Qush uyasida ko‘rganini qiladi 10+


“Tarbiya” so‘zi arabcha “robba” fe’lidan olingan bo‘lib, o‘stirdi, rioya qildi, rahbarlik qildi ma’nolarini bildiradi. Tarbiya xususida so‘z yuritar ekanmiz, shu o‘rinda Abdulla Avloniyning quyidagi fikrlarini eslab o‘tish kerak: “Avvalo tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak”. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rnak namunasi eng ta’sirchan vositadir. Chunki, farzand-ko‘zgu. “Ko‘zgu”dagi “nuqson”lari uchun inson o‘zidan xafa bo‘lishi kerak.

Sizning xatti-harakatlaringiz, aytayotgan har bir so‘zlaringiz farzandingizda aks etib boradi. “Ming marotaba eshitgandan bir marotaba ko‘rgan afzal”dir. Agarda ota cheksa, ichsa, haqoratli so‘zlar aytsa, voyaga yetayotgan farzandlarning tarbiyasiga juda katta ta’sir etadi. Bu munosabatlarni ko‘rgan o‘g‘il-qizlar oddiy jarayondek qabul qiladi. Oqibatda farzandlar ulardan nusxa oladi. Bundan ko‘rinadi-ki, ayrim otalarning axloqi, uyida o‘zini tutishi, ichkilikbozligi va boshqa salbiy holatlari bolalariga yomon ibrat bo‘ladi, albatta.

Otaning onaga bo‘lgan munosabatiga qarab, qizlar odatda o‘zini kelajakda turmush o‘rtog‘iga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishini o‘rganib boradi. O‘g‘il bolalar tarbiyasida ham shunga o‘xshash tamoyil ustuvor bo‘ladi. Ya’ni, ular ham ota-onalarning o‘zaro munosabatlariga mos tarzda o‘zini kelajakda oila boshlig‘i, er roliga hamda onasining yurish-turishi va farzandlarga munosabatiga qarab, onalik roliga ruhan tayyorlab boradi. Va xuddi shunday oila qurishga harakat qiladi. Shuni unutmang: Har bir aytayotgan so‘zlaringiz amaliy harakatlaringizda aks etar ekan, bolaga ko‘rsatadigan ta’sir darajangiz yuqori bo‘ladi.



psixolog Gulbahor Yusupova tayyorladi

pmt.uz