“Ayol kishi teskari magnitga o‘xshaydi: yaqinlashsang uzoqlashadi, uzoqlashsang yaqinlashadi” deb aytgan edi buyuk adib O‘tkir Hoshimov. Ayol tabiati xususida gap ketar ekan, ulardagi xususiyatlar kutilmagan tabiat jarayonlariga qiyoslanadi. Quyida ulardagi rashk xususida fikr almashamiz:
Ayolning o‘z erini rashk qilishi tabiiy hol, muhabbatdan nishona bo‘lishi ham bor va bu me’yorda bo‘lsa, zarari yo‘q. Undagi bu holni tushunish ham erkaklikning kamolotidan hisoblanadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kecha uning huzuridan tashqari chiqibdilar. U aytadi: «Men u zotga rashk qilib qoldim. U zot kelib, mening nima qilayotganimni ko‘rib: «Senga nima bo‘ldi, ey Oisha? Rashk qildingmi?» dedilar. Men esa: «Mendek odam sizdek zotga rashk qilmasinmi?» dedim».
Ayol o‘z sevganining yonida sukut saqlasa, so‘zlar ko‘z yoshi ko‘rinishida keladi…
Ayol avvaliga sizga yaqinlashishdan qo‘rqadi. Oxirida siz undan uzoqlashganingizda, u achchiq ko‘z yosh to‘kadi. Buni ko‘pchilik tushunmaydi.
Ayol yo buyuk makr, yo buyuk sevgidir. Qay birini tanlash, o‘z qo‘lingizda. Makr qilsangiz, makr qiladi. Sevsangiz, jonini beradi.
Ayol o‘zi kasal bo‘lsa ham, davolaydi. O‘zi g‘am ichra bo‘lsa ham, tasalli beradi. Bemor bo‘lsangiz, charchagan bo‘lsangiz ham, tuni bilan uxlamay qarab chiqadi. O‘zi tanimagan insonining qayg‘usidan tashvishlanadi.
Ayol qanchalar ulg‘aymasin, unga bolalarga qilinadigan beg‘ubor muomalani xohlaydi.
O‘zingiz bilan qayg‘ular olamini ko‘tarib kelgan bo‘lsangiz, ayolning qalb eshigini qoqmang!
Ayol… unga bag‘ritoshlik qilsangiz ham, u mehr — shavqatni tark etmaydi.
Ayolning tantiqligi, rashklarini, faqat uni chindan sevgangina ko‘taradi.
Ayoldan insoniylik, muloyimlikni o‘rganish, erkak uchun ayb emas.
Ayol xiyonatdan, yuqotishdan, ayriliqdan qo‘rqadi. Yaxshi ko‘rgan insonini osonlikcha unutmaydi.
Ayol otasiz bolasini tarbiyalay oladi. Lekin, erkak kishi onasiz bolani ulg‘aytirishi amri muhol.
Oiz Qorniyning ajoyib so‘zlari bor:
«U hech narsa bo‘lmaydi. Istasang «barcha narsa» bo‘ladi.
Senga ruh puflanganda ayolning qornida bo‘lasan.
Yig‘laganingda ayolning quchog‘ida bo‘lasan.
Oshiq bo‘lganingda ayolning qalbida bo‘lasan.
Shunday ekan, unga yumshoq bo‘l! Ayol omonat. Xor qilishing uchun yaratilmagan.
psixolog Gulbahor Yusupova tayyorladi
pmt.uz