1,2-1,5 kg, yozgi-kuzgi va to‘qsonbosti muddatda 2 kg. gacha sarflanadi. Yerning nishabiga qarab qator oralarini 70-90 sm. dan olib to‘rt qatorli usulda ekiladi. Urug‘lar yerga 1,5-2 sm chuqurlikka ko‘miladi. Urug‘lar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.
Parvarishlash. Piyozni bahorda ekish uchun jo‘yaklar kuzda olib qo‘yiladi. Yozgi-kuzgi va to‘qsonbosti muddatlarda piyoz o‘rtagi, yozgi sabzavot, kartoshka hamda g‘alladan keyin ekiladi. Piyoz ikki-uch marta dastlab o‘simliklarning bo‘yi 6-8 sm. ga yetganda, ikkinchi marta bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralari 15-16 sm chuqurlikda yumshatilib begona o‘tlar yo‘qotiladi.
O‘g‘itlash. Piyoz patak ildizli sabzavot bo‘lib, ildiz sistemasi asosan tuproqning ustki qismiga yaqin joylashgan. Shuning uchun u yerning ustki qismida asosiy oziqa elementlarni ko‘p bo‘lishini talab qiladi. Bo‘z tuproqlarda har 10 sotix yerga o‘rtacha 30 kg azot, 22 kg fosfor va 9 kg kaliy berish kerak. O‘tloqi, o‘tloqi-botqoq tuproqlarda esa 25 kg azot, 20 kg fosfor va 8 kg kaliy berishni taqozo etadi. Sho‘rlangan, tuproq boniteti past bo‘lgan o‘tloqi taqir, taqir tuproqlarda piyoz yetishtirilganda 32 kg azot, 22 kg fosfor va 10 kg kaliy berish kerak.
Yana o‘qing: Xitoycha kaklet