Maldiv orollarida dam olish

MАLDIV OROLLАRI

Maldiv orollari – Hind okeanining ekvatorial suvlarida joylashgan jannatmakon oʼlka. Moviy dengiz suvidagi son-sanoqsiz olachipor baliqlar, shoxlab ketgan kokos palmasi va bepoyon qumli plyajlar mayin quyoshni sevuvchilarni ohanrabo singari oʼziga tortadi. Maldivda yil boʼyi dam olish mumkin, sababi moʼʼtadil havo oʼn ikki oy davom etadi. Shunday boʼlsa ham noyabrdan mayga qadar orollarda sayyohlarning keskin ortishi kuzatiladi. Shu davrni bu yerda «mavsum» deb ataladi. Shaffof suv, koʼplab marjon qoyalari va suvosti gʼorlari – aynan shular tufayli bu yerga sayyohlar oqimi kamaymaydi. Bu joylarning goʼzalligini taʼriflashga til ojiz. Аgar siz shahar shovqini va tinimsiz mehnat kunlaridan qochib ketishni istasangiz, Malьdiv orollari bu borada mukammal tanlov. Poytaxt Male koʼplab yodgorliklari bilan maqtana olmasa ham, u yerda koʼrish uchun arzigulik joylar bor: qadimiy Budda ibodatxonalari qad rostlagan haykallar koʼrgazmasiga ega Milliy muzey, Muliage saroyi, qadimiy Juma masjidi va Maldiv orollari tarixidan soʼzlovchi turli-tuman obidalar. Hashamatli mehmonxona komplekslari va ochiq havodagi shinam SPA-markazlar tabiat goʼzalligidan bahramand boʼlishga yordam beradi. Maldiv orollari – dayving uchun eng ommabop maskanlardan biri. Bu yerda koʼplab ixtisoslashgan dayving-maktablar joylashgan. Mutaxassislar har bir xohlovchini dengiz tubi goʼzalliklari bilan tanishtirishga shay.

Maldiv orollarida dam olish – jonga teguvchi sivilizatsiyadan bir oz muddatga boʼlsa ham bekinish, boisi barcha mehmonxonalar orollarda joylashgan.

Maldiv orollariga safar – bu osoyishta oilaviy dam olishning ertaknamo his-tuygʼular bilan qorishmasini hosil qiluvchi favvora! Bu siz hech qachon unutmaydigan sayohat!