Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish narxlarini optimallashtirish borasida bildirilgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olib, ularni ijobiy hal qilish maqsadida Moliya vazirligi bilan birgalikda qator takliflarni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra:
✅ KUNDUZGI shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi. Ushbu 10 foizlik chegirma stipendiyasiz shakldagi to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan hisoblanadi va yangi 2020/2021 o‘quv yili uchun qo‘llanadi;
➖ OTMlar tomonidan yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar” ro‘yxatidagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, OTMlar o‘z hisobidan 4,0 mln. so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘z navbatida vazirlik to‘lov-kontrakt bo‘yicha boshqa mavjud imtiyozlar borligini ham eslatib o‘tdi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tomonidan harbiy xizmatni o‘tab qaytgan talabalarning 35% kontrakti to‘lab berilishi, shuningdek Soliq kodeksiga binoan ayrim toifa insonlar uchun to‘lov-kontraktni ish haqi va boshqa daromadlaridan to‘laganda daromad solig‘i olinmasligiga oid tartib haqida maʼlumot berildi.
Vazirlik bayonoti yakunida talabalarni har qanday sharoitda ham asosiy maqsaddan chalg‘imaslik va o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish uchun tinimsiz izlanishdan to‘xtamaslikka chaqirdi.