– Yurardim Bo‘riman deb,
O‘rmonning zo‘riman, deb.
Bugun esa ochman, hoy,
Madorim yo‘q butunlay.
Do‘st-u yor boqar zimdan,
Madad so‘rayman kimdan?
Xiralashgan ko‘zlarim,
Og‘riydi oyoqlarim.
Holim yo‘q, rangim – somon,
Shu qishdan chiqsam omon,
Bosh olib ketar edim,
Qishi yo‘q yurtlar tomon.
TULKINING DEGANI – Orif To‘xtash
– Salom, bu – men, tulkiman,
Sizga ayon kimligim.
Tan olaman, bor biroz
Ayyorligim, shumligim.
Yurmagayman lallayib,
Iz qilmayman qishloqni.
Hatto qarg‘a og‘zidan
Ob qochganman pishloqni.
Yo‘ldagi bo‘g‘irsoqni,
Tushirgayman paqqos man.
Tutqich bermay qochishda
Uddaburon raqqosman.
OHUJON – G‘ulom Shomurod
Muncha chiroyli o‘zing,
Ohujon.
Qop-qora shahlo ko‘zing,
Ohujon.
Yaqin borsam hurkasan,
Ohujon.
Sen nimadan qo‘rqasan,
Ohujon.
Bu yerlarda ovchi yo‘q,
Yo‘q xatar.
Biz holingdan doimo,
Boxabar.
To‘dang bilan sen yayrab,
O‘tlayver.
Qir-u adrda sakrab,
O‘ynayver.
Muncha chiroyli ko‘zing,
Ohujon.
Sahro suluvi o‘zing,
Ohujon.
QORA MUSHUKCHA – Ma’mur Qahhor
Oyi, qora mushukchaga
Popuk taqib qo‘yaylik.
Oyi, qora mushukchani
Oppoq rangga bo‘yaylik.
Shunda qora mushukchani
Quvmas daydi bolalar.
“Falokatning belgisi” deb
Atamaydi xolalar.
Hamma uni ko‘rgan oni
Deydi: “Buncha chiroylik!”
Oyi, qora mushukchani
Oppoq rangga bo‘yaylik.
KICHIK UYDA YASHOVCHILAR TO‘G‘RISIDA – Jon Chiardi
Mushuk bilan kuchuk
Va bir bedana,
Yashardilar kichik
Uyda jamuljam.
Ular bilan birga
Yashardi yana,
Egni-boshi xoll-xol
Bir xonqizi ham.
Bir kuni shu uyda
Yashovchi kishi,
Xuddi qolmaganday
Bironta ishi,
Yuzlanib bedana
Hamda kuchukka,
Yuzlanib mo‘ylovdor,
Baroq mushukka:
– Men aytsam noqulay,
Siz ayting, o‘zi
Kerakmikin, – dedi, –
Bizga xonqizi?
– Bizga kerak emas
Bashang xonqizi, –
Deya miyovladi
G‘iybatchi mushuk, –
Xoll-xol ipak ko‘ylak
Kiyadi o‘zi,
Bizni o‘ylamaydi
Hech vaqt bu shumshuk.
Shunda uy egasi
Oynakni ochib,
Dedi xonqiziga:
– Xayr, mitticham!
Bizga seni asrash
Emas-ku vojib,
Bizga xoll-xol ko‘ylak
Tikmaysan sen ham.
Va-vaqlab bedana
Dedi: – Pitpildiq!
Shuyam ish bo‘ldimi?
Bu qanday qiliq?
Ezilib kuchukning
Kattakon boshi,
Ko‘zlaridan oqdi
Injuday yoshi.
Xonqizi-ku ketdi
Beshovqin, bejang.
Ammo bir yil o‘tgach
Qurib polizi
Uy egasin holi
Yomon bo‘ldi tang:
Kul tushib, em bo‘ldi
Karam va sabzi.
Xonqizini chorlab
Uyning egasi
Har yoqqa yugurdi
Ming holga tushib.
Eshitilmas edi
Xonqizi sasi,
Qaylarga ketdiykin
Bechora uchib.
Shunda uy egasi
Pichirlab sekin,
Hasrat qildi birdan
Sodiq kuchukka:
– Bu uyda hammaga
Ishonish mumkin,
Ishonib bo‘lmaydi
Faqat mushukka.
BUZOQ – Shukur Sa’dulla
Men buzoqman, buzoqman,
Shoxim chiqqan — suzoqman.
Lekin yumdalab tortmang,
U yon-bu yonga otmang.
Iflos yerga yo‘latmang,
O‘yinchoqman, qulatmang.
Buksangiz qayrilaman,
Oyoqdan ayrilaman.
Sigir bolmayman unda,
Qaymoq bermayman kunda.
Mayli, o’ynang erta-kech,
Lekin ozor bermang hech!
AYIQ – Shukur Sa’dulla
O‘rmonda bo‘lganmisiz?
Ayiqni ko‘rganmisiz?
Ustida po‘stini bor,
Pisand emas unga qor.
Men uning naslidanman,
Ayiqning aslidanman.
Otamdan qoldi po‘stin,
O‘sha po‘stin menga to‘n.
Farqim shu: men qo‘g‘irchoq,
Bolalarga o‘yinchoq!
BO’RI TUSH KO’RSA – Po’lat Mo’min
Bo’ri qay bir kun
Chiqarmasdan un,
Boribdi ovga,
Kepti o’tovga.
So’lak oqizib,
Yotibdi pishib.
Charchab tolibdi,
Uxlab qolibdi.
Ko’rsa bo’ri tush,
Ko’ngil emish xush.
Yam-yashil o’tloq,
Talay qo’zichoq.
Bo’pti xushchaqchaq.
Uyg’onib, biroq
Cho’pon bobodan –
Yeganmish tayoq.
Bo’rilar shundan
Uxlamas tunda…
JAZOLADIM ECHKIMNI – Zulfiya Mo‘minova
Rahmat aytar daraxtlar,
Qarsak chalar teraklar.
Ularning ham joni bor,
Ular bizga keraklar.
Avaylayman daraxtlarni,
Shoxini sindirmayman.
Shirin jonini og‘ritib,
Ko‘zini tindirmayman.
Navdasini g‘ajib ema,
Qaysar echki ket, bundan!,
Daraxtni xafa qilsang,
Rosa ko‘rasan mendan.
Bir kun echkim yashirincha,
Boqqa kirganin sezdim.
Ushlab oldim ayamay,
Quloqlaridan cho‘zdim.
Rosa kuldi daraxtlar,
Qarsak chaldi teraklar.
MUSHUKNING SARTAROSHI – Zulfiya Mo‘minova
Mushugimning mo‘ylovini
Qirqqan edim yashirib,
Buvim rosa koyidilar,
Bobom so‘kdi oshrib.
Dadam ushbu qilmishimni,
Ishdan kelib ko‘rdilar.
Etmaganday ular rosa,
Ta’zirimni berdilar.
Boshqa bunday qilmaslikka,
Qayta-qayta so‘z berdim.
Sartaroshlik menga emas,
Mana sinab ham ko‘rdim.
Men yaxshilik qilmoqchiydim,
Ishlar teskari oldi.
Yaxshilikka yomonlikmi?
Savolim ichda qoldi.
MAYMUNNING HIKOYASI – Sirojiddin Rauf
Changalzorda bir zamon,
Avji tiriklik fasli.
Bizlarga esh, birodar
Bo‘lgan odamzod nasli.
Yon qo‘shni-yu jon qo‘shni –
G‘orlarda yashaganmiz.
Neki topsak, qizg‘anmay
O‘rtada oshaganmiz.
Shoxdan-shoxga sakrashib,
Terganmiz banan, kokos.
So‘ng taqsimlab olganmiz,
Jonu jigarlarga xos.
Shunday ahil edik biz –
Birgalikda qilib ov.
Yo‘lolmagan biz tomon
Hatto qonxo‘r, yirtqich yov.
Beminnat po‘stin deya,
Mo‘yimizni asrardik.
Aqlning balosidan
O‘yimizni asrardik.
Bilmadim ne xayolda
Fikr qildi odamzod –
Quvib ilm ortidan
Bo‘ldi bizga etti yot!
Asli azal do‘stlikka
Shundan raxna tashlangan.
Ustara kashf etilgach,
Begonalik boshlangan.
HAYVONOT BOG’I – Muhammad Yusuf)
Hayvonot bog’ida jayronni ko’rdim,
Tutqunlikda dili vayronni ko’rdim.
Ko’rdim, quruq shoxda sayrar to’tilar,
Yig’lamsirab tovush qayrar to’tilar.
Qanotdan ayrilib, qilar pardozlar,
Osmonida endi ucholmas g’ozlar.
Burgutlarning boshi egilgan yerga,
Bulbullarning yoshi to’kilgan yerga.
Kaklikning to’shi qon, tumshuqlari qon,
Qumrilarning ma’yus ko’zlari – doston …
Bu dunyo aslida hayvonot bo’gi,
Mushtoq – zorlikka kon boshdan-oyog’i.
Bir-bir barin sanab netarman, bas-da,
Neki go’zal bo’lsa, bari qafasda!..
ECHKI – Abdulla Oripov
Hammaga ma’lumdir echkining fe’li,
Qozonga tushguncha tinch tura olmas.
Doim egri bo‘lgay tanlagan yo‘li,
Hunar ko‘rsatmasa jim yura olmas.
Goho nihollarni g‘ajiydi obdon,
Cho‘pon tayog‘iga teginar goho.
Suruvni jarlikka boshlar nogahon,
O’zi chetlab o‘tar xatarni ammo.
Bir kuni echkining g‘ayrati qo‘zib,
Baland bir qoyaning uchiga chiqdi.
Boqdi bulutlarga ko‘zini suzib,
Yuksaklik zavqini surdi, miriqdi.
Tog‘larga to‘shaldi qorayib oqshom,
Endi qaytib tushmoq kerak-ku axir.
Izg‘irin boshlandi, yo‘qoldi orom,
Na giyoh, na suv bor, qoya tap-taqir.
Qandoq chiqdi u yon, o‘zi ham bilmas,
Qaytib tushmoqlikka topmadi chora.
Eng yuksak qoyaning ustida xullas,
Mung‘ayib bir o‘zi qoldi bechora.
Endi madad so‘rab ma’ray boshladi,
Osmonu falakni ko‘tarib boshga.
Bizning tilda aytsak, ko‘zin yoshladi,
Omad boshqa dedi, falokat boshqa.
Tongda nazar soldi qoyaga cho‘pon,
Echki haykal yanglig‘ qotgancha turar.
Yurakni ezgudek ma’raydi nolon,
O’ziga beto‘xtov himoya so‘rar.
Cho‘pon ham chiqolmas bundoq qoyaga,
U ham noilojdan boshin qashladi.
Fursatni ketkazmay deya zoega,
Qutqazish yo‘lini izlay boshladi.
Bir bora qaynaydi har holda qozon,
Suruv ro‘yxatidan uni o‘chirdi,
Darhol o‘qladi-yu miltig‘in cho‘pon,
Echkini qoyadan urib tushirdi.
O’RMONDAGI ARMIYA – Bahodir Obid
Jonzotlarga bilsangiz,
Oʻrmon – yagona Vatan.
Qoʻriqlashar tun-u kun,
Boʻlishar bir jon-u tan.
Fillar “harbiylar” uchun
Zoʻr binolar quradi.
Lochin – “Havo hujumi”,
Hamlaga shay turadi.
Nazardan chetda qolmas,
Hech ne. Suvda-chi, dema.
“Hammasi nazoratda!”,
Nahang – “Suv osti kema”.
Xushyor chegarachidir,
Dovyurak Jayra degan.
Yovga nayza urishda,
Uchiga chiqqan “mergan”.
Maymunlar – kuchli juda,
Bari jasur va tanti.
Daraxtdan sakrar yerga,
Boʻlib “havo desanti”.
“Taʼminot”da sichqon-u
Asalchi ari ham bor.
Olmaxon tashir yongʻoq,
Yemishga toʻlar “ombor”.
Yumronlar – “razvedkachi”,
Atrofni kuzatadi.
Qizilishton – “telegraf”,
“Signal”ni uzatadi.
Yovqur, tengsizdir ular,
Barchasi sara “jangchi”.
Boʻrivoylar – “sanitar”,
Ayiqvoy – usta “tankchi”.
“Maslahatchi” Tulkini,
Yengolmay yovlar garang.
“Harbiy xiyla”ga rosa,
Ekan ustasi farang…
Nomin aytsam birma-bir,
Yana qancha “piyoda”.
Asrar ona Vatanin
Dilda mehr ziyoda.
Mardlar safiga qoʻshil,
Bir chekkada turma-da.
“Maydon”da – Yoʻlbars, Qoplon,
Timsohlar – “pistirma”da…
Dono, adolatli Sher,
Bu qoʻshinga qoʻmondon.
Shu sababli yashnagay,
Zavol koʻrmasdan Oʻrmon!
O’RMONDA NAVRO’Z – Bahodir Obid
Bahor kelib, Navroʻzni
Kutvoldi ahli oʻrmon.
Ishonmasang kelib koʻr,
Qizir tomosha chunon.
Tantanani qirol Sher
Ezgu soʻz bilan ochdi.
Shoir Bulbul sheʼr oʻqib,
Maʼno gavharin sochdi.
Soʻng boshlandi bellashuv,
Qiziq musobaqalar.
Bayram “askiya”sini
Avj oldirdi baqalar.
Shoxdan-shoxlarga sakrab,
Akrobat boʻldi Qoplon.
Maymun esa eng baland
Dorda oʻynadi chaqqon.
Goʻzallik tanlovida,
Tovusoyning tengi yoʻq.
Uzoqqa tez chopishda
Kiyikvoy misoli oʻq.
Oʻynab-kular jonzotlar,
Quvonch keksa-yoshida.
Toshbaqa ulkan Filni
Koʻtaroldi toshida.
Hamma qoldi hayratda,
Tulki – mohir fokuschi.
Chaqqon harakat qilar,
Kenguru – zoʻr bokschi.
Muxlislar olqishladi,
Kurashga toʻldi maydon.
Toʻqayning polvonlarin
Yengdi Ayiq pahlavon…
Xullas, zoʻr boʻldi bayram,
Gʻoliblar endi tayin.
Oʻtsa hamki oʻn soat,
Tugamas bitta oʻyin.
Suv ostida koʻp turmoq –
Hozir shu bahs mahali.
Begemot bilan Timsoh
Koʻlning tagida hali.
O’RMONDAGI E’LON – Turob YUSUF
“Yaqindan boshlab sport –
Seksiyasi ish boshlar.
Trener – quzg‘un, uni
Taniydi qari-yoshlar.
Xohlagan olib kelsin
Bolasini o‘qishga.
O‘rgatilar raqibni
Bunda qanday cho‘qishga”.
Misi chiqdi
– Bedovni yuvib, o‘g‘lim,
Yag‘rinin qashladingmi?
– Ha, dada!
– Keyin uning oldiga
Barra o‘t tashladingmi?
– Ha, dada!
– Ish chiqdi, tez egar bos
O‘sha qorabayirga.
– Hm… Qiziq… ana xolos,
Otning o‘zi qayerda?
“Usta”
– Qarasangiz-chi, oyi, –
Suyunchi so‘rar Salim, –
Ko‘p urinib, oxiri
Qiziq g‘ijjak yasadim!
– Nimadan qilding uni?
– Har qalay boridan-da.
Nimadan bo‘lar edi,
Dadam dutoridan-da…
Sabab
– Nimaga titrab labi,
Xafa turibdi Nabi?
– “Ye”, – deb akasi G‘ani
Muzqaymoq berib ketdi.
Soyada turmagandi –
Yeguncha erib ketdi.
ONA BOLA JONIVORLARGA – Turob Yusuf
Jirafaga
Dunyo kezib shahar, goh
Qishlog‘-u, cho‘l, tog‘daman.
Qulog‘ingga bir gapni
Aytolmasdan dog‘daman.
Mingoyoqqa
Butunlay xonavayron
Bo‘larman, endi bilsam:
Oyog‘ingga yetarli
Botinka sovg‘a qilsam.
Jirafaning bolasiga
Fe’ling juda ajoyib,
Hech kimga ranj eltmassan.
Qoqib qo‘yay yelkangga,
Bo‘ying o‘sib ketmasdan.
Mingoyoqning bolasiga
Bolalik zavqli paytdir,
Tinmay yugur, o‘ynay qol.
Zerikkanda oyog‘ing
Nechtaligin sanab ol.
TULKINING SO‘ZI – Ochil Tohir
Nomimdir ayyor tulki,
Mugʻombirligim shulki,
Asrash uchun jonimni,
Toʻq tutmayman qornimni.
Bilaman, hayvon borki,
Bir-biridan koʻp farqi.
Biri ojiz, biri zoʻr,
Biri toʻq, biri bazoʻr
Kun koʻrar, bunda sabab –
Yurmas holiga qarab.
Koʻrsa shudgorda quyruq,
Nafs berar unga buyruq.
Deyman, boʻl oʻzdan hazir,
Ammo gap qilmas taʼsir.
Oʻrmon, toʻqay sultoni
Sherning uzundir qoʻli,
Aytsam gapning dangalin,
Boʻlolmas ammo tulki.
Yoʻlda koʻp tuzoq-qopqon
Tushgaydir – nafsi oʻpqon.
Mana olaylik boʻri,
Oʻlja deb qurir shoʻri.
Ortiga qaytmas chunki,
Tingla, xoh qoʻling silki,
Boʻlmasang gar ehtiyot,
Silliq emasdir hayot.
Ahil bizning qavmimiz,
Juda nozik taʼbimiz
Qilmaymiz oʻzni koʻz-koʻz,
Hamda ortiqcha gap-soʻz.
Hayvonning har xil turqi,
Oʻziga xosdir xulqi.
Mendan olmayin ulgi,
Boʻlishar mudom kulgi.
Yerga urib nomimni,
Bulgʻamang siz shaʼnimni.
Chiranmasin hayvonlar,
Hech tulki boʻlolmaslar.
Qirqta hiylam boʻlsa ham,
Kelavermas doim qoʻl.
Dushmanga koʻrinmaslik –
Yashash uchun qulay yoʻl.
baxtiyor.uz