Uy nonining to’q tutarligini orttirish va lazzatini yaxshilashga qaratilgan bu non unitilib bormoqda. Sababi, hamma vaqt ham har bir xonadonda jizzaning bo’lavermasligidir. Jizzaning kuyganlarini terib tashlab, (saralab) shunday dona donaligicha xamirga qo’shiladi. Xamirturush bilan tuzni iliq suvda eritib, un va suvni qisim — qisimlab qo’shib qattiq — yumshoqligi o’rtacha bo’lgan xamir qorasiz va oshirish maqsadida o’rab, issiqroq joyga olib qo’yasiz. Ko’pchigan xamirni tog’oraning o’zida mushtlab, so’ngra taxta ustiga olib, qo’l bilan qalinligini 1,5 — 2 sm qilib yoyasiz. Yoymaning yuziga tekis qilib jizzani soling va xamirning bir chekkasidan rulet qilib o’rang. O’ralgan xamirga jizza yaxshi aralashishi uchun ruletning ikki chekkasidan kaftlar bilan eshasiz, bunda o’ng kaft orqaga, so’l kaft esa oldga bir necha bor harakat qildiriladi. Ana shundan so’ng 150- 200 gr keladigan zuvalalarga bo’lib chiqasiz. Shar shaklida dumalatilgan zuvalalarni o’ng qo’lning mushti bilan, so’ng har ikkala qo’lning kafti va barmoqlari bilan ezib doira shaklidagi non yasaysiz. Nonning chetlari 2 — 3 sm, o’rtasi esa 1 sm qalinlikda bo’lsin. Har bir nonning o’rtasida chakich urib, tandirga yopib to singiguncha pishirasiz. Dasturxonga tortishdan oldin bir oz tobini chiqarib, mustaqil taom sifatida choy bilan keltirib qo’yasiz. Masalliq: 1 kg un, 50 gr xamirturush, 2 stakan suv, 300 gr jizza, 2 choy qoshig’ida tuz olinadi.
Go’shtli non
Jizzali non uchun tayorlagandek, xamir tayorlanadi, farqi xamirga jizza o’rniga go’sht qiyma solib yo’g’riladi. Buning uchun 200 gr lahim go’shtni qiymalagichdan o’tkazilib, 200 gr to’g’ralgan piyoz va 0,5 choy qoshig’ida tuz sepib yaxsilab mijiqlanadi. Qolgan jarayonlar yuqorida Jizzali non da aytilganidek amalda oshiriladi. Masalliq: 1 kg un, 50 gr xamirturush, 2 stakan iliq suv, 1,5 choy qoshig’ida tuz solinadi, 200 gr go’sht, 200 gr piyoz va 0,5 choy qoshiqida tuz solib, qiyma tayorlanadi.
Obi non
Tog’oraga iliq suv solib xamirturush va tuzni eritasiz, unni va suvni qisim — qisimlab solib o’rtacha qattiqlikda xamir qorasiz, yaxshilab mushtlab pishitib tog’oraning o’zida qoldirib yuziga sochiq yopib, ustidan ko’rpacha bilan o’rab, issiqroq joyga olib qo’yasiz. Ko’pchigan xamirni yana mushtlab, 250 — 300 grammli zuvalalar yasab, ko’p urvoq berib doirasimon — chetlarining qalinligi 2 sm, o’rtasini esa 0,5 sm qilib yasaymis. Har bir nonning o’rtasiga chikich urib, yuziga dasturxon yopib qo’ysangiz qanzimaydi va xamir yaxshi tinadi. 15 — 20 minutdan so’ng nonning orqasini namlab, qizitilgan tandirga yopib pishirasiz. Tandir devorida akkumulyatsiya bo’lgan issiqlik va cho’gdan taralgan infraqizil nurlar ta’sir etganligi uchun non g’oyat xushbo’y va lazzatli chiqadi. Dasturxonga butunligicha patnisda qo’yiladi va bevosita yeyish oldidan sindiriladi. Xamiri ushbu retsept hisobida olinib, keragicha ko’paytirilib, istalgan miqdorda non yopib oilsh mumkin. Masalliq: 1 kg un, 50 gr xamirturush, 2 stakan iliq suv, 2 choy qoshiq tuz.
Sutli non
Tayorlash usuli xuddi obi non kabi amalga oshiriladi, faqat retseptida xamirga suv o’rniga sut qo’shib qoriladi. Achigan sutni ishlatsa ham bo’ladi, qattiq zardobida xamir qorish ham yaxshi natija beradi. Masalliq: 1 kg un, 40 gr xamirturush, 2 stakan iliq sut, 1,5 choy qoshiqida tuz kerak bo’ladi.
Patir non
Qadim zamonlardan to hanuzgacha yetib kelgan bu non ramziy ma’nolarni ham anglatib aziz mehmon va to’y dasturxonining ko’rki hisoblangan. Dasturxonda patir bo’lsa mehmondorchilik uchun maxsus tayorgarlik ko’rilganini anglatgan. Uni katta qilib yasab, yopilishi ko’pchilik tomonidan iste’mol etilishiga mo’ljallanganligini bildiradi. Nikoh to’ylari oldidan kuyov tomon — qudalar albatta patir yopib kelganlar. Dastuxonda patir ushatilishi, qiz tomonning to’yga rozilik alomatini bildirgan. Iliq sutda xamirturush va tuzni eritib, dog’lab sovutilgan qo’y yog’i yoki sariyog’ qo’shib yaxshilab aralashtirasiz. So’ngra oz — ozdan un solib qattiq xamir qorasiz, uzoq muddat mushtlab pishitganingizdan so’ng o’rab issiqroq joyda oshguncha qoldirasiz. Ko’pincha xamirdan 500 grammli bo’laklar uzib olib, zuvalalar yasaladi. Har bir zuvalani taxta ustiga qo’yib bir yonidan chap qo’l bilan o’zingizga qaratib burab aylantirib, o’ng qo’lda qirg’og’ini pichoq bilan tilib kungura solasiz, tepasini ham kesishma chiziqli qilib tilib chiqasiz. Ana shunday tayorlangan zuvalalarning tepasidan musht bilan ezib, so’ng barmoqlarni chaqqon ishlatib lagan kattaligida non yasaysiz. Nonning chetlari 3 — 4 sm qalinlikda, o’rtasi esa 1 sm keladigan bo’lsin. O’rtasiga juda zich qilib chikich urasiz va yuziga sedana sepasiz. Hamma zuvalalardan patir yasab bo’lgach, yuziga dasturxon yopib 15 — 20 minut tindirib qo’yasiz. Shu muddat ichida tandirga o’t qo’yib qizigach, cho’g’ni o’rtaga to’plab, ustiga kul tortasiz, tandir devorlariga va patirning teskari tomoniga xiyol namakob surtib, chaqqonlik bilan yopishtirasiz. Patir tandirda obi nonga qaraganda uzoqroq ushlanadi. Yopilgan nonning sirti bir oz qotganda bug’ hosil bo’lishi uchun suv sevalaysiz va cho’g’ning yuzini ochasiz, ba’zan tandirning qopqog’ini bir oz muddat berkitib dimlanadi. Pishganligi sirti qizarganidan aniqlanadi. Tandirdan uzib olgach, issig’ida yuziga bir bo’lak eritilmagan dumba yog’i surtsangiz chiroyli chiqadi. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan iliq sut, 40 gr xamirturush, 150 gr eritilgan qo’y yog’i yoki sariyog’, 2 choy qoshig’ida tuz, yuziga sepish uchun 1 choy qoshigida sedana kerak.
Yog`li kulcha
Xamir qorilishi va yopib pishirilishi patirning o’zginasi, biroq kichikroq — 150 gr zuvalachalar olib yasaladi. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan iliq sut, 40 gr xamirturush, 150 gr eritilgan qo’y yog’i sariyog’, 2 choy qoshig’ida tuz va 1 choy qoshig’ida sedana kerak bo’ladi.
Lochira non
To’y, bayram va aziz mehmon dastuxoniga atab Toshkentda pishiriladigan qadimiy nonning bir xili. Sut bilan tuxumni iylab, bunga tuz va eritilgan qo’y yog’I yoki sariyog’ qo’shasiz. Ana shu suyuqlikka qisim — qisimlab un solib xamir qorasiz. Xamirni zuvala qilib, sochiqqa o’rab 10 -15 minut tindirib olasiz. So’ngra 200 grammli bo’laklarga bo’lib, qalinligi 1 sm, tekis qilib juvada yoyasiz, hoshiyasini esa bo’rttirmaysiz. Qirg’oqlarini pichoqda shesteryonkaga o’xshatib kesib chiqasiz, yuziga goh chikich urib, goh chimchilab gul solasiz. Sopsiz cho’yan tovani yog’lab, lochirani solasiz, chetini tovaning chetiga moslab bukasiz, toki non tova shaklini olsin. Duxovkani 300 gradusgacha qizdirib, nonni tovasi bilan qo’yib sirti qizarguncha pishirasiz. Yuzi yaltiroq chiqishi uchun iylangan tuxum surtsangiz ham bo’ladi. Dasturxonga tortganda tova shaklida bo’lgan nonga qand -qurs yoki meva — cheva solib keltirasiz. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan sut, 1 dona tuxum, 1 stakan eritilgan qo’y yog’i yoki sariyog’, 2 choy qoshiqida tuz solinadi.
Qatlama patir
Bu xil patir non Buxoro, Qashqadaryo, Surxandaryo, vohalaridagi qishloq joylarda to’y va mehmon dasturxoni uchun qadimdan tayorlab kelinadi. Bular orasida eng mashhuri Qarshi qatlamasi bo’lib, ancha katta, diametri 50 — 60 sm qilib yasaladi. Suv yoki sutda xamir qorasiz, zuvala qilib o’rab olib qo’yasiz. 12 — 15 minutlardan so’ng tingan xamirni jova hamda o’qlov yordamida 1 — 2 mm li qilib yoyasiz. yoymaning yuziga qaymoq (sariyog’, maska yog’ yoki eritilgan qo’y yog’i) surib o’qlovga o’raysiz — da, uzunasiga pichoq bilan tortib kessangiz, eni 4 — 5 sm keladigan tasmalar hosil bo’ladi. Tasmalarning 4 — 5 tasini bir — biri ustiga qatlab, serpantin qilib yumalatib (o’rab) taxtaga qo’yib, jo’va bilan qalinligi 1 sm keladigan qilib yoyasiz. Yuziga bir tekis chakich urib, tandirda boshqa nonlar kabi pishirasiz. Masalliq: 1 kg oq un, 2 stakan suv, 2 choy qoshig’ida tuz, xamir yuziga surtish uchun 300 gr qaymoq yoki 200 gr sariyog’ kerak bo’ladi.
Qozon patir
O’zbekistonda ilgari chorva bilan mashg’ul bo’lgan aholi muhim bir joyda turmaganliklari uchun uy ham qurishmagan, nonni esa o’zlari bilan olib yurgan, qozonda pishirishgan. Bu unitilgan non endilikda tiklangan hisoblanadi va aziz mehmon dasturxoniga ko’kr beradi. Iliq sutga xamirturush va tuz solib eritasiz. So’ng qisim — qisimlab un qo’shib qorgan qatiqqina xamiringizni oshirish uchun issiq o’rab qo’yasiz. Ko’pchigan xamirdan 500 grammli zuvalalar qilib, taxtaga qo’yib kaftlar bilan ezib — tekislab qalinligi 1,5 — 2 sm keladigan patir yasaysiz. Ushbu patirning yuzi chakichlanmaydi hamda boshqa nonlar kabi hoshiyasi ham qalin qilinmaydi. Qozonni quruq qizdirasiz va haligi tekis qilib yasalgan patirni solsangiz qozon shaklida kiradi. Qo’l bilan, kapgir bilan qo’zg’atib, qizigan qozon devorlariga surkab tursangiz bir tomoni qotadi, so’ng aylantirib ikkinchi tomonini ham qozon devoriga ishqab,olovini o’rtacha berib qizartirasiz.Qozon shaklini olgan kosasimon non hosil bo’ladi Uni yanada singdirish uchun cho’g’ taftida aylantirib, batamom pishirasiz. Dasturxonga tortishda patirni ichiga sariyog’ solib keltirasiz.Uni bir chekkadan sindirib, ichidagi sariyoqqa botirib yeyiladi. Masalliq: 1 kg oq un, 2 stakan iliq sut, 1,5 choy qoshiq tuz, 30gr. xamirturush, 200gr. sariyog’.