Xurshid DAVRON KUZ SHE’RLARI

Kuz shoirlarning sevgan fasli. Kuzni kuylamagan shoir boʻlmasa kerak. Oʻzbek shoirlari uchun kuz faqatgina ilhom manbai emas, shu bilan birga, bu mavsum paxta, paxtazor, egatlarga egilgan xalq timsollari bilan bogʻlangan. Bugun sizga Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning kuz bilan bogʻliq sheʼrlarini taqdim etamiz.

Xurshid DAVRON

KUZ SHE’RLARI

Xurshid DAVRON KUZ SHE’RLARI

* * *

Ko’z o’ngimda bepoyon bog’lar,

Yaproqlarda tilla rang g’ubor.

Yaqinlashib qolgandek tog’lar,

Havo shunday tiniq, beg’ubor.


Shitirlagan kechki yomg’ir, ham

Tumanlarni quchoqlagan tong,

Qop-qoraygan dalayu qir ham,

Bari menga tanish, qadrdon.

Daraxtlarda lovillar gulxan,

Yuragimda uning tafti bor.

Bog’chadagi xazonlar bilan

Uchib yurar kechagi bahor.

Meni tashlab ketmoqchi do’stni

To’xtatmoqchi bo’lganday shu on

Men jimgina qo’lim cho’zaman

Yonayotgan gulxanlar tomon.

* * *

Eshiklar to’satdan bir quchoq nurni

Sochib yuboradi tunning ko’ksiga.

Eshikni yopaman, tinch ko’chalarni

Kezib termilaman oyning raqsiga.

Keyin dalalarga chiqib ketaman,

Men bilan bog’larda tentiraydi tun.

Bulutlar oqadi. Ko’zni tutaman,

Poyimda maysalar shivirlar afsun.

Tun shaharni quchgan.

Baxtli ayollar

Erkaklar ko’ksiga qo’yadilar bosh –

Uxlar choyshablarga o’ralgan gullar,

Ko’rpani toblashib mushukday yuvvosh.

Faqat uzoqlarda, tungi qirlarda

Ko’zlari qora qiz, qoshi qora qiz

Yigitning ko’ksiga emas, dalada

Uvatga bosh qo’yib uxlaydi yolg’iz.

1977

* * *

Mezon kechdi.

Qanday shoshib kechdi bu mezon.

Hosil to’la aravasi loylarga botib

Sochi oqardi.

Mezon kechdi.

Qanday ma’yus kechdi bu mezon.

Oromni, uyquni unutib qaridi.

Yulduzlarga ulashib berdi

Daraxt uchlarida qolgan noklarni.

Chinni kosalarga musallas quyib,

Keling, mezon bilan xayrlashaylik.

Qishda uni yaqin do’st kabi

Juda ko’p bor eslaymiz hali.

1979

* * *

Tungi bog’lar – sirli, qo’rqinchli,

Xususan kuz, xususan kech kuz.

Qora tunga bo’lib qo’riqchi

Qotib turar daraxtlar unsiz.

Oyog’ingning ostida nogoh

“Chirs” etaru sinib tushar shox,

Biroq, ulkan qushdek banogoh

Qalqib ketar butun ulkan bog’.

Tungi bog’lar qora o’pqonday

Guvlar bo’ron kezingan chog’lar.

Bog’ni chetlab o’tadi tunda

Qo’rqa-pisa oydin so’qmoqlar.

1979

KUZNI O’YLA

Yozni o’yla…

Maris Chaklays

Kuzni o’yla,

Qor ketishi bilan kuzni o’yla…

Kuzni o’yla,

G’ildiragi loyga botib qolgan aravani

Tortolmayotgan otni ayamay qamchilab,

Kuzni o’yla.

Beshafqat kuzni o’yla,

Usti ochilib qolgan bolalaringni

Ko’rpa bilan o’rab qo’ya turib,

Kuzni o’yla…

Kuzni o’yla, tashnalikdan

Bahor yomg’irlari aro lablaring yorilib ketganda,

Saraton oftobi tig’ida

Mehnat qoraytirgan bolalarning

Ko’zlariga qarolmasdan kuzni o’yla.

Ikki tol ovuta olmayotgan

Belanchakdagi bolaning bo’g’ilib yig’lashi,

Kun issig’ida ko’ksida suti qurib qolgan ayolning

Iztirobi aro kuzni o’yla,

Kuzni o’yla, kuzni o’yla…

1981

TERIMCHI QIZLAR

Terimchi qizlar

Shoxlardagi qushlarday yengil,

Qomatlari xayol,

Quyosh isi anqib turar chehralaridan.

Ular

To’lib ketgan armonlar kabi,

Egatlarga egilgan.

Orzulari mezonlar kabi

Oppoq bo’lib uchib yurguvchi

Oydin shamollarga osilgan.

Huv… Bo’g’ilib sayragan

qushdan ham uzoq,

Qishlog’imning cheksiz dalalarida,

Oppoq shiyponlarda ko’ksini titroq,

Iliq, moviy shamollar o’pib,

Uxlab yotar terimchi qizlar

Tushlarini quyoshga ko’mib…

* * *

Atrofda qora kecha.

Mungli nay kuyi yangrar.

Kuz. Shamol. Bo’m-bo’sh ko’cha.

Zulmatga cho’kkan ranglar.

Sog’inch dilni o’rtaydi.

Kuz. Shamol. Bo’m-bo’sh ko’cha.

Nay kuyi – sog’inch bayti.

Atrofda qora kecha.

1983

* * *

Kuzni olib o’tdi dehqonlar

Aravada olmalar bilan.

To’lib ketdi cheksiz sayxonlar

G’ildiraklar g’irchillashidan.

Daraxtlarning rangi qorayib,

Bog’da esdi achchiq kuyundi.

Kuz yo’llari misli qora ip

Cho’zildilar – yomg’irlar yuvdi.

Oq varaqqa siyoh dog’lari

Sochilganday – ayni kun botar

Har sharpadan kuzak bog’lari

Qarg’alarni ko’kka sachratar.

Qushlar sergak –

Qora olchaday

Ko’zlarida hadik surati.

Kezib yurar bog’ni kechalar

Yog’ilmagan qorlar hasrati.

Aravada savat va savat

Naqsh olmalar osmonga boqar.

Kuzni olib ketdi arava,

Aravaga sig’madi bog’lar.

1978

UMRZOQ KUNBO’YI…

Umrzoq kunbo’yi paxtalariga

ishlov berib horib qaytadi.

Uyda uni oyday xotini,

xotinining ma’yus ko’zlari,

ikki qavat ko’rpa kutadi.

U yechinib shoshmay yuvinar,

bir oz sho’xlik qilar xotini bilan –

birdan uyg’onadi mudragan shamol,

ohista titraydi shohi pardalar.

Umrzoq xotinining ko’zidan sezar,

u ham hali tuz totimagan.

— Ovqatlansang bo’lmasmidi? – deb

Umrzoq tikilar ma’yus ko’zlarga.

Homilador xotini jilmayib qo’yar,

Siniqqan yonoqlar ketar qizarib.

Xotini juda ham yaxshi biladi –

yolg’iz ovqatlanmas eri.

Umrzoq yoriga tikilgan sayin

yelkasidan sirg’alar horg’inlik toshi.

Ular endigina cho’zilgan mahal

Ufq anor kabi qizara boshlar…

1974

SO’NGGI OLMA HAQIDA QO’SHIQ

Sunbulaning yellari

alla aytgan chorbog’da,

sunbulaning yo’llarin

yomg’irlar yuvgan chog’da,

aravalar g’ijirlab

loylarga botib qolgach,

qaqragan va tashna lab

yoz kuzga yetib olgach,

bog’lar aro hokimlik

qilganida bolalar,

qizarib nurga to’lar

so’nggi kuzgi olmalar

………………………………….

………………………………….

Ayol kabi yalang’och

go’zalligin bu damda

shoxlar aro noiloj

ko’z-ko’zlar so’nggi olma.

Bechora ko’r gadoni

o’ynagandek to’rt yondan,

tosh uchar yolg’iz qolgan

olmaga – yer, osmondan

Har daqiqa, har bir on

xavotir-la kechadi,

bog’ga kirgan har shamol

uni izlab uchadi.

Kirgan sayin kuz bog’lar

yuragiga ichkari,

Talpinar olma shoxlar

uchiga – yulduz sari.

O, yolg’iz qolgan olma,

naqadar sen shirinsan.

Holbuki sen ham o’sha

olmalarning birisan.

Faqat sen beva kabi

yolg’izsan, o yolg’izsan.

Yolg’iz ayol erkakka

shirin tuyular qizdan.

…O’rmalagach tumanlar

kuzning xira sahari,

so’nggi olma, qalbingga

botar qishning zahari.

Shimirasan entikib

va qayg’uga to’lasan.

Sovuqni qancha yutsang

shuncha shirin bo’lasan.

O, beva kabi yolg’iz

so’nggi olma, alvido.

Qoshingda turdim ma’yus,

chiqmadi sendan sado.

Bugun tunda osmonda

nogoh yulduz surilar,

ucha-ucha azonda

kelib senga urilar.

Biroq hech kim sezmas kuz

yong’inida isinib,

muzdek tongi havoda

kuygan olma isini…

1980

QISHLOQQA QAYTISH  YOKI

UMRZOQ LAYLAKNING O’LIMI

Oq ko’ylak-ishtonli Umrzoq laylak

ravoqda to’shini to’singa bosib,

tog’larga termilar, entikar yurak:

“Qishloqni ko’rmoqlik qilarmi nasib?”

Ko’zini yumadi,

g’amgin dalalar

xayolga bostirib kirar ushbu on.

Paxtazor… Charchagan yerni allalar

namxush xazon isi va telba osmon.

…Yarim tun uyg’onib ketar to’satdan —

osmonni o’ksik dil kabi titratar

uchib ketayotgan qushlar qo’shig’i.

Chol yig’lab yuborar va uchib ketar

oppoq laylaklarga qo’shilib.

1977

TUN SHUNDAY ZIM-ZIYO…

(Miroslav  Florianga nazira)

Tun shunday

zim-ziyo –

naqsh olmalar

yulduzdek porlar.

Tun shunday

chuqurki –

Uchgan yulduz

quduqqa tushar.

Tun shunday

oydinki –

Kelinchaklar

darchani to’sar.

Tun shunday

sokinki –

Eshitilar

quyosh nafasi.

1980.

ERTAKNING DAVOMI

Qiz sochida shamol hayqirar,

guvlar shamol kabi qiz sochi.

Yo’l tugaru uyiga kirar

qiz zangori eshikni ochib.

Ostonada qoladi shamol,

chekinadi ufqqa kunduz.

Paxsa devorlarni quchoqlab

yig’lar shamol ko’chada unsiz,

va shamolni daraxt shoxlari

olar ekan tinch quchog’iga,

sochiladi kuz yaproqlari

qiz yashagan uy ravog’iga.

Daraxtlar ham hech chidayolmay

derazadan mo’ralar ma’yus.

Daraxtlarni olib ketolmay

ostonada turar sarson kuz.

Quyuqlashib borarkan mayday

qora tunning qora bo’yog’i,

qiz to’shakka o’rangan paytda

tinib qolar kuzakning bog’i.

Bu sukunat farog’atidan

qiz kiprigi yumilgach asta,

qiz sochini sog’ingan shamol

derazani ochar ohista,

va tillarang xazonlar sochib,

boqmay oyning nur o’yiniga,

qordek oppoq choyshabni ochib,

kirar oydek qizning qo’yniga.

1980

ESKI SHAHAR

Bibixonim dahmasi xarobasida

so’nggi bor aks etar va so’nar quyosh.

Uyg’ona boshlaydi kun nafasidan

mudrab uxlab qolgan qora qabrtosh.

Tor, qiyshiq ko’chalar adashib qolib,

ilondek o’rmalar nurafshon tunda.

Tovlana boshlaydi qayg’uga to’lib

“Ziji Ko’ragon”ning aksi osmonda.

Mudrar sezgir qushlar butoqlar aro,

ularning uyqusin buzar shamollar

va qaysar eshagin niqtab besado

uyga qaytayotgan bozorchi chollar.

Tomga uchib tushgan yorqin bir yulduz

kuydira boshlagan paytda o’tlarni,

munkaygan chol kabi qarigan kunduz

Shohizinda tomon pisib o’tardi…

Eski shahar uxlar, mudragan toklar

paxsa devorlarni mahkam quchoqlar.

Uxlaydi boxorda qovunu-noklar,

Tushlariga kirib muattar bog’lar.

Tungi sukunatda to’kilar yerga

yillar nafasidan nam tortgan sho’rxok.

Boladek mo’ltirab boqar shaharga

bir chetda biqinib olgan mitti bog’.

1979

SO’NGGI KUZ

Mezon oqshomlari quyilgach tunga,

qayg’ular uyg’onar ko’ksimda nogoh.

Boqaman, daraxtlar singar osmonga,

anglayman: yashamoq oniy bir nigoh.

Kun kelar, qushlarning to’dasi uzoq

aylanar osmonda va o’char sasi –

bahor – tashna qushlar intilgan tuzoq,

kuzak – sindirilgan qushlar qafasi.

Ketarlar qushchalar parvoz bilan mast,

qaytarlar uvillab qora shamollar.

…Erkaklar qonida yig’lar musallas,

yig’lab kuzatadi qushlarni chollar.

1980

KUZ

Qora yomg’ir va yolg’izlik, qorong’i chorbog’ –

g’amgin qushlar karvon bo’lib ko’chib ketadi.

Yomg’ir yuvgan daraxtlardan eng so’nggi yaproq

uzilaru yurak kabi uchib ketadi.

* * *

Keyin yana kuzak boshlanar,

derazadan boqqanda – faqat

bo’zrang tuman aralash yuksak

tog’ cho’qqisi ko’zga tashlanar.

Sen o’zingni qo’yarga ham joy

topolmaysan… Beshafqatdir kuz!

Ko’kka boqsang… Ko’rinmaydi oy,

Seni yodga soladi yulduz.

Uyqusiz tun – qorong’i xatar

aro ko’kka boqasan… Tongda

sen g’ijimlab tashlagan xatlar –

oq bulutlar suzar osmonda.

1985

* * *

O’z-o’zingga aytding: “Qaragin, xazon”.

O’z-o’zingga aytding: “Qaragin, kuz bu!”

Alvonrang quyoshning yog’dusi tushib

Sening ko’zlaringga urildi ko’zgu.

Sen unga qarashga qo’rqasan, balki

Unut va olislab ketgan muhabbat

Yodini ko’zingda ko’rging kelmaydi.

O, nahot yashasang shunday to abad!

Mung’ayib, qor tushgan tongdagi qushday

Ayvon chekkasida o’ylar surasan,

U kunlar bamisli unut bir tushday –

Aytgin, tushlaringda kimni ko’rasan?!

To’zg’igan sochingdek to’zg’igan o’ying,

Osmonga boqasan, bosib titrog’ing.

Bu kuz hech kim kelmas, unutdir uying,

Hech kim taqdim etmas chinor yaprog’in.

Nega yig’lamaysan nega kulmaysan,

Umr o’tayotir, umr – oqizoq…

Nega eshigingning oldidan o’tgan

Bolalar ortidan qaraysan uzoq?..

1986

* * *

Qora tunda so’ldi yaproq –

So’nggi yaproq.

Vujudlarda so’ndi titroq,

Tindi tuproq.

Qushlar uchdi tong oldidan –

ko’k surmarang.

Ufqlarga urildi-da,

sindi jarang.

Tuman chulg’ab chiqar tog’dan

kuz quyoshi.

Tomchilaydi ho’l butoqdan

kuz ko’zyoshi.

G’ijirlaydi ko’zdan olis

bir g’ildirak –

Kimdir ketar yo qaytar? – Kuz

bilsa kerak…

Tikilaman, ilg’ar ko’zlar:

Huv, dalalar

aro so’nggi tola izlar

ho’l bolalar…

1986

PAXTAZOR

O’zbekiston – paxta dalasi,

Ufqqacha, ufqdan so’ng ham.

Bolalarning mutolaasi

Paxtazordan iborat olam.

Ular kirib kelguncha kecha,

Kun ufqqa botguncha so’nib,

Sovuq, qalin qorlar tushguncha

Yomg’irlarga cho’milib, to’nib,

Mitti, nozik barmoqlar ila

Tig’li, keskir muz chanoqlardan

Tola yulib, xirmon uyarlar —

Xirmonlarki, yuksak tog’lardan.

Bundan maktab pedsovetlari

Yomon baho olganni emas,

Yomon paxta tergan bolani

Muhokama qilishdan to’ymas.

Hech yodimdan o’chmaydi biroq,

Qop-qoraygan egatlar aro

Qora tunda yalt etgan chiroq

Kabi ko’zga tashlangan chanoq

Va paxta deb qad bukkanlarim,

Bir tola deb kun kech bo’lgani

Oqshomgacha bo’m-bo’sh etaklar

Paxtagamas, qorga to’lgani.

Ey, paxtazor, ey, bolaligim

Singib ketgan cheksiz dalalar,

Tushlarimga kirasiz, kirmas

Onam aytgan munglig’ allalar.

Atlantida – ul cho’kkan diyor

Nima bo’pti?! – Tushmay daftarga

Necha-necha atlantidalar

Cho’kib ketdi paxtazorlarga.

Ha, rost, bugun o’zbek deganda,

Aytgan damda yutuqlar haqda

Faqat seni sonsiz minbarda

Tilga olib o’tarlar, paxta.

Yo’q, biz cho’kib beiz ketmadik,

Alisheru Ibn Sinoni

Bergan bu xalq o’lmagan, tirik —

U lol qilar hali dunyoni..

Bu xalq hali qul bo’lgani yo’q,

Hali bu xalq bag’ridan chiqar,

Shoirlarkim, har so’zida cho’g’ —

Bir so’zlarkim zulmatni yiqar.

Biz angladik paxtazorlarda

Non qadrini, erkning qadrini,

Biz angladik paxtazorlarda

Ona Vatan, xalqning dardini.

Biz angladik paxtazorlarda

Onalarning mungli allasin,

Biz angladik paxtazorlarda

Ozib-to’zgan o’zbek dalasin.

Biz angladik paxtazorlarda

O’zbekiston muhabbatini,

Biz angladik paxtazorlarda

She’r ishqini, uqubatini.

Shu sababmi, uyalaman men

Paxta kabi oppoq qog’ozda

Aytolmasam xalqim dardini,

Qilolmasam uni ovoza.

Shu sababmi, uyalaman men

Paxta kabi oppoq varaqni

Bo’yamasam qalbim qoniga,

Chorlamasam shiddatga xalqni.

Va paxtadek oppoq dillarga

Bitilarkan eng ezgu bitik

Men ham butun xalq bilan birga

Qichqiraman: — Tirikman, tirik!

1986

kh-davron.uz