Qozog‘istonning 1-prezidenti — Elboshi. Davlatga rahbarlik qilgan davri 30 yilni tashkil etadi. Dunyodagi eng badavlat va qudratli davlat rahbarlari reytingida 10-o‘rinni egallagan. Oilasida ikkita milliarder bor. Bugun 80 yoshga to‘ldi.
Qanday mashhur bo‘lgan?
1940 yil 6 iyulda Olmaota viloyatida tug‘ilgan. Unga ikki ismni olib yurishini istagan buvisi Nursulton deb ism qo‘ygan. Nazarboyevning otasi — Abish hurmati baland kishi bo‘lgan. 1960 yil texnikumni, 1967 yil oliy texnik o‘quv yurtini, 1976 yil Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasiga qarashli Oliy partiya maktabini bitirgan. Xizmat faoliyatini 1960 yil metallurgiya kombinatida oddiy ishchi bo‘lib boshlagan. 1977 yilgacha kombinatda turli vazifalarda ishlab, so‘ng Qarag‘andi viloyat partiya qo‘mitasining kotibi, 1979-84 yillarda Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Umrining 20 yilini rusiyzabon muhitda o‘tkazgani bois qozoq tilini butunlay unutgan edi. 1980 yilda Olmaotaga qaytgach, qozoq tilini qayta o‘zlashtiradi. 1989 yil davlat boshiga kelgan va 1990 yil Qozog‘iston SSR Prezidenti etib tayinlangan. 1991 yil bo‘lib o‘tgan mustaqil Qozog‘iston umumxalq saylovida 98,7% ovoz bilan g‘alaba qozongan. Nazarboyev prezidentlikka to‘rt marta qayta saylangan. 2011 yilda Mang‘istau viloyatida qat’iy noroziliklar uyushtiriladi. Bu Nazarboyev boshqaruvi vaqtidagi eng katta noroziliklar aktsiyasi edi. Nazarboyev 2019 yil 19 mart kuni iste’foga chiqishini ma’lum qiladi. Biroq Milliy xavfsizlik kengashi raisi va «Nur-Otan» partiyasi rahbari lavozimlarini saqlab qoladi. Yaqinda koronavirusga chalinib, keksa bo‘lishiga qaramasdan kasallikdan sog‘aydi. So‘ng unga atab haykal o‘rnatishdi. Nazarboyevning 3 qizi bor. To‘ng‘ich qizi Senat raisi edi. O‘rtancha qizi Qozog‘istondagi eng boy ayol. Kenja qizi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev o‘g‘liga turmushga chiqqan, keyinroq ajrashgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nazarboyev urug‘-aymoqlarining boyligi 7 mlrd dollar, u bilan ishlagan Muxtar Ablyazovning fikricha esa boyliklar 100 mlrd dollardan oshadi. 2011 yildan buyon 1 dekabrda Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti kuni nishonlanadi. Nazarboyevning tug‘ilgan kuni esa Nur-Sulton shahri kuni bilan birga nishonlanadi.
Mashhur nima deydi?
«Hozirgi zamonaviy dunyoda bir vaqtlar olgan bilimigagina tayanuvchi emas, balki butun hayoti davomida o‘rganadigan kishi g‘olibdir. Menga universitetda qanday qilib prezident bo‘lish kerakligi o‘rgatilmagan edi».
«Qozog‘iston kelajagi — qozoq tilida».
«Men demokratiyani Amerikadagidek qilmoqchi edim, lekin Qozog‘istonda qanday qilib shuncha amerikaliklarni topaman».