Fargʻona viloyati

Fargʻona viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Respublikaning sharqida, Fargʻona vodiysining janubida joylashgan. Shimoldan Namangan, Andijon viloyatlari, janub va sharqdan Qirgʻiziston, gʻarbdan Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh. Maydoni 6,8 ming km2. Aholisi 3,317 ming kishi (2012). Tarkibida 15 tuman, 9 shahar (Beshariq, Margʻilon, Rishton, Fargʻona, Yaypan, Quva, Quvasoy, Qoʻqon, Hamza), 10 shaharcha, 164 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2004). Markazi — Fargʻona shahri.


Fargʻona viloyati
TARIXI


Fargʻona darvozasi

Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning qadimgi madaniyat oʻchoqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgoxlari va qoyatoshlariga solingan suratlar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. Fargʻona viloyatining tosh davri yodgorliklarini 1954-yil A.P. Okladnikov rahbarligidagi arxeologiya otryadi oʻrgangan. Vodiyning sharqiy qismidagi Qayroqqum, Xoʻjagʻor va Uchqoʻrgʻon makonlaridan mustye davriga oid tosh qurollar topildi. Vodiyning gʻarbiy qismidagi qadimgi tosh davri madaniyatiga oid manzilgohlar mustye davridagi Qalʼacha, Jarqoʻton va Qapchigʻay tosh qurollar ishlash ustaxonalari topilib oʻrganildi. 1958-yil birinchi marta Markaziy Fargʻonadan mezolit davriga oid mikrolit tosh qurollari topildi. Shuningdek, Markaziy Fargʻonadagi Uzunkoʻl va Tayloqkoʻl atroflaridan mezolit va neolit davrlariga oid 24 ta manzilgoh borligi aniqlandi (1965). Soʻx vohasidagi 28 gʻor va ungurlar (Selungur, Eshma, Obishir, Sur, Bel, Zim, Ovikambar, Bogʻishim va boshqalar) roʻyxatga olindi. Obishir gʻorlaridagi madaniy qatlam yaxshi saklangan. Gʻorlarni qazish jarayonida mezolit davriga oid tosh qurollar, xayvon suyaklari topilgan. Bular oʻsha davr turmushini oʻrganish imkonini beradi.

1967 va 1969—70 yillarda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyi xodimlari mezolit va neolit davrlariga oid 35 ta manzilgohtopdilar. Fargʻona viloyatining arxeologik yodgorliklarini oʻrganishda Katta Fargʻona kanalining qazilishi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Kanalni qazish jarayonida jez davri, quldorlik va zamindorlik jamiyatlariga oid yodgorliklar topildi va tekshirildi. Quva va Toshloq tumanlari oʻrtasidagi Akbarobod qishlogʻida jez davriga oid manzilgoh, Margʻilonsoyning chap sohilida Oqtom qabristoni boʻlganligi aniqlandi. Fargʻona viloyatining Quva tumanida quldorlik davriga oid Taxyontepa, Fargʻona shahrida Simtepa (Chimtepa) kabi yodgorliklar topib oʻrganilgan. Ayniqsa, Quva shahridagi mil. av. 5-asr va oʻrta asr boshlariga oid topilmalar yaxshi tekshirilgan. 10—11-asrlarga doir tarixiy manbalarda bu shahar obodligi va kattaligi jihatidan vodiyda Axsikatdan soʻng eng yirik shahar deb qayd qilingan. Arxeologik materiallar Margʻilon sh. 10-asrda katta qishloq boʻlib, 11 — 12-asrlarda shaharga aylanganligini, Rishton esa 10-asrda katta shahar boʻlsa ham, 11—12 asrlarga kelib qishloq qiyofasiga kirib qolganligini isbotlaydi. Oʻtroq dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Fargʻona vodiysini oʻrganishda muhimdir. U yerda ishlab chiqarish kuchlari va xoʻjalikning taraqqiyoti jez davrining oxirida dehqonchilik qabilalarining ijtimoiy tuzumida oʻzgarish yuz berishiga, natijada ibtidoiy tartiblar tugab jamiyatdagi tabaqalanishga olib kelgan. Roʻzgʻor anjomlarida xususiy mulkchilik kurtaklari koʻzga tashlanadi. Arxeologik tekshirishlar natijasi Fargʻona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi.


TABIATI

Fargʻona viloyatining shimoliy qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan, janubdan Olay tizmasidan oqib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan oʻralgan. Janubda adirlar Olay tizmasining togʻ oldilari bilan almashinib turadi. Fargʻona viloyati yuqori seysmik zona qisoblanadi. Iqlimi kontinental. Qishi birmuncha yumshoq, baʼzan havo juda sovib ketadi. Yanvar oyining oʻrtacha harorati — 3,2 °C, iyulniki 28 °C. Eng past harorat —27,9 °C. Eng yuqori harorat 42 °C. Vodiyning gʻarbida esadigan kuchli „Qoʻqon shamoli“ iqlimga salbiy taʼsir etadi. Shamolning tezligi sekundiga baʼzan 35–40 m ga yetadi. Janubi-sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga gʻarbida 100 mm dan (Qoʻqon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, togʻ yon bagʻirlarida 270 mm gacha yogʻin tushadi, asosan, bahorda yogʻadi. Vegetatsiya davri 210—240 kun. Viloyatning shim.gʻarbiy chegarasi boʻylab Sirdaryo oqadi. Olay tizmasidan Isfara, Soʻx, Shohimardon, Isfayramsoy boshlanadi. Daryolar muzlikqor suvlaridan toʻyinadi. Iyul— avgustda toʻlib oqadi. Daryo suvlari sugʻorishga sarflanadi. Asosan, boʻz tuproq va oʻtloqi botqoq tuproklar keng tarqalgan. Adirlarda aksari och va tipik boʻz tuproqlar, Sirdaryo terrasalarida allyuvialoʻtloqi tuproqlar, viloyatning shimoliy qismida shoʻrxok oʻtloqlar va ajriqli oʻtloqlar mavjud. Markaziy Fargʻonadagi shoʻrxoklarda turli xil shoʻra oʻsadi. Yerlarining kattagina qismi ekinzor. Vohalarda terak, tut, qayragʻoch, daryo vodiylarida keng bargli oʻrmonlar va archazorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan Sirdaryo toʻqayzorlarida qobon, adir va Olay tizmasi togʻ oldilarida boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, boʻrsiq, jayra yashaydi. Ondatra, nutriya iklimlashtirilgan. Qushlar, sudraluvchilar koʻp. Suv havzalarida marinka, usach, zogʻora baliq, karp, oq amur, doʻngpeshona baliqlar bor.

AHOLISI

Aholisi, asosan, oʻzbeklar shuningdek, tojik, rus, qirgʻiz, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 413,9 kishi. Shahar aholisi 800 ming kishi, qishloq aholisi 2015 ming kishi (2004).


Sport

Fargʻona viloyatida „Universiada 2004“ sport musobaqalari oʻtkazildi. 2004-yildan boshlab viloyatda sportning suv polosi va sinxron suzish turlari yoʻlga qoʻyildi, seksiyalar tashkil etildi. Mavjud sport federatsiyalaridan tashqari qoʻl toʻpi, turon milliy yakka kurashi, sinxron suzish, armrestling kabi sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari tuzildi. Fargʻona viloyatia jami 5135 sport inshooti mavjud. Shuningdek, Fargʻona Olimpiya zaxiralari sport kollejida dastlabki sport inshootlari ishga tushirildi. „Yoshlar madaniyat va sport majmuasi“, „Fargʻona“ markaziy stadioni, „Istiqlol“ tennis majmuasi, ot sporti maktabi, „Kimyogar“ sport majmuasi faoliyat koʻrsatadi. Sportning yunonrim, qoʻl jangi, taekvondo, karate, shaxmat, shashka, boks, belbogʻli kurash, milliy kurash, turon milliy yakkakurashi, yengil atletika, mini futbol, voleybol turlari rivojlangan. Viloyat sportchilari 2004-yilda xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib 7 oltin va 4 kumush medallarga sazovor boʻlishdi. Ayniqsa, Koreya Respublikasida oʻtkazilgan boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati, Qozogʻistonda armrestling , Yaponiyada baydarka va kanoe, Filippinda boks boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatlarida viloyat sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan respublika sport musobaqalarida viloyat vakillari Ye. Tunguskova va Z. Abdullayevalar qatnashib respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. Ogʻir atletika boʻyicha respublika chempionatida Ye. Sisoyeva oʻz vazni boʻyicha golib boʻldi. Shuningdek, Ye. Sisoyeva va B. Toshpoʻlatovalar 2004-yilda AQShda talabalar oʻrtasida ogʻir atletika boʻyicha oʻtkaziladigan chempionatga nomzod etib kiritildi. Nogironlar oʻrtasida stol tennisi boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida A. Ismatullayev gʻolib boʻlib, Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. 2004-yilning avgust oyida Afinada oʻtkazilgan 28 yozgi Olimpiya oʻyinlarida Fargʻona viloyatining 5 sportchisi ishtirok etdi. 2004-yilda viloyatda basketbol boʻyicha xalqaro „Mersiko“ turniri, milliy va belbogʻ kurashi boʻyicha Hazrat Ali hamda Temirjon va Hamid polvonlar xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirlarda respublika viloyatlari, 10 dan ortiq xorijiy davlat polvonlari katnashdi. Yil davomida oʻtkazilgan sport musobaqalarda ishtirok etib viloyat sportchilari 250 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritishdi. 15 sportchi sport ustasi normasini bajardi.