Aytib bo‘lmaydigan so‘zlar 12+


1.“Uf” demang…


Alloh taolo ota-onaga “Uf” deyishdan qaytargan: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro surasi, 23-oyat).


2.“Ertaga bajaraman” demang…


Biror ish boshlash oldidan “Men buni ertaga albatta bajaraman”, deyishdan qaytarilganmiz: «Biror narsa haqida: «Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman», deya ko‘rmang!» (Kahf surasi, 23-oyat).


Alloh taolo oyatning davomida: Illo, «Inshaalloh, (Alloh xohlasa)» (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan)Rabbingizni zikr qiling (ya’ni «inshoalloh», deng) va: «Shoyad, Rabbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa», deng!» (Kahf surasi, 23-oyat) deb marhamat qilgan.


3.Zamonni yomon deb aytib bo‘lmaydi…


Zamonni Alloh yaratgan. Alloh taolo yaratgan narsalarda kamchilik bo‘lmaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Zamonni so‘kmanglar, chunki Alloh zamon (ga bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni qiluvchisi)dir”, dedilar.


4.“Agar” so‘zini qo‘llashda ehtiyot bo‘ling.


Atrofni kuzatadigan bo‘lsak, qandaydir musibat va falokat qarshisida o‘zimizni beixtiyor “Agar” so‘ziga to‘qnash kelamiz. “Agar men bu yerga kelmaganimda falokat yuz bermasdi”, “agar men uni uydan chiqarmaganimda shu musibat sodir bo‘lmasdi” deb aytish o‘rniga “Alloh taolo taqdirga yozgani bo‘ladi”, deb aytish durust bo‘ladi. “Agar” degan so‘zni qo‘llashda ehtiyotkor bo‘lmasak, Allohning taqdiriga rozi bo‘lmaslik hissini paydo qilgan bo‘lamiz. Va unutmasligimiz kerakki, neki sodir bo‘lsa, “agar”sizdir. Chunki Alloh xohlagani bo‘ladi!




Facebookdagi «Qalb me’morlari» guruhidan olindi