Haq taolo uch firqani do‘st tutqay va uch firqani do‘stroq tutqay: porso va obidni do‘st tutqay, porso yigitni do‘stroq tutqay; juvonmardni do‘st tutqay, juvonmard faqirni do‘stroq tutqay; tavoze’ qilg‘uvchini do‘st tutqay, tavoze’ qilg‘uvchi izzat egalarini do‘stroq tutqay.
* * *
Haq taolo uch firqani dushman va uch firqani dushmanroq tutqay: fosiqni dushman tutqay, fosiq olimni dushmanroq tutqay; baxilni dushman tutqay, baxil boyni dushmanroq tutqay; mutakabbirni dushman tutqay, kambag‘al mutakabbirni dushmanroq tutqay.
* * *
Do‘stliq uldirki, senga in’om qilg‘ay. Do‘stliqdin oshuqcha ish budurki, sanga in’om qilmag‘ay va o‘z haqingni o‘zungga qo‘yg‘ay.
* * *
Sodiq do‘st uldurki, qachonki saning aybingdin ogoh bo‘lsa, ani izhoriga sa’y qilg‘ay. Agar sirringdin ogoh bo‘lsa, yoshurg‘ay. Saning to‘g‘ringda ehson qilsa, dilida tutmag‘ay va sandin anga biror foyda yetsa, faromush qilmag‘ay va sandin biror xato va norasoliqni fahm qilsa, yuz o‘gurmag‘ay va uzr aytsang, qabul qilg‘ay.
* * *
Har do‘stki dunyoliq g‘arazi birla do‘st bo‘lur bo‘lsa, oz nimarsa sababi birla dushman bo‘lur va har do‘stki rost do‘st — ul dunyoliq vajhi birla ayrilmag‘ay. Va shijoat ahlini jang maydonida sinasa bo‘lur va diyonat arbobini muomala birla ozmoyish etsa mumkindur. Va xotun birla farzandlarning mehru vafosini qashshoqlik va kambag‘al chog‘ida imtihon qilsa bo‘lur. Va do‘stlarning haqiqatini musibat kunlarida bilsa bo‘lur.
* * *
Hushyor kishi ul erurki, agar olamni hammasi ani xusumatig‘a tursalar, aning hech kim birla xusumati bo‘lmag‘ay…
* * *
Uch nimarsaga uch nimarsadin chora yo‘qdur: podshohqa siyosat lozimdur, vazirg‘a omonatdorliq lozimdur, fuqarog‘a itoat va farmonbardorliq lozimdur.
* * *
Uch nimarsaning baqosi bo‘lmag‘ay: bahs va jadalsiz ilm, va tijoratsiz mol, va siyosatsiz mulk.
* * *
Ofiyat, ya’ni salomatlik uch qismdur: ofiyati tan va ofiyati mol va ofiyati din. Tanning ofiyati kam yemoqda va kam jimo’ etmoqda erur va molning ofiyati adoi zakot etmoq va hojat elini(ng) siylamoqda bo‘lur va dinning ofiyati nafsning havosidin qochmoq va ko‘ngulni kina birla hasaddin pok etmoqda erur.
* * *
To‘rt nimarsa nodonlik dalili turur: biri o‘zidin donoroq bila janjal qilishmoq, ikkinchisi sinamag‘an kishiga ishonmoq, uchunchi xotunlar makridin emin bo‘lmoq sa’yi, to‘rtinchisi yosh bolalar birla o‘lturushmoq.
* * *
Qobil kishini tarbiyat qilg‘il va noqobilni tarbiyat qilmag‘ilki, qobiliyatlikni tarbiyat qilmasdan noqobil kishini tarbiyat qilmoq zulm turur.