Firdavsiy hikmatlaridan

Nodonlikdan yomonlik keladi faqat,

Nodonga yondashma, bosmasin g‘aflat.


* * *


Shon-shavkat yuksak maqsad sari intilganning mulkidir.




* * *


Ikki do‘st turarkan yelkama-elka,

Tog‘larni ham oson aylaydi tilka.


* * *


Yomonga qo‘shilma, bo‘lursan yomon,

Qarosin yuqtirar doimo qozon


* * *


Donolar so‘ziga quloq ilmasang,

Eng nodon sendirsan — bilgil, bilmasang.


* * *


Pandu nasihatdan kim o‘girdi yuz,

Zahmati ming bo‘lur, pushaymoni — yuz.


* * *


Nodonlikdan yomonlik keladi faqat,

Nodonga yondoshma, bosmasin g‘aflat.


* * *


Tajribali it barsni tutib yer,

Qochar tulkidan jang ko‘rmagan sher.


* * *


Aql ulug‘likka etadi payvand,

Aqlsizning doim oyog‘ida band.


* * *


Kimki tig‘ ko‘tarar birov joniga,

Zamon tashna bo‘lur uning qoniga.


* * *


Birovga sog‘insa har kim yomonlik,

Nihoyat ul o‘zi topmas omonlik.


* * *


To‘g‘rilikdan kelmish hamma yaxshi ot,

Egrilikdan foyda ko‘rmadi bir zot.


* * *


Qayda ravshan bo‘lsa to‘g‘rilik nuri,

Egrilik so‘nadi, quriydi sho‘ri.


* * *


Gapirmagan gaping ichingda nihon,

Har tomon yoyilar aytganing zamon.


* * *


O‘zining aybini bilganda odam,

Boshqalar aybini so‘zlamasdi ham.


* * *


O‘zgaga qilgan muruvvatingni do‘stga ham, dushmanga ham maqtanma.


* * *


O‘z yovin parvarish qilgan odam xom,

Jahonda chiqarar axmoq degan nom.


* * *


Tirik qolib g‘anim bo‘lgandan shodon,

Sharaf bilan o‘lish yaxshiroq chandon.


ziyouz.uz