Mahmud Koshg‘ariy maqollaridan

«Tulku o‘z iniga ursa, ujuz bo‘lur» («Tulki o‘z uyasiga qarab ulisa qo‘tir bo‘ladi»). Mahmud Koshg‘ariy izohlashicha, «bu maqol o‘z elini, urug‘ini va mamlakatini yomonlovchilarga qarata aytiladi».


* * *


«Erik erpi yag‘lig‘, ermagu bashi qanlig‘» («Tirishqoqning labi yog‘lik, erinchoqning boshi qonlik»). Bu maqol yalqovlikni tashlashga, g‘ayrat bilan ishlashga undab aytiladi.


* * *


«Suv ichirmasga sut ber». U senga yomonlik qilganga ham yaxshilik qil, degan ma’noda ishlatiladi.


* * *


«O‘kuz azaqi bo‘lg‘incha, buzag‘u bashi bo‘lsa yik» («Ho‘kizning oyog‘i bo‘lguncha, buzoqning boshi bo‘lgan yaxshiroq»). U «mustaqillik bo‘ysunishdan yaxshi» degan ma’noda qo‘llanadi.


* * *


«Tavg‘ach xanning to‘rqusi telim, tenglamazib bichmas» («Qoraxitoy) xoqonining ipak gazmoli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi»). Bu maqol ishni boshida puxta o‘ylab qilishga undab, isrofgarchilikka qarshi aytilgan.


* * *


«Uma kelsa, qut kelar» («Mehmon kelsa qut kelar»). Bunda «senga mehmon kelsa, u bilan birga baraka, qut-baxt keladi, qo‘noqni yaxshi qarshi oladilar, malol olmaydilar» degan fikr ilgari surilgan.


* * *


«Qiz kishi savi yo‘rig‘li bo‘lmas» («Baxil odam obro‘ topmaydi»). Bu maqol odamlarni yaxshi nom chiqarish, saxiy bo‘lish uchun undab aytiladi.


* * *


«Erdam bashi til» («Odobning boshi til») .


* * *


«Tilin tug‘mishin tishin yazmas» («Til bilan tug‘ilganni, tish bilan yechib bo‘lmas»)


«Devoni lug‘otut-turk»dan


ziyouz.uz