1 iyun bolalar kuniga sherlar



1 IYUN — XALQARO BOLALARNI G’IMOYA QILISH KUNI

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan jahon she’riyatining eng yorqin vakillarining bolalarga bag’ishlangan she’rlarini taqdim etamiz. Bugun, hech bo’lmasa, farzandingizni o’pib qo’yishni unutmang.


Gabriela MISTRAL

1 iyun bolalar kuniga sherlar


A L L A


Tun dorong’u, tun g’arib

Tun ichra koldi dengiz.

Men beshiging tebratib,

O’zni sezmayman yolg’iz.


Osmon olamda g’arib,

Oyni ham quchdi dengiz.

Seni qo’lda ko’tarib.

O’zni sezmayman yolg’iz.


Inson yer uzra g’arib,

Topilmas biron g’amsiz.

Sen bilan to’liq bag’rim,—

Emasman yakka-yolg’iz…


EZGULIK


Senga atab men aytsam qo’shik,

Butun zamin unutar g’amni.

Kulging misol muloyim, iliq

Tog’u toshlar, qirlar tikani.


Senga atab aytaman qo’shiq,

Dildan quvib og’ir o’ylarni.

Nafasingdan mehrga to’liq

Hatto ilon, qoplon uylari.


Zulfiya tarjimalari


Nozim HIKMAT


SENING BAYRAMING


Sening bayramingga loyiq

so’zlarni topayin qanday?

Gullasin olcha gullaganday

senda tiriklik, sog’lik.


Kap-katta qiz bo’lding, orlik,

eng sevinchli chog’ingdasan.

Hech so’nmasdan porillasin

ko’zlaringda baxtiyorlik.


Kunlar quyoshli, tansiq,

otang qirg’oqqa kelajak.

Senga keltirib berajak

tangalari oltin baliq.


Men esa ozgina cho’g’lik

she’rimni etaman armug’on.

Naq gulsan bu uyda, bolajon,

sendan taralar yorug’lik.


* * *


Dunyoni topshiraylik bolalarga, hech bo’lmasa bir kunga,

Ol alvon bir shar kabi beraylik o’ynasinlar.

O’ynasinlar qo’shiqlar kuylab yulduzlar orasida.

Dunyoni bolalarga topshiraylik.

Ulkan bir olma kabi, topshiraylik issiq bir non kabi,

Hech bo’lmasa bir kun to’ysinlar.

Dunyoni bolalarga topshiraylik.

Bir kun bo’lsa ham o’rgansin dunyo yo’ldoshlikni.

Bolalar dunyoni olajak qo’llarimizdan,

O’limsiz daraxtlar ekajaklar.


QIZBOLA


Oching, eshiklarni qoqqan menman,

eshiklarni bir-bir qoqyapman qars-qars.

Men sizning ko’zingizga ko’rinolmam,

o’liklarni ko’rish mumkinmas.


Men o’lganman Xirosimada,

yillar o’tdi, o’tdi sanalar.

Yetti yoshli qizdirman hamon,

ulg’aymaydi o’lgan bolalar.


Sochlarim tutadi olovlarda,

ikki ko’zim yondi, dovruldi.

Bir hovuch kukunga aylandim,

kukunim havoga sovruldi.


Men sizlardan yolg’iz o’zim uchun

hech bir narsa so’ramayman, yo’q.

Bir qoshiq shakar ham yeyolmaydi

qog’ozday yonib ketgan jujuq.


Eshiklarni qoqqan menman, oching,

qo’l qo’ysin har inson — har qishloq,shahar.

Bundan buyon bolalar o’ldirilmasin,

bundan buyon yeelsin shakar.


1956


«YO AYNI, YO HABIBI!»


Port-Saidlik* Mansurim o’n uch, o’n to’rt yoshida

oyoqyalang, boshyalang tufli moylab o’tirar

oynali, jing’iroqli qutichasin boshida.


Shippaklar, kavushlar, tuflilar, botinkalar —

chang bosgani, loy tekkani, dog’ bo’lgani —

hammasi qo’yiladi oynali qutichaga.


Cho’tkalar qanotlanar, porlar qizil duxoba.

Shippaklar, kavushlar, tuflilar, botinkalar

xursand: yap-yangi bo’lib,

yiltir-yiltir qilib

tushadi oynali qutichadan.


Mansurim qora-qura xurmo turshagi kabi.

Mansurim shirin bola.

Doim bir qo’shid aytar:

«YO ayni, yo habibi!»**


Port-Saidni yoqdilar***, o’ldirdilar Mansurni.

Tonggi gazetalarda ko’rdim fotosuratni:

o’liklarning orasida bir kichik o’lik.

YO ayni, yo habibi!

Xurmo turshagi kabi…


* P o r t-S a i d — Misrga qarashli port shahar.

** «YO ayni, yo h a b i bi»—«Ey yolg’izim, ey suyuklim!» degani, arab xalq qo’shig’idan.

*** 1956 yilda imperialistlar misrliklarning mustaqil siyosatidan achchiqlanib, Port-Saidga o’t

qo’ygandilar.


Miraziz A’zam tarjimalari


Pablo NERUDA


«SAVOLLAR KITOBI»DAN


Nima uchun samolyotlar

o’ynatgani olib chiqmas bolalarini?


Limonlarni tug’armikin

katta-katta zarg’aldoq qushlar?


Nega o’rgatishmas vertolyotlarga

bol yig’ishni oftob nuridan?


To’lin oy qaerda asrab yurarkin

un solingan tungi to’rvasin?


* * *


Agar o’lganimni payqamagan bo’lsam

unda vaqtni kimdan bilaman?


Ko’r odam qaerga qochishi mumkin

talaganda asalarilar?


Sariq ranglar tamom bo’lganda

biz nimadan yopamiz nonni?


* * *


Ayting-chi, atirgul yalang’ochmi,

va yo bu ularning libosimi?


Nima uchun daraxt yashirar

ildizining yaltiroqligin?


Qotil avtomobil tovba qilganin

eshitgan yo ko’rganlar bormi?


Yomg’irda sovqotgan poezddan ham

hasratliroq kimsa bormi olamda?


* * *


Tutun bulut bilan gaplasharmikin?


Umidlarni shabnam qilib sochish kerak — to’g’rimi shu?


* * *


Uchayotgan tun ro’molida

qaydan paydo bo’lgan shuncha teshik?


Havo tinmay yig’lagan sari

nega quvnab guldurar bulut?


Quyosh hovonchasi kun tutilganda

kimlar uchun lovullab turar?


* * *


Kaptarlar olami faqat tinchlikmi?

Yo’lbarslar olami faqat urushmi?


Maktabga kech qolgan qaldirg’ochlarga

nima bo’ldi ekan?


She’rlarim haqida nima deyisharkin

qonim qandayligin bilmaganlar?


* * *


Kimga qarab jilmayar guruch

shuncha oq tishini yiltiratib?


Og’ir zamonlarda nima uchun

ko’rinmas siyoh bilan kitob yozarlar?


Apel`sinlar quyoshning nurini

o’zaro qanday taqsim qilisharkin?


* * *


Anor sharbatin ne deb

G’iybat qilar yoqutlar?


Nima uchun payshanba

jumadan keyin yurmas?


Osmon ko’m-ko’k bo’lganda

kim quvonib qichqirdi?


Nechun ma’yus tortar yer

gunafsha ochilganda?


* * *


Nega har doim bahor

ko’m-ko’k bo’lib keladi?


Rangi o’chib yig’lasa osmon,

nima uchun kular ekinzor?


Qanday qilib ozod bo’ldiykin

tashlandiq velosiped?


* * *


Qahrabo — suv parilarining

ko’zyoshidan bo’lgani rostmi?


Qushdai qushga parillab uchgan

Gulning oti nima, kim bilar?


Kech bo’lgandan bo’lmagan yaxshi —

nima deysan, shunday emasmi?


* * *


Ilk bor dunyo paydo bo’lganda

Bu Venesuela edimi?


Ummonning o’rtasi qaerda?

Nega o’sha yerga oqmas to’lqinlar?


Yerga tushgan uchar yulduz

olmos kaptar emasmidi?


* * *

Ishqi so’nganlarning ishqi qaerda

yashar ekan endi ularsiz?


Ko’zlarimdan so’radim:

Endi qachon ko’rishamiz?


Miraziz A’zam tarjimalari


Federiko GARSIA LORKA


MANZARA


Oqshom kiydi adashib

ayozning ko’ylagini.

Bolalar darchalardan

sarg’aygan yolg’iz daraxt

qushlarga qo’nayotgan

dalaga qarar karaxt.

Oqshom olis daryoning

qirgogida cho’zildi.

Birdan sopol tomlarda

yashnab ketdi qizillik.


BEMA’NI QO’SHIQ


— Oyi,

Kumush bo’lgim keladi.


— Sovqotasan,

Qo’y, o’g’lim.

— Oyi,

Irmoq bo’lgim keladi.


— Sovqotasan,

Qo’y, o’g’lim.


— Oyi,

Tikib qo’ygin bolishga.

— Xo’p bo’ladi,

Hoziroq.


OY CHIQQANDA


Oy chiqqanda borliqda

tin olar qo’ng’iroqlar.

Qalin o’rmon, changalda

yaraqlaydi so’qmoqlar.


Oy chiqqanda chayqalar

zamin ummonga o’xshab.

Cheksizlikda yo’qolgan

bir orolga o’xshar qalb.


Oy to’lishgan kechada

sarg’aygan bog’lar ora

po’rtaholmas, muzlagan

g’o’ralar yeydi odam.


Oy to’lishgan kechada

bir qiyofa, bir onda

sonsiz kumush tangalar

faryod qilar hamyonda.


SOQOV BOLA


Shahzoda chigirtka yashirgan

ovozin izlaydi bolakay

Shudringli gultojlar

oralab ovozin izlaydi bolakay.


— Ovozim topsaydim, g’aroyib

uzukcha yasardim o’zimga.

Yashirib qo’yardim jimlikni

uzukning munchoqdek ko’ziga.


Shudringli gultojlar oralab

ovozin izlaydi bolakay.

Yashil chigirtkaning ichidan

ovozi yangrardi olisdan.


Shavkat Rahmon tarjimalari


Ishikava TAKUBOKU


TANKALAR


Qizcham ishonadi,

Men nima yozsam,

Barchasi,

Albatta,

Bosilib chiqar.


* * *


«Endi men

Qalbingni angladim,bolam!»

Dedi menga onam.

U tushimga kirib keldi-yu,

Yig’lab-yig’lab keyin tark etdi.


* * *


Nimalar keldi o’yiga?!

Qo’g’irchog’in

Bir chetga qo’yib,

Qizcham o’tirib

Oldi yonimga.


* * *


* * *


Otangga o’xshama!

Otangning otasiga ham!

Eshityapsanmi,

Nimani iltimos qilyapman

Sendan, qizginam.


* * *


Bechora otam!

O’qishga ham majoli qolmay,

Gazetani chetga qo’ydi-da,

Tor hovlida o’ynay boshladi

Chumoli bilan.


* * *


Qizchamni urishdim.

Uxlab qoldi

Ko’zyoshlari qurimasdan,

Og’zini nim ochgancha.

Uning yanoqlarin sekin siladim.


Xurshid Davron tarjimalari


Jun TAKAMI


BUNDAY KULGU YURAGIMGA SOLAR IZTIROB


Bunday kulgu yuragimga solar iztirob.

Odam to’la simpoezdda,

notanish ayolning

yelkasi osha

kulib boqdi menga bolakay.


Men ham jilmayaman,

aslida to’lib-to’lib yig’lagim kelar.


Bu dunyoda juda ozdir bunday tabassum.

Juda ham kam in’om qilarlar

Menga bunday tabassumlarni.

Bu tabassum qo’llarimni shol qilib qo’yar,

Bu tabassum farishtalar tabassumidir.

Bundayin tabassum juda quvonchli,

Bundayin tabassum uyg’otar og’riq.


Hech kimdan uyalmay shu yerning o’zida

o’kirib-o’kirib yig’lagim kelar.

Biroq, men yig’lasam — yig’lab yuborar go’dak.

Yaxshisi, chidayman, yaxshisi, toqat…

Yig’lash mumkin bo’lmaganidan

jilmaygancha azob chekaman.


Bunday kulgu yuragimga solar iztirob…


MEN TUSHIMDA KEMANI KO’RDIM


Men tushimda kemani ko’rdim,

Oq yelkanli mitti kemani.

Qanday go’zal kema edi u!

Ko’zlarimdan qalqidi yoshim.


Shamol yeldi, gurladi to’lqin,

Ko’rdim — cho’kar u mitti kema,

Cho’kar edi dengiz tubiga —

Ushlab qola olmadi tushim,

O, men endi ne qilay?


Xurshid Davron tarjimalari


G’afur G’ULOM


O’YLASHNI O’RGANAMIZ


Muxtorjon olti yoshlik

Singlisidan so’radi:

— Munisxon,

Rostingni ayt,

O’ylashni bilasanmi?


Munisxon akasiga

Ajablanib qaradi:

— Aka-a, o’zing ayta qol,

O’ylash degak nimadi?


Muxtorjol jiddiy turib,-

Qoshini birga yig’ib,

Singlisiga ko’rsatdi:

— Mana, men o’ylayapman…

— Nimani o’ylayapsan?…


— Juda ko’p o’ylayapman:

Morojniydan tog’ bo’lsa,

Nuqul gilos bog’ bo’lsa,

Bir qozon qaymoq bo’lsa,

Tuyaday pishloq bo’lsa..


Og’zining suvi kelib,

— Viy-y,— devordi

Munisxon,

— To’xtab turgin, akajon,

Menam o’ylab boqaman.

— Tez o’yla,— dedi Muxtor.

— Tura tur, o’ylab olay:

Hi-y… bitta qo’g’irchoq bo’lsa.

Kaliti buzilmasa.

Ko’zini yumganida

Meni ham ko’rib tursa…


— Shu ham o’ylash bo’ldimi?

O’ylashni o’rganib ol!

Sen oyi bo’lasanmi?

Ko’zin pir-pir uchirib:

— Sen-chi?— Dedi

Munisxon.


Muxtorning jahli chiqdi:

— Men qiz bola emasman,

Qizlar oyi bo’ladi.

Men katta bo’lganimda,

Besh yuzga kirganimda,

Katta dada bo’laman.

— Qizing ham bo’ladimi,

Oti nima bo’ladi?

— Yuzta qizim bo’ladi,

Oti Puiis bo’ladi.

— Voy—y,— devordi

Munisxon,—

Men-chi, oyi bo’laman…

Mingta o’g’lim bo’ladi.

Oti Puxtor bo’ladi.

Hi-i,— tilin likillatib

Gijgijlatti akasin.


Shunday qilnb, do’stlarim,

So’lim, shinam bog’dagi

Suv krani tagida

O’ynab yurgan ikki yosh

O’ylashga boshladilar.