Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy 22 yoshida o‘zi uchun hayotiy tartib-qoidalar tuzadi va unga butun umr amal qiladi. Iroda, faollik, xotira va aqliy qobiliyatni rivojlantiradigan bu yo‘riqlar sizu bizga ham katta foyda berishi aniq.
* * *
Har qanday jismoniy mashaqqatga chida, qiynalganingni boshqalarga bildirma.
* * *
Har kun zaifroq biladigan tilingda she’r yodla.
* * *
Qo‘lingdagi mulkning o‘ndan birini ehson qil.
* * *
O‘n barobar boyib ketsangda, hayot tarzingni o‘zgartirma.
* * *
Har qanday narsaga har tomonlama nazar sol – foydasini ham, zararini ham ko‘r.
* * *
O‘zing bilmagan yoki yoqtirmaydigan odamlarning maqtovini olishga urinma.
* * *
Har tong kunlik reja tuz va uni albatta bajar.
* * *
Boshqalarning fikrini o‘ylab o‘tirgandan ko‘ra o‘z ustingda ko‘proq ishla.
* * *
Shuhrat uchun sarf-xarajat qilma.
* * *
O‘zing uchun iloji boricha ko‘p mashg‘ulot o‘ylab top.
* * *
Bir o‘zing yakunlashing mumkin bo‘lgan ishga yordamchi talab qilma.
* * *
Hech qachon hissiyotlaringni oshkor qilma.
* * *
Yaqin kishingni o‘zingday yaxshi ko‘r, ikki yaqin kishingni esa o‘zingdan ham ko‘proq yaxshi ko‘r.
* * *
Iloji boricha kam uxla.
* * *
Har tun kunduzi o‘rganganlaringni takrorla.
* * *
Ortiqcha narsangni o‘zing uchun emas, jamiyat uchun ishlat.
* * *
Yaxshilik qilishga imkon izla.
* * *
Yaxshi bo‘l va sening yaxshi ekaningni hech kim bilmasligiga intil.
* * *
Hammani birday yaxshi ko‘r, bu muhabbatdan o‘zing ham chetda qolma.
* * *
Elning muhabbati uchun mayda tuyg‘ulardan voz kech.
* * *
Sharoit qancha yomon bo‘lsa, harakatni shuncha kuchaytir.
* * *
Bor narsalarga qanoat qil.
* * *
Biror ishni boshlasang, oxiriga yetkazmay tashlab ketma.
* * *
Yaqinlaringning hayoti shirin bo‘lishiga hissa qo‘sh.
Orif Tolib tayyorladi
«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 12-son