TAQDIR
Tanlab-tanlab, o‘lchab bo‘y,
Orzilab qilinar to‘y,
Qo‘shilar bo‘riga qo‘y,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Olovni suvga qo‘shar,
Soddani quvga qo‘shar,
Atay qilganga o‘xshar,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Bir badfe’lga bir zebo,
Bir ko‘lmakka bir daryo,
Bir nodonga bir dono,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Gul bilan gul bo‘lsa jam,
Bo‘lmas edi ko‘zlar nam,
“Men baxtliman”, degan kam,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Sahro bilan bog‘ yashar,
Jarlik bilan tog‘ yashar,
Jinni bilan sog‘ yashar,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Chaqqonga bir ilmiliq,
Jiddiyga bir serqiliq,
Yashash kerak sip-silliq,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Er yayraydi kuy tinglab,
Xotin o‘tirar esnab,
Qovushmaydi gapga-gap,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Bo‘lmagurga bo‘lgulik,
Tavba! Tavba degulik,
Olloh, bu ne ko‘rgulik?!
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Bir yaxshiga bir yomon,
Oh, bu qanday imtihon?
Yurak bag‘ring bo‘lar qon,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Tikanga shuncha mehr,
G‘unchaga shuncha qahr,
Insofdanmi shu axir?
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
“Vaqti bo‘b qoldi”, deymiz,
“Taqdir keb qoldi”, deymiz,
Baxtsiz o‘g‘il, baxtsiz qiz,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
Qilib qo‘yib o‘zimiz,
Jovdiraydi ko‘zimiz,
Keyin aytar so‘zimiz:
Shu ham taqdir bo‘ldimi?
