Ustoz va muallimlarimiz haqida she’rlar

USTOZ — OTANGDAY ULUG‘


Ustoz — otangday ulug‘, ustoz qadami qutlug‘,

Ustozning har kalomi ilmu hikmatga to‘lug‘,

Ustozning dili ravshan, ustoz makoni yorug‘,

Unib chiqar, albatta, ustoz tashlagan urug‘,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Temur bosh qo‘ydi mangu ustozining poyiga,

Ustoz o‘xshar olamning Quyoshiga, Oyiga,

Bilim nuri yog‘ilar qadam qo‘ygan joyiga,

Yo‘llar adolat, vafo, muhabbat saroyiga,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Ota-ona farzandni keltiradi  dunyoga,

Ustoz esa cho‘mdirar ilmu hikmat, ziyoga,

Yerdagi bolalarni ko‘taradi samoga,

Ota-ona fanosin aylantirar baqoga,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Deydilar, ustoz jabri — ota mehridan afzal,

Shogirdlarning iqboli — ustoz jabriga badal,

Navoiy demish, kasbni egallagil mukammal,

Saodatning kaliti, bilgilki, ilmu amal,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Ustoz ko‘rmaganlarning yo‘rg‘alashdir odati,

Ezgu bo‘lsin har kimning so‘zi, sa’yi, niyati,

Kam ye, kam de, kam uxla — ustozlar nasihati,

Nechog‘ buyukdur ustoz kalomining qudrati.

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Najot gulin o‘stirar Avloniy gulbog‘ida,

Haq olinur, berilmas — Behbudiy sabog‘ida,

Oqilxonning siymosi «Alifbo» varog‘ida,

Ustozlar iydin yozay qasidam adog‘ida,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.


Mirza QAYNAROV,

faxriy o‘qituvchi.

Sardoba tumani


AZIZ MUALLIM


Ulug‘ ilm ildizi sizda mujassam,

Turli xil sohadan berasiz ta’lim.

Uni tinglaganda kichik jussam ham,

Yetuk inson kabi o‘sgay, muallim.


Qalbingizda doim ilm porlaydi,

Go‘yo u nur kabi bizni chorlaydi.

Siz mening tundagi yorug‘ yulduzim,

Nurli kunduzimsiz, aziz muallim.


Shahodat BOYQOBILOVA,

Kitob tumanidagi 4-maktabning

9-sinf o‘quvchisi