Homiladorlikda suv ketishi xavflimi?

Homiladorlikda turli noxush hodisalar ham uchrab turadi. Goh toksikoz asoratlari, goh beldagi og‘riqlar… Yana qog‘onoq suvining oqib ketishi ham. Me’yorida homilani o‘rab turgan suv tug‘ruq boshlanganidan so‘ng tashqariga chiqadi. Ammo bu holat vaqtidan erta yuz bersachi?


Belgilarni adashtirmang!


Ilk uch oylikda homila suvining oqib ketishi juda xavfli. Ko‘p hollarda hali tug‘ruq tajribasiga ega bo‘lmagan ayollar suv ketishini peshobni tutolmaslik bilan adashtirib yuborishadi. Yoki mikroskopik miqdorda ajralayotgan amniotik suyuqlik boshqa ajralmalarga qo‘shilib ketadi. Agar bu muammo o‘z vaqtida aniqlanib, zarur chora ko‘rilmasa, 90 foiz holatda homiladorlik muddatidan avval tugashi mumkin.


Homiladorlikda suv ketishi-tug‘ruq xabarchisi


Tug‘ruq muddatidan ikki hafta ilgari suv ketishini sezmay iloji yo‘q. Negaki bu davrga kelib, aksariyat hollarda qindan 500 ml.dan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik kela boshlaydi. U o‘ziga xos hidi bilan ajralmalardan farqlanadi. Odatda bu hodisadan so‘ng homilador ayolni to‘lg‘oq tutadi. Suv miqdorining ortishi to‘lg‘oq kuchayishi va tug‘ruq yaqinlashib kelayotganini anglatishi mumkin.


Shifokor ko‘rigi zarurmi


Suv ketishini o‘tkazib yubormaslik uchun shifokorlar paxtali matodan tikilgan och rangdagi ichki kiyimlar yoki kundalik taglikdan foydalanishni tavsiya etishadi. Aynan ular yordamida rangsiz va boshqacha hidli o‘zgarishlarni sezish osonroq. Bu alomatlar ham yetarli bo‘lmasa, surtma topshirish mumkin. Unga ko‘ra qindagi ajralmalar tarkibida homila suvi komponentlari izlanadi. Har qaysi holatda ham ginekolog huzuriga borishni kechiktirmagan ma’qul. Shifokor homilador ayoldan mikroskopik tahlil uchun surtma olib, qin yuzasida amniotik suyuqlik kristallari mavjudligini aniqlaydi. Shuningdek, peshob tahlilida protein-1 va mikroglobullin-1 moddalari borligi ham o‘rganiladi.


Homiladorlikda suv ketishining sababi


Xo‘sh, homiladorlikda suv ketishining asl sababi nima? Buni bilish uchun bir necha omillarni ko‘rib chiqamiz. Jumladan:


bo‘lajak onada jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar bo‘lganida;
homilaning noto‘g‘ri joylashuvi yoki homilador ayolning tos suyagi me’yordan kichik bo‘lsa;
homiladorlikning so‘nggi uch oyligida 75 foiz bo‘lajak onalarda kuzatiladigan bachadon bo‘yni yetishmovchiligi sabab;
virusli kasalliklar;
surunkali xastalik hamda zararli odatlar;
ko‘p homilali homiladorlik va bachadonning anotomik nuqsonlari bo‘lganida;
bachadon tanasida kolpit, endotservitsit kabi turli o‘smalar bo‘lganida.
ЎҚИНГ:   Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?

Homiladorlikning so‘ngi haftasi


Agar suv ketishi homiladorlikning oxirgi haftasida kuzatilsa, demak, tug‘ruqqa ham oz qolgan. Suv ketganidan 3 soat o‘tib, to‘lg‘oq boshlanmasa, shifokor uni sun’iy ravishda yuzaga keltirishga majbur bo‘ladi. Aksariyat hollarda esa rejalashtirilmagan kesarcha kesish usuli yordamida bola dunyoga keltiriladi.


Muddatiga yetmagan homiladorlikda esa shifokorlar kutish taktikasini qo‘llashadi. Bunda dori-darmon bilan homila suvsizlikdan asraladi, bo‘lajak ona esa yotoq holatida shifokorlar kuzatuvida bo‘ladi. Shuningdek, turli xastaliklardan himoyalash maqsadida jinsiy a’zolar antiseptik tozalanib turiladi.


Ekspert: Muyassar NAZIROVA, akusher-ginekolog.


Jurnalist: Dilnoza MIRTOLIPOVA.


Manba: Sug‘diyona gazetasi.