Oilada bolalar tarbiyasi

Bolalar! Naslimizni davom ettiruvchi mitti yulduzlarimiz. Ular bilan hayotimiz mazmunli. Ular ko`zlarimiz quvonchi. Hali shakllanib ulgurmagan nihollar ular. Bu nihollarga shakl va yo`nalish berish ota-onaning burchi. Bu burchni kim qanday bajaryapti? Tasavvur qiling yangi niholga oziq va parvarish kerak. Unga vaqtida suv quyib turish, taglarini yumshatish, vaqti kelganida esa ortiqcha novdalarini olib tashlash kerak bo`ladi.



Bolalar ham ota-onaning parvarishiga, mehriga muhtoj bo`ladi. Odatda chaqaloq tug`ilganidan keyin juda katta e`tibor bilan parvarish qilamiz. Uni suyib erkalaymiz. Ba`zilar bola katta bo`lgani sayin bolasiga kamroq e`tibor beradigan bo`lib qoladi. U endi o`zini o`zi eplaydi. Shu fikr bilan bolani o`z holiga tashlab qo`yishadi. Bola o`z ota-onasidan etarlicha mehr va tarbiya olmas ekan, u kelajakda muammo keltiradigan, boshqalarga ozor beradigan inson bo`lib etishadi.

Bolaga qachondan tarbiya berishni boshlash kerak? Bolangiz sizni gapingizni tushunadigan bo`lganida tarbiya berishni boshlang. Ba`zi bolalar 9-10 oylik bo`lganlarida onasining gapini tushunadi. O`sha paytdan nima mumkin nima mumkin emasligini aytib boshlang. Har safar fikringizda qat`iy turing. Bir narsa mumkin emasmi, har safar bolangiz shu narsaga tegmasligiga e`tibor bering. Bir safar mumkin emas bo`lsa, ammo keyingi safar ish bilan ovora bo`lib, bolaning quloqsizligiga e`tiborsiz bo`lmang. Hech qachon jaxl va nafrat bilan jazolamang. Bolangiz sizning nafratingizni sezadi. Jazolashdan oldin o`zingizni qo`lga oling. Bolani jaxl bilan emas sevgi bilan jazolash kerak. Uning qilgan ishidan jaxlingiz chiqqani uchun emas, uning xatosini to`g`rilash uchun jazolang. Har doim bergan jazoingizda me`yor bo`lsin. Shu me`yorga amal qiling. Shunda bolangiz ota yoki onasi o`zini tuta biladigan inson ekanini ko`radi. Tasodifiy xatolar uchun bolani jazolamang.

Qush uyasida ko`rganini qiladi. Shuning uchun yaxshi o`rnak bo`lishga harakat qiling. Eng yaxshi ona yoki eng yaxshi ota bo`ling. Oila va uy bolalaringizni eng sevimli maskani bo`lsin.

Siz buni qila olasiz. Shunday qilyapsiz deb o`ylaymiz.