Navro’z bayramiga she’rlar to’plami

Xush kelding Navro’z!

Bolalar varragi xayolni olgan.


Badom gullaridan, quvonadi ko’z.


Dillardan mutlaqo g’ubor yo’qolgan.


Hush kelding bahor, hush ko’rdik navruz.



Anhorlar oqmoqda suvlarga to’lib.


Shukronalik aytdim tinchlikni ko’rib.


Mustaqil diyorga, bezaklar bo’lib.


Xush kelding bahor, hush ko’rdik navroz.



Navro’zda ulashing ezgu tilaklar.


Axir tilak bilan, kamaymaydi so’z.


Bahor gullaridek yashnab yuraklar.


Xush kelding bahor, xush ko’rdik navro’z.




Hademay Navro’z

Hademay nastarin gullaydi bodrab,


Osmonga hushimni eltib ifori.


Quyoshli shudringlar tushar ertalab.


Yuvib dillardagi qishning g‘uborin.



Hademay qaldirg‘och keladi qaytib,


O‘rik shohlarida bo‘rtar dovuchcha,


Turnalar azaliy qo‘shig‘in aytib,


Sumalak pishadi tong otgunicha.



Hademay lolalar bo‘sadek titrab,


Tog‘lar viqoriga munis boqarlar,


Yana necha-necha oshiqlar yig‘lab,


Bir-birin bag‘rida gulhan yoqarlar.



Mening bir kunim ham kun deb Qish nochor,


Ketolmay qor sepib turadi hanuz,


Bir kuy yaraladi,Quyosh bastakor,


Hademay Navro‘zdir, hademay Navro‘z!




Kelmoqda Navro’z

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,


So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.


Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,


Demak, Bahor keldi,


Kelmoqda Navro‘z.



Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,


Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.


Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,


Demak, Bahor keldi,


Kelmoqda Navro‘z.



Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,


Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.


Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,


Demak, Bahor keldi,


Kelmoqda Navro‘z.



Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,


Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.


Yana dildorlikning fursati yetdi,


Demak, Bahor keldi,


Kelmoqda Navro‘z.




Navro’zi olam

Aylabon lutf-u karam,


Navro’zi olam keldilar.


O’smadan qo’shi qalam,


Navro’zi olam keldilar.


Bir ajib his uyg’otib,


Irmoqlarning xonishi.


Kuylashib savtu ajam,


Navro’zi olam keldilar!




Navro‘zim

Shukur Qurbon


Bog‘֥lar – daraxtlarniki,


Tog‘lar- lolalarniki.


Kim nima desa-desin,


Bayram – bolalarniki,


Bayram – bolalarniki.


Bog‘ bahorsiz qolmasin,


To‘kmasin tog‘ lolasin.


O‘zbekiston bag‘rida


Navro‘zlar omon bo‘lsin,


Navro‘zlar omon bo‘lsin.


Navro‘z, navro‘z, navro‘zim,


Sen mening ko‘rar ko‘zim,


Sen mening aytar so‘zim,


Sen mening xuddi o‘zim,


Sen mening yorug‘ yuzim.




Kelaqol Navro’zim…

Turfa gullar ochilib, ifor taratib,


Mayin esgan shabbodang dilni yayratib


Erta tong qushlarni qiy chuv sayratib


Kelaqol navro’zim sog’indik seni.



Chuchmomayu, moychechak yerga yoyilsin


Ariqlaring anxoring suvga to’yinsin


Keksa momolarim dildan suyunsin


Kelaqol navro’zim sog’indik seni.



Bodomlar, o’riklar qiyg’os gullasin


Varraklar bulutlar bir bir quvlasin


Sumalaklar ostida olov uvlasin


Kelaqol navro’zim sog’indik seni.



Daladagi dexqonim kutgan o’zingsan


Qorli cho’qqilardan o’tgan o’zingsan


Ko’nglimga baytlarni bitgan o’zingsan


Kelaqol navro’zim sog’indik seni.




Navro’z keldi azizlar!

Bahmal yopib yillarga,


Adir dala qirlarga


Gullar olib qo’llarga


Navro’z keldi azizlar.


 


Quyosh separ nurlarin


Yerga zarrin nurlarin,


Erkalatib hurlarin,


Navro’z keldi azizlar.




Navro’zjon

Tarixing ta’rifing dillarda doston,


Quyosb charaqlaydi moviydir osmon.


Hofiz qo’shiq aytar raqs etar jahon


Navro’zjon bu yilga kelishing boshqa.



Bir yon katta kurash


Bir yon kop kari,


Askiya aytishuv o’lanlar bari Sevinchbag’ishlaydi keksayu-yoshga


Navro’zjon bu yilga kelishing boshqa.




Bugun shodiyona

Bugun shodiyona Navro’zi olam,


Orziqib kutilgan navbahor to’yi!


Assalom yangi yil! Assalom bayram!


Senga atalgusi yuraklar kuyi.




Bugun Navro’z bayrami

Bugun Navro’z bayrami,


Zo’r tantana, hamma shod.


Ona yurtda quvnaymiz,


Baxtiyormiz umrbod.


Navro’z keldi yurtimga,


Dalalarga shoshaylik.


Keling, do’stlar, barchamiz,


Kuy, qo’shiqlar kuylaylik.




Vatanim, Navro’zing muborak!

Yurtim! Ilhomimga sarchashma o’zing,


Birdek aziz menga yozing, ham kuzing.


Bu kun bahoringga she’r aytmoqchiman,


Vatanim, muborak bo’lsin Naro’zing.



Boshingda hurriyat quyoshing bordir,


O’z tug’ro, bayrog’ing, yurtdoshing bordir.


Maqsading, g’ayrating, bardoshing bordir,


Vatanim, muborak bo’lsin Navro’zing.




Kulib keldi Navro’zim

Chakkasiga gul taqib


Kirib keldi Navro’zim


Daraxtlarga dur taqib


Kulib keldi Navro’zim.


Dala dashtda maysalar


Salom alik aytsalar.


Qanday go’zal ko’rinish,


Yashillikka cho’milish.


Doshqozonda sumalak


Boychechaklar xush darak.


Qizg’aldoq cho’g’day gilam.


Sevinchdan ko’zlarda nam.


Bolalar yayrashadi,


Qo’shiqlar yangrashadi.


Momolarning dunyosi


Ijobatdir duosi.


Bobolar halim solar


Latifa aytib tolat


Ichakuzdi hazillar


Qiziydi sho’x bazmlar


Elga rizq- ro’z ulashib


Tandir nonin ushatib.


Yayrab keldi Navro’zim


Yashnab keldi Navro’zim.




Bu Navro’z

Yomg’ir savalar mayin.


Maysa yashnar kun sayin


Men ham endi o’ynayin


O’rtoqjonim bu Navro’z.


Marjon taqdi majnuntol


Arilar keltirar bol.


Lola peshvoz qaddi dol.


O’rtoqjonom bu Navro’z.


Qaynar shirin sumalak.


Tovlanar yoy kamalak


Gulga qo’nmish kapalak.


O’rtoqjonim bu Navro’z.


Olam gul ichra yashnar


Ming bir tovusga o’xhsar.


Yashil poyondoz to’shar,


O’rtoqjonim bu Navro’z.




Bugun Navro’z ekan

Boychechak chiqibdi, bugun Navro’z ekan.


Hamma bir-biriga jigar so’z ekan.


Olam ham barobar kecha-kunduz ekan.


Boychechak chiqibdi, bugun Navro’z ekan.




Navro’z sayli

Yigitlari chiroyli yurtim.


Gul qizlari chiroyli yurtim.


Aslo senga ko’zlar tegmasin.


Bayramlari chiroyli yurtim.


Azal –azal Navro’zjon


Bayramlarning zo’rida.


Nuroniy chol- kampirlar


Turar davra to’rida.


Keling Navro’z sayliga,


Siz ham keeling mayliga.



Navro’z nishonasi bu.


Bobodehqon ish boshlar.


Ezgu niyat bilan u.


Yeriga urug’ tashlar.


Keling Navro’z sayliga,


Siz ham keling mayliga.


 


Bizning elda bu ayyom,


Sumalaksiz o’tmaydi.


Yalpiz somsa yopmasdan.


Aziz mehmon kutmaydi.


Keling Navro’z sayliga,


Siz ham keeling mayliga




Bo’lsin Navro’z

Qizlar gulli ro’mol o’rar,


O’zlarin qilib ko’z-ko’z.


Zamin yangi ko’ylak kiyar,


Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.



Dilbar qizlar, jo’rajonlar,


Erkin qanot yozing hargiz,


Hur elimga qutlug’ ayyom


Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z!



Omoch haydar tinim bilmay,


Dehqon ila qo’sh ho’kiz,


Nasibamiz butun bo’lar,


Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.



Olloh, o’zing asragin-yey,


Тegmasin hech yomon ko’z.


Momolarim ruhlari shod,


Kelsa Navro’z, bo’lsa Navro’z.




Navro’z boqiy bo’lsin

Davramizga marhabo, kulib-o’ynaymiz,


Тo abad bayramda birga quvnaymiz!


Baxt bahori kulsin bizning jahonda,


Navro’z boqiy bo’lsin – O’zbekistonda!



baxtiyor.uz