Turli xil somsalar retsepti



Varaqi somsa




O’zbek pazandaligida varaqi tipidagi somsalar tayorlash texnologiyasiga ko’ra ikki xil bo’ladi: yo’g’da qovuriladi yoki tandirga yopib pishiriladi. Har ikkala xili ham to’y, bayram va aziz mehmon dasturxoniga tayyorlanadigan ma’zar hisoblanadi. To’y ma’zariga va aziz mehmon dastuxoniga atalgan rasmana varaqi somsa bunday tayorlanadi. Iliq suvga tuz va eritilgan qo’y yogi yoki sariyog’ solib qattiqqina xamir qorganingizdan so’ng 10 — 12 minut o’rab qo’yib, tindirib, yana mushtlaysiz. Shundan so’ng o’qlov yordamida juda nafis (1 — 2 mm) qilib yoyasiz. Yoymaning yuzasiga yog’ surkab, eni 7 — 8 sm keladigan tasmalar kesasiz. Tasmalarni 3 — 4 tasini bir — birini ustiga qo’yib yana eni 7 — 8 sm keladigan qilib kessangiz, 3 — 4 qavatli kvadrat jildlar hosil bo’ladi. Jild o’rtasini juva bilan nafisroq qilib yoyasiz, chekkalari esa qat — qatligicha qolaveradi. Shu usulda tayorlangan jildlarga bir choy qoshig’ida qiyma solib uni ikki buklaysiz, chetlariga qo’l tekkizmay qiyma solingan joyi atrofini barmoqlar bilan ezib yopishtirasiz. Ana shu somsalarni dog’ bo’lib turgan frityur yog’ga solib, qizarguncha qovurasiz, chekkalari xuddi kitobning varaqlariga o’xshab chiroyli chiqadi. Qiymasi bunday tayorlanadi: kam yog’roq qo’y (mol) go’shtini qiymalagichdan o’tkazib, juda mayin qilib to’g’ralgan piyoz, murch va tuz qo’shib yaxshilab aralshtirasiz. Dog’langan yogdan tovaga solib qiymani jazlab olasiz. Go’sht bilan piyoz seli terilguncha kovlab turasiz. So’ngra qiymani laganga solib yoyib sovitasiz va jildlarga solib yuqorida aytilganidek qilib tugasiz. Somsalarni qovurib olganingizdan keyin likopchalarga, laganga solib, yuziga qand upasidan sepib dasturxonga tortasiz. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 50 gr eritilgan qo’y yog’i (sariyog’), 0,75 stakan suv ,bir choy qoshig’ida tuz; qiymasi uchun 400 gr yog’siz go’sht, 3-4 bosh piyoz, ta’bga ko’ra murch va tuz solasiz. Frityur uchun 1 kg o’simlik moyi dog’lanadi.

Tandir varaqi — somsa



Somsaning ushbu turi shahar aholisi o’rtasida ancha qadimdan kelib chiqqan bo’lishi kerak. Chunki hvsala bilan bemalolchilikda tayyorlashni taqozo qilishi va tuzilishi ham chiroyli — to’rt shaklda, xo’randaga este’tek zavq beradigan qilib yasalishi kabi omillar bunga ishora qiladi.Tandir varaqi to’y, bayram va katta mehmondorchilik izdahonlarida asosiy ma’zar hisoblanadi. Oddiy xamir tayyorlaysiz, o’rab 10 — 12 minut tindirib olgach o’qlov yordamida (1 — 2 mm) qilib yoyasiz.yoymaning yuziga eritilgan mol yog’i surkasangiz, u darhol to’nglaydi.ana shunday yoymani ro’lon qilib o’raysiz, yog’ tomoni ichida qoladi. Rulondan eni 5 sm keladigan to’garakchalar kesasiz. Har bir to’garakchani barmoq bilan tekislab, juva yordamida 2 — 3 mm keladigan qilib yoysangiz, qatlama jild hosil bo’ladi.Jildlar o’rtasiga 1 osh qoshig’ida qiyma solib xoh yumaloq, xoh uchburchak, xoh to’rtburchak, xoh kvadrat shaklida bo’lgan somsalar tugasiz. To’garak yoyma ana shu xil shaklida somsa tugish uchun eng qulay hisoblanadi. Somsalarni tandirga yopib yoki patnisi yog’langan duxovkaga qo’yib pishirasiz. Dasturxonga likopchalarda tortiladi. Ushbu somsani issig’ida ham, soviganda ham emas, ilig’ida iste’mol etish lazzatli bo’ladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 stakan suv, 1 choy qoshig’ida tuz, 50 gr mol yog’I (yoymaga surtish uchun); qiymasi uchun 400 gr go’sht, 50 gr dumba (charvi) yog’, 300 gr piyoz, 1 choy qoshig’ida tuz va murch kerak bo’ladi.

Oshqovoq somsa



Qadimiy qishloq aholisining taomi bo’lib, keyin shaharlarga ham keng tarqalgan. Iliq suvga xamirturush solib, tuz bilan birga eritgach, qisimlab un solib, xamir qilasiz — da, o’rab, oshirish uchun olib qo’yasiz. Oshirilgan xamirdan yong’oqday zuvalachalar yasagach, urvoqqa belab, juva bilan qalinligi 2 mm qilib jild yoyasiz. Har bir jildga oshqovoq qiymadan solib to’rtburchak shaklida somsalar tugasiz (oval, dumaloq, uchburchak, yarimoy shakllarida somsa tugsa ham bo’ladi). Somsa qizitilgan tandirning jag’iga yopilib yoki duxovkada pishiriladi. Duxovka avval qizitilib, patnisi yog’lanishi shart, aks holda somsa yopishib qoladi. Qiymasini tayyorlash uchun somsa oshqovoq tanlanadi. Bu jaydari navning po’chog’i qattiq yog’ochsimon, sirti qora — sariq — olachipor bo’ladi. Qovoqni ikkiga yorib, urug;I olib tashlangandan so’ng, maxsus qoshiqsimon qirg’ich yordamida qirasiz. Agar oshqovoqning boshqa navini tanlagan bo’lsangiz, urug’ini olib tashlagach 1 x 1 x 1 sm kubik shaklida — mayday to’g’raysiz. Bunga halqa qilib to’g’ralgan piyoz, jizza yoki mayday to’g’ralgan charvi yog’, tuz va qalampir qo’shib mijiysiz. Tayyor somsalarni tandirdan uzib, bir oz tobini chiqargach, dasturxonga tortasiz. Oshqovoq somsa soviganda ham o’z xushxo’rligini yo’qotmaydi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 25 gr xamirturush, 1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz solinadi; qiymasi uchun 700 gr oshqovoq, 3 — 4 bosh piyoz, 100 gr charvi yog’ (yoki 1 stakan jizza); tuz va qalampir ta’bga ko’ra olinadi.

Ko`k somsa I



Bunday somsa yilda bir — ikki marta, bahor oylaridagina tayyorlanishi mumkin bo’lganligi uchun ham tansiqdir. Oshqovoq somsada aytilganidek xamir qoriladi va yoyiladi. Qiymasi navbahorda ilk ko’karib chiqqan otquloq, jag’ — jag’, yalpiz, yo’ng’ichka, machin, sho’ra, chumchuqko’z, beda, ismaloq, qoqiut, gazandao’t kabi dorivor giyohlardan tayyorlanadi. Ko’katlarni saralab, 4 — 5 maratoba yuvib, suvi silqigach, mayday qitqasiz yoki chopasiz. Bunga bosh piyoz, ko’k piyoz, sarimsoq ko’ki, jizza yoki qo’y yog’i, tuz va murch qo’shasiz. Tayyorlab qo’yilgan har bir jildga bir osh qoshig’ida ko’k qiymadan solib to’rtburchak shaklida somsalar tugasiz va tandirning jag’iga yopib pishirasiz. Masalliq; xamiri uchun 500 gr oq un, 25 gr xamirturush,1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz; qiymasi uchun bahorda yangi ko’karib chiqqan turli dorivor giyohlardan biri (bir necha xilini qo’shib tayorlasa ham bo’ladi) 500 gr, bir bog’ ko’k piyoz, bir bog’ sarimsoq koki, bir bog’ ukrop, 2 — 3 bosh oq piyoz, 100 gr jizza yoki 50 gr charvi yog’, 4 dona tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch olinadi.

Ko`k somsa II



Oddiy xamir (xamirturushsiz) qoriladi. Sochiqqa o’rab 10 — 12 minut tindirib olingandan so’ng 50 grammli zuvalachalar yumaloqlaysiz. Har bir zuvalachani jo’va bilan yoyib jild hozirlaysiz. Har bir jildga bir osh qoshig’ida ko’k qiymadan solib, ikki buklab chetlarini yopishtirsangiz, yarimoy shaklidagi somsalar hosil bo’ladi. Qiymasini tayorlash uchun yuqoridagi reseptda ko’rsatilgan giyohlardan olib, mayday qirqib, bunga yana boshpiyoz, ko’k piyoz, sarimsoq ko’ki, jizza yoki mayda to’g’ralgan charvi yog’, qattiq pishirib to’g’ralgan tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch qo’shib aralashtirasiz. Ushbu ko’k qiymani qo’y yog’ida jazlab olinadi. Buning uchun charvi yog’ yoki dumba yog’ni mayday to’g’rab, eritib, jizzasini olib ko’kat qiymaga qo’shasiz, yaxshi dog’ bo’lgan yog’ga ko’k qiymani solib dam kavlab, dam dimlab tursangiz, hajmi ancha kamayib, seli chiqadi. Ana shu paytda olib laganga solib yoyib — yayratib sovutasiz. So’ngra jildlarga solib yarimoy shaklidagi somsalar tugasiz va buni dog’langan yoqqa solib qizartirib qovurib olasiz. Tobi chiqib, yeyishli bo’lganda dasturxonga tortiladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 1 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz, qiymasi uchun har xil giyohlardan 500 gr, 1 bog’ ko’k piyoz, 1 bog’ sarimsoq ko’ki, 2 — 3 bosh piyoz, 1 stakan jizza, 2 dona tuxum, ta’bga ko’ra tuz va murch kerak bo’ladi. Qiymani qovurish uchun 50 gr qo’y yog’i, somsalar qovurish uchun esa 200 gr o’simlik moyi olinadi.

Lazzat somsa



Bu pazandaligimizda yangi paydo bo’lgan tansiq taomdir. Margarinni muzlatgichda qotirib olib, qirg’ichdan o’tkazasiz va elangan unga qorishtirasiz. Qattiq yoki kefirni tuxum bilan birga bir hil massa hosil bo’lguncha iylaysiz — da, margarine qorishtirilgan unga qo’shib xamir qorasiz. Xamir qorish davomida navbati bilan sirka, choy sodasi va tuz qo’shasiz. Xamirni yahshi mushtlab pishitib, zuvala qilasiz va sochiqqa o’rab muzlatgichka qo’yasiz. Ana shu vaqt ichida qiymasini hozirlaysiz. Buning uchun yog’liq qo’y (mol) go’shtining lahim qismidan olib (chumchuq tili) qilib to’graysiz, piyozni esa somoncha qilib to’g’raysiz, so’ng oshpichoq bilan chopasiz, bunga tuz, murch, zira qo’shib yahshilab mijiysiz. Qiyma yog’liq chiqsa, piyozni sal ko’proq qo’shasiz yog’sizroq bol’sa kamaytirasiz. Bu somsa uchun eng yahshi qiyma tarkibi: yarim go’sht, chorak qismi yog’ va chorak qismi piyoz bo’lishi shart. Muzlatgichka qo’yilgan xamirni yong’oqday keladigan zuvalachalarga bo’lasiz. Har bir zuvalachadan jo’va yordamida 2 mm qalinlikdagi to’garak jildlar yoyasiz. Jildlarga bir osh qoshig’ida qiymadan solib sharsimon somsalar tugasiz. Duxovka patnisini yoglab somsalarni bir — biriga yopishtirmay terasiz, yuziga iylangan tuxumdan surtib, sedana sepgach, qizitilgan duxovkaga solib pishirasiz. Pishirganligi sirtining qizarganligi bilan aniqlanadi. Duxovkadagi somsalarning qizarganligiga qarab o’rni almashtirib turadi. Laganga terib dasturxonga tortiladi. Masalliq: xamiri uchun 500 gr oq un, 200 gr margarine, 1 stakan qattiq yoki kefir, 1 dona tuxum, 1 choy qoshig’idan sirka, choy sodasi, tuz; qiymasi uchun 500 gr lahim go’sht, 250 gr yog’, 250 gr piyoz, yarim choy qoshig’ida tuz, yarim choy qoshig’ida murch, yarim choy qoshig’idazira. Yuziga esa 1 dona tuxum chaqiladi va 1 choy qoshig’ida sedana sepiladi.