Mehr-muhabbat o‘lchovsiz bo‘lsa ham u vujudingizning hamma tarafida emas, balki mehvarida, qalbingizda yashaydi.
Vaqt ham sevgi kabi, bo‘linmaydi va o‘lchanmaydi.
Rohat-farog‘at nima?
Shaharga yilda bir marta keladigan, uzlatda — xilvatda yashaydigan darvesh so‘radi:
— Rohat-farog‘at nima?
Donishmand javob berdi:
— Rohat-farog‘at — hurriyat qo‘shig‘idir, ammo hurriyatning o‘zi emas.
Bu — tilaklaringiz gulidir. Ammo mevasi emas.
Bu — Arshi a’loga chorlovchi teranlikdir.
Bu — qafasdagi asira qush, u endi qanot qoqib uchmoqqa intiladi.
Ha, bu hurriyat qo‘shig‘idir, uni siz chin dildan kuylaysiz, ammo kuylash lazzatiga berilib, dilingizni yo‘qotmang.
Orangizda rohat-farog‘atda yashashni istaydigan yoshlar bor, siz ularga ta’na, dashnom bermang, rohat-farog‘atni izlayverishsin. Ammo uni topish uchun boshqa yaxshi ishlarni qiladilar. Ildiz qidirayotgan odam xazina topib olganini eshitganmisiz?
* * *
Orangizda ba’zi qariyalar borki, ular yoshligida rohat-farog‘at topganlarini eslasalar, xijolat bo‘ladilar.
Xijolat chekish ham yaxshi fazilat.
Gar xijolat chekishdan yupanch olsalar — bu ham yaxshi.
* * *
Orangizda shundaylar ham borki, rohat izlash uchun yoshlari o‘tib qolgan. Eslash uchun esa hali keksaymagan. Bu odamlar rohat izlamaydilar ham, rohatni eslamaydilar ham, ruhlari ozor topmasligi uchun barcha rohatlardan o‘zlarini tiyadilar.
Ammo ularning ana shu parhezkorligi ham rohat-farog‘at keltiradi.
Shu odamlar ildiz topish uchun qo‘llari titrab, yerni kavlaganida xazina topib olgan kishilardir.
Ammo ayting-chi, ruhga kim ozor beradi?
Bulbul — kecha sukunatiga, yaltiroq kapalak yulduzlarga ozor bera oladimi?
Sizdagi alanga va tutun shamolga ozor bera oladimi?
Yoki sizningcha, ruh bir ko‘lmakmi edi, uni tayoq bilan turtib, chayqaltirsangiz?
* * *
Rohat-farog‘atdan o‘zingizni tiyar ekansiz, unga ehtiyojingizni vujudingiz ichiga yashirasiz.
Kim biladi, bugun topmasangiz, erta bir kuni huzur-halovat toparsiz?
Hatto sizning vujudingiz o‘ziga nima va’da qilinganini, nimaga haqli ekanini yaxshi biladi. Uni alday olmaysiz.
Vujudingiz esa — ruhingiz setoridur.
Bu setorni nozik mayin kuylatish ham, qo‘pol tovushlar chiqarish ham sizning qo‘lingizdadir.
* * *
Dilingizda hayron bo‘lyapsiz: “Huzur-halovatning yaxshi jihati qaysi, yomon jihati qaysi?” deb.
Bog‘ingizga borib, qarang. Bolari uchun gullardan bol yig‘ish — huzur-halovatdir.
Gul uchun ham asalariga bol berish — huzur-halovatdir.
Zero, asalari uchun lazzat olish va lazzat berish — hayotiy ehtiyojdur. Vajd va hol — shudir.
Ahli jamoa — rohat, farog‘at topish uchun gulga va bolariga o‘xshab yashanglar.