Tilak, niyat haqida she’rlar

NIYAT

Magar kelganda ham qiyomat qoyim,

Yor bo‘lsin yigitga niyati doim.


Tabarruk keksaning gapin eshitdim,

Boshing toshdan bo‘lsin, derdi, iloyim.


Dilovar dardida tortdim uzangi,

Men kim deb ado-yu, kimdir adoyim.


Gohida safardosh bo‘ldim g‘animga,

Sodiq do‘st topolmay qaytganda royim.


Boshimga chiqdi goh poyim to‘zoni,

Ulug‘lar qoshida goh bo‘ldi joyim.


Qismat qahr bilan yo‘lim poyladi,

Agarchi, baxt menga boqdi muloyim.

1982


Abdulla Oripov


BARAKAGA TO’LSIN UYINGIZ


Onalar, opalar, singillar,

Muborak bo‘lsin bu to‘yingiz.

O’zbekcha aytganda, har doim

Barakaga to‘lsin uyingiz.


Onalar, opalar, singillar,

Shodlikka jo‘r bo‘lsin kuyingiz.

Faqat bolalarning baxtini o‘ylab,

Kechar bo‘lsin ezgu o‘yingiz.


Onalar, opalar, singillar,

Hayotning shavqini tuyingiz.

Vatanni jondan ham ortiqroq,

Allohim qadarli suyingiz.


Onalar, opalar, singillar,

She’rimni faxrga yo‘yingiz.

Bir do‘stim degandi so‘nggi dam,

Onamning yoniga qo‘yingiz…

1996


Abdulla Oripov


AYTGIN SHUKRLAR


Dumaloq shu boshdan bo‘lmasang judo,

Ikki oyoq bilan yiroq ketgaysan.

O’lmagan qulim, deb siylasa xudo,

Jambulning yoshiga balkim yetgaysan.


Tap-taqir kallangda qozondek dastor,

Avliyo misoli ayri soqoling.

Nabira, abira tegrangda qator,

Sandiqda bisoting, qo‘rangda moling.


O’tgan hayotingdan mutloq bexabar,

Piyri badavlat deb yozar muxbirlar.

Shundayin dovonga yetolsang magar,

Aytaber Allohga cheksiz shukrlar.

1998


Abdulla Oripov



Sizga tilaklarim bir jahon bo‘lsin,

Boshingiz oftobli osmon bo‘lsin.

Kunduzning g‘aroyib chog‘idir oqshom,

Saodat birla u nurafshon bo‘lsin.


Abdulla Oripov


Oqqush misol parvozlarga shaylangan

Ertakdagi malikaga aylangan

Sultoniga kelin bo`lib saylangan

Singiljonim qutlay bugun to`yingiz

Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.


Oq atirgulsiz tong chog`i ochilgan

Chimildiqqa uforlari sochilgan

Chehrasida oftob kulgan oy kulgan

Shaloladan tiniq orzu o`yingiz

Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.


Siz tursangiz yashnab turfa libosda

Tovlanasiz tovusday har nafasda

Qo`shni qizlar termulishar havasda

Chaman bo`lar yurgan ko`cha kuyingiz

Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.


Bir kun kelgay jannatlardan sadolar

Momolardan meros sirli navolar

Go`zallikni yo`rgaklagan bahorlar

Gulbahorlar qutlar beshik to`yingiz

Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.


Kelinchak oy kelinchak

Kuyov bag`ri belanchak

Kelinchak oy kelinchak

Kuyov bag`ri belanchak.


TILAK


Har kimning ham sochlariga oq tushsin,

Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin.

Har kimning ham quvvat ketib belidan,

Qo`llariga aso — bir tayoq tushsin.


Imoni sof, yuzga kirib yorug` yuz,

To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin.

Jismiga so`nggi safar oldidan

O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin…


Muhammad Yusuf


TILAK


Yurtim,

Seni yashartirib yashasam,

Mehrim unsa har bir maysa, giyohda.

Qancha suysam,

Qancha kuysam shuncha kam,

Shuncha kamdir, shuncha kamdir, shuncha kam.

Yurtim,

Ko‘zim!

Yoshing artsam, yashartsam,

Vola bo‘lib qolsam, volang o‘zim ham.

Seni suyib, quchog‘imga aylab jo

Ko‘zing bo‘lib ko‘zin-ga nur qo‘sholsam.

O‘zing bo‘lsam,

O‘zim bo‘lsang, o‘zlashib,

Bir dil bo‘lsak,

Bitta dilday yashasak.

Va sevishsak, sevishsalar shu qadar,

Muhabbatga ishqqa do‘nsa Kelajak.

Xayolarga do‘nib qolsa havolar,

Xayolarni qona-qona simirsak.

Telbalanib bizning dalli navolar

Osmonlarda uchib yursa havolab.

Ezgulikka aylansa huv bulutlar,

Jolam bo‘lib armonlaring yuvsalar.

Quyosh misol charaqlasa umidlar,

Umidlarda unsa shirin bo‘salar.

Dunyo,

Seni yashartirib yashasam…


Abdunabi Boyqo’ziyev


Ko’zlar xali ko’rib turganda,

Yurak xali urib turganda

Oyog’ingiz yurib turganda

O’zingizni extiyot qiling!

Baxt kelganda suyunib ketmang,

G’am kelganda kuyunib ketmang

Sokin yashang osuda yashang

O’zingizni extiyot qiling!

Allohdan zikrli zabon tiladim,

Sabrli qalbu. iymon tiladim.

Shukrona qiluvchi aql-zakovat

Jannatga eltuvchi islom tiladim.

Doimo amalingiz o’ngidan kelishini,

Payg’ambar qo’lidan kavsar ichishni

Mo’minlarga munosib farzand bo’lishni,

Allohdan rizolik olmoq tiladim!