Ayzek Azimov hikmatlari

Odamlar o‘zlarini qo‘shnilaridan yaxshiroq, madaniyatlari qadimiyroq va yuqoriroq, boshqa yerlarga tarqalgan jamiki yaxshi jihatlar ulardan olingan, yomonliklar esa o‘zga mamlakatlarda o‘ylab topilgan, deb hisoblashga o‘rganib qolganlar.

***

Kelajakda ham kitobning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi, xuddi o‘tmishda egallay olmaganidek.

***

Agar shifokor menga besh minut umrim qolganini aytsa, vahimaga tushmayman. Faqat tezroq nimadir yozib qolishga urinaman.

***

Tarixiy jarayon shunday nuqtaga keldiki, endi insoniyatga dushmanlik qilish, yovlashish mumkin emas. Yerdagi odamlar bir-birlari bilan do‘stlashishlari lozim. Men, shu g‘oyani o‘z asarlarimda alohida ta’kidlab kelaman…

***

Mayli, barcha kishilar bir-birlarini yaxshi ko‘rmasinlar, biroq ular orasidagi nafratni albatta yo‘qotish shart.

***

Ilmiy fantastika barcha odamlarning birlashishlariga yordam beruvchi soha deb qattiq ishonaman.

***

Ilm-fanda ifoda etiladigan eng hayajonli so‘z “Evrika!” emas, “Mana bu ajoyib-ku!”dir.

***

Bahslashmaydigan ayollarni kamchiliklardan xoli deb hisoblayman.

***

Agar ovqat shirin bo‘lsa, u zararlidir.

***

Mas’uliyatlilik – og‘ir ish emas.

***

Insoniyat tarixini anglash qiyin. Kichik o‘zgarishlar katta kutilmagan natijalarga olib kelgan.

***

Jahli chiqib turgan odamning haqoratlaridan xafa bo‘lmang. Agar, u tinchlanib, haqoratlarini yana qaytarsa, shundagina ranjishingiz mumkin.

***

Hayotda turli savollarga to‘g‘ri javob topishdan qiziqarliroq ish bormi?

***

Balog‘atga yetganimizdan so‘ng, biz o‘zgarmaymiz, faqat yoshimiz ulg‘ayadi va ajinlarimiz ko‘payadi. Ammo, bu tashvish chekishga arzimaydi.

***

Kam degani, umuman yo‘q, degandan ko‘ra yaxshiroqdir.

***

Qarishni ham bilish kerak. Siz qariganingiz sari muloyimroq, odamlarga mehribonroq bo‘lib boring. Asosiysi, atrofdagilar siz o‘z hayotingizdan qoniqayotganingizni va rohatlanib yashayotganingizni ko‘rishsin.

***

Jamiyat boshida turuvchi robot yaratilganda, u eng yaxshi siyosatchi bo‘lgan bo‘lardi. Robotexnika qonuniga muvofiq, u odamlarga ziyon yetkaza olmasdi, zo‘ravonlik va poraxo‘rlik qilmasdi. U qarimas va o‘lmas ekanligini bilsa ham, vaqtida iste’foga chiqardi.

***

Avval o‘yla, keyin indama.

***

Seni kim deb hisoblashlari emas, sen o‘zingni kim deb his qilishing muhimdir.

***

Ishonch va matonat doimo mukofotlanadi. O‘simlik poyasini ushlab, shahd bilan hamla qiling, u dushmanga to‘qmoqdek tuyuladi. Taraqqiyot faqat ixtirolar orqaligina amalga oshadi.

***

Hayot – yo‘qotishlar zanjiridir. Yoshligingni, ota-onangni, do‘stlaringni, sog‘lig‘ingni va oxirida hayotning o‘zini ham yo‘qotasan.

***

Fantast-yozuvchilar nima qilayotganliklarini o‘zlari ham aniq bilmaydilar. Ularning ko‘pchiligi o‘z ijodlarini tirikchilik manbai deb aytishlari mumkin. Ammo, men uchun, ular – noma’lum va xavfli kelajakka boqishga jazm etayotgan insoniyat ko‘zlaridir.

***

Tarixchilarning ma’lumotiga ko‘ra Makedoniya shohi Filipp qo‘shni Sparta davlatiga bunday maktub yuborgan: “Agar, men yurtingizga kirsam, Spartani yer bilan bitta qilib tashlayman!” Ular bitta so‘z bilan javob qaytarganlar:“Agar!” Bu insoniyat tarixidagi eng qisqa javob xati hisoblanadi.

***

Saljuqiylarning buyuk hukmdori Malikshoh uzoqroq yashaganda yoki iste’dodli taxt vorisiga ega bo‘lganda, salb yurishlari avval boshdanoq halokatga uchrardi. Umuman olganda, salbchilarning ayrim muvaffaqiyatlari musulmonlar orasidagi kelishmovchiliklar tufayli yuz bergan.

***

Frantsiyada, qirol Lyudovik VII davrida, shamol tegirmonlari qurilishi boshlangan. Bu g‘oya o‘sha paytlarda texnologiya sohasida ancha ilg‘or bo‘lgan Sharq mamlakatlaridan ortga qaytayotgan salbchilar tomonidan olib kelingan. Salb yurishlari natijasida, u yerlarda o‘rganilgan yangicha tafakkur va yetuk g‘oyalarning qimmati, yutqizilgan yoki yutilgan janglar ahamiyatidan ancha yuqori bo‘lgan.

***

Matematikadan boshqa hech vaqoni bilmasang, buyuk matematik deb hisoblanishing mumkinmi?

***

Olg‘a qadam tashlash uchun doimo sabab bor. Faqat uni o‘z vaqtida topib turish lozim.

***

Ishonch aqldan ustun.

***

Hayot, umuman olganda, antiqadir. Antiqalik unga to‘liq mos keluvchi yagona sifatdir.

***

Men amaldorlarning ko‘pini ko‘rdim, ammo ularning orasida baxtlilarini uchratmadim. Amal – polga qoqib qo‘yilgan kursi emas. Shuning uchun, amaldor doimo kursini kimdir siljitmasligidan ogoh bo‘lib, hamisha xavotirda ishlaydi.

***

Muammoni hal qilishning eng oson yo‘li – uni yo‘q deb faraz qilishdan iborat.

***

Olti – “a’lo sonlar”ning birinchisidir. Uning bo‘linuvchilarining yig‘indisi o‘ziga teng. Ya’ni, 6 da ular uchta: 1, 2 va 3. Ularning yig‘indisi 6 ga teng. Bunday sonlar ko‘p emas. Undan so‘ng, 28 keladi: 1+2+4+7+14=28. Keyingilari, 496 va 8128 sonlaridir. Bu narsani qadimgi matematiklar yaxshi bilishgan.

***

Ilmiy haqiqat qonuniy yoki noqonuniy kabi tushunchalardan tashqaridadir.

***

Faylasuf bo‘lish uchun oliygohda o‘qish shart emas. O‘tkir aql va hayotiy tajriba kerak.

***

Ozod bo‘lishni istagan odamgina ozod bo‘la oladi.

***

Qo‘rquv – insonga kerak. U ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatadi va hayotni asraydi.

***

Biz qanday usulda rizq-nasiba topayotganimiz, qay holatlardan zavqlanayotganimiz, qanday g‘oyaga ishonayotganligimiz, nimalarni yaxshi, nimalarni yomon, deyayotganimiz – madaniyatdir.

***

Bu sayyorada birgina ishlab chiqarish rivojlangan edi, ya’ni davlat tomonidan birgina mahsulot – qonun chiqarilardi. Butun hayot jarayoni betinim boshqarilardi. Sayyorada odamlar, uy hayvonlari va parazit-tekinxo‘rlar yashardilar. Trantorda boshqacha hayot yo‘q edi.

***

Yomon xabarlar burgut qanotida keladi, yaxshilari esa toshbaqa oyoqlarida.

***

Ayni hayotdan qoniqmaslik insoniyatni taraqqiyotga va madaniyat rivojlanishiga undagan. Holatidan qoniqib o‘tiraberish – ortga ketishdir.

***

Pulning jozibasi – juda kuchli. Lekin, hayotga jiddiy qaragan odam uchun pulning o‘zi yetarli emas.

***

Kimnidir sevsang, uning ko‘zlarida hamisha quvonch chaqnayotganligini ko‘rging keladi.

***

Atirgul – loy va iflos tuproqda o‘sadi.

***

O‘tgan zamonni butunlay unitish mumkin emas, chunki u bugunni keltirib chiqargan.

***

Mish-mishlarni barcha zamonlarda to‘xtata olishmagan.

***

Sen ko‘phujayralik organizm sifatida taxminan ellik trillion hujayradan iboratsan. Lekin, shaxs sifatida, aytilgan barcha hujayralar ahamiyati yig‘indisidan muhimroqsan.

***

Ishlarni rivojlantirish uchun rejalar tuzishning o‘zi kamlik qiladi. Ularni vaqt kelganda o‘zgartirishni ham bilish kerak.

***

Men to‘satdan, odamlar ahmoqdir, degan fikrga kelib qoldim. O‘ylab ko‘ring, insonlar xatti-harakatlarini tartibga soluvchi qonun-qoidalar yo‘q edi, ularni o‘ylab topishdi. Ammo, odamlar, shu, o‘zlari o‘rnatgan qoidalarga rioya qilishmaydi. Ajab!..

To‘plovchi va tarjimon Ozod Mo‘min Xo‘ja

ziyouz.uz