Talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qo‘llanma

Talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qo‘llanma

5 avgustga qadar talabalar o‘qishlarini boshqa OTM yoki fakultetga ko‘chirish uchun onlayn ariza topshirishlari mumkin. Buni qanday amalga oshirish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etamiz.


13 iyun kuni Oliy va maxsus o‘rta ta’lim vazirligi talabalar o‘qishni ko‘chirishi onlayn tarzda, transfer.edu.uz sayti orqali amalga oshirilishi haqida xabar bergan edi. Arizalar 15 iyuldan beshinchi avgustgacha qabul qilinadi.


Ariza topshirishdan oldin kerakli hujjatlarni tayyorlash maslahat beriladi: jpg, jpeg, png, pdf elektron formatida pasport nusxasiakademik ma’lumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript talab etiladi. Bundan tashqari, asos bo‘luvchi qo‘shimcha hujjatlar nusxasini yuklash mumkin.


«Gazeta.uz» o‘qishni boshqa OTM yoki fakultetga ko‘chirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.


Ro‘yxatdan o‘tishni boshlash



Ariza topshirish jarayonini boshlash uchun, foydalanuvchi transfer.edu.uz saytiga kiradi va «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasini bosadi.




Paydo bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tish sahifasida telefon raqami, elektron pochta manzili va maxfiy parol o‘rnatiladi. «Yuborish» tugmasi bosiladi.



Talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qo‘llanma

So‘ngra, ko‘rsatilgan telefon raqamiga maxsus tasdiqlash SMS-kodi keladi, uni besh daqiqa ichida kiritish kerak.


Birinchi bosqich. Pasport ma’lumotlari



Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni «Ariza topshirish» bo‘limida boshlanadi. «Maqsad» punktida «O‘qishni ko‘chirish» tanlanadi. Fuqarolik bo‘limida foydalanuvchi kerakli davlatni tanlaydi, namuna uchun suratda «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi» tanlandi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti asosida ma’lumotlar to‘ldiriladi: seriya, raqam va JSHSHIR.




JSHSHIR raqam namunasi. Foto: Uzimei.uz


Ikkinchi bosqich. Shaxsiy ma’lumotlar

Kiritilgan pasport ma’lumotlari asosida tizim avtomatik tarzda foydalanuvchining familiyasi, ismi, sharifi, jinsi va tug‘ilgan sanasini aniqlaydi.




Foydalanuvchi tomonidan yashayotgan davlat, viloyat, tuman va manzil kiritiladi.


Uchinchi bosqich. Ta’lim ma’lumotlari



Ta’lim to‘g‘risida ma’lumot to‘ldirish namunasi.



Bu bosqichda foydalanuvchi ayni paytda ta’lim olayotgan ta’lim muassasasi haqida ma’lumotlar kiritadi: muassasa joylashgan davlat, nomi, ta’lim shakli, ta’lim turi, o‘qishga kirgan yil, ta’lim yo‘nalishi, kurs. «Keyingisi» tugmasi bosilib keyingi bosqichga o‘tiladi.


To‘rtinchi bosqich. O‘qishni ko‘chirish

So‘nggi bosqichda ko‘chirish maqsad qilingan ta’lim muassasasi ko‘rsatiladi.


Ko‘chirish maqsad qilingan ta’lim muassasasi ayni paytda ta’lim olinayotgan OTMga yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha to‘g‘ri kelishi kerak.




O‘qishni ko‘chirishni rejalashtirganlar uchun eslatma: qaysi yo‘nalishlarda ko‘chirish mumkin va qaysilarida mumkin emas. Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Telegram kanali, @eduuz




Maqsad qilingan ta’lim muassasasi «Ta’lim muassasasi» punktida tanlanadi, suratdagi namuna — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti. Ta’lim shakli, ta’lim turi, yo‘nalishi (fakultet, namuna — kompyuter injiniringi) tanlanadi. So‘ngra, o‘qishni ko‘chirish sababi ko‘rsatiladi.


Bir ta’lim muassasasi ichida faqat fakultetni ko‘chirish.



Bir muassasa ichida faqat fakultetni ko‘chirish uchun «Ta’lim ma’lumotlari» va «O‘qishni ko‘chirish» bo‘limida bir xil OTM va ko‘chirish maqsad qilingan fakultet ko‘rsatiladi.




Hujjatlarni taqdim etish

Ma’lumotlar kiritilib bo‘lingach, kerakli hujjatlarni taqdim qilish kerak: jpg, jpeg, png, pdf elektron formatida pasport nusxasiakademik ma’lumotnoma yoki reyting daftarchasi yoki transkript talab etiladi. Bundan tashqari, ko‘chirish sababiga asos bo‘luvchi qo‘shimcha hujjatlar nusxasini yuklash mumkin, ular asosida o‘qishni ko‘chirish komissiyasi qaror qabul qilishi mumkin.




Fayllar yuklanib bo‘lgach, «Ushbu ko‘chirish tartibi bilan tanishib chiqdim» punktida rozilik belgisi qo‘yiladi.




Ro‘yxatdan o‘tish yakunlandi. Ariza «Mening arizam» bo‘limida joylashgan. Agar foydalanuvchi arizasida xatolik aniqlasa yoki boshidan boshlashni xohlasa, buni «Arizani tahrirlash» bo‘limida amalga oshirish mumkin.


Arizalar beshinchi avgustga qadar qabul qilinadi. Beshinchi avgustdan 30 avgustgacha arizalar ko‘rib chiqiladi va fuqarolarga javob xati yuboriladi.


www.gazeta.uz