Umar ibn Abdulaziz

Umaviy xalifalarning sakkizinchisi Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon hijriy 99—101 yillari davlatni boshqargan. U qirq yil umr ko‘rdi. Adolati va idora ishlaridagi islohotlari bilan mashhur bo‘ldi. Shu bois bobosi Umar ibn Xattobga (roziyallohu anhu) ishoratan uni «Ikkinchi Umar» ham deyishadi. Quyida bu ulug‘ zot hayotidan ayrim lavhalarni e’tiboringizga havola etamiz.


* * *


Umar ibn Abdulaziz hukmdor bo‘lgach, tabriklash uchun turli joylardan kelgan vakillar uning huzuriga kirishdi. Ziyoratchilar orasida hijozlik bir bola ham bor edi. O‘sha yigitcha Umarni qutlash uchun oldinga chiqdi. Shunda Umar:

—Shoshilmay tur, sendan yoshi ulug‘lar bor, dedi. Bola bunga javoban:

—Sizni Alloh qo‘llasin. Inson ikki kichik a’zosi — qalbi va tili bilan insondir. Agar Alloh taolo bandasiga burro til, saqlovchi qalb ato etgan bo‘lsa, u gapirishga haqli emasmi? Agar siz aytgandek, gap faqat yoshda bo‘lsa, majlisingizda sizdan keksaroq, gapirishga haqliroq odamlar ham bor-ku, — dedi.

Umar ibn Abdulaziz bolaning so‘zidan qattiq ta’sirlanib, ushbu ma’nodagi she’rni o‘qidi: «Ey inson, ilm olgin, hech kim olim bo‘lib tug‘ilmas, ilm egalari johil kabi bo‘lishmas, ilmsiz keksa odamning majlisdagi mavqei ulug‘ emas».


* * *


Umar ibn Abdulaziz bir oqshom do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroqning nuri xiralashib qoldi. O‘rnidan turib, piligini tozalab qo‘ydi. Shunda majlisda o‘tirganlardan biri: «Ey mo‘minlar amiri, pilikni tozalashni birortamizga buyursangiz bo‘lar edi-ku!” dedi. Umar ibn Abdulaziz aytdi: «Mehmonni xizmatga buyurgan inson muruvvatli sanalmaydi. O‘tirganimda ham shu Umar edim, turganimda ham shu Umarman».


* * *


Ziyoratchilardan biri hukmdor Umar ibn Abdulazizga hadya sifatida olma keltirdi. Ammo u hadyani qabul qilmadi. Shunda ziyoratchi: «Hadyani Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham olganlar, nega siz olmayapsiz?» deb so‘radi. Bunga javoban Umar ibn Abdulaziz: «Rasulullohga berilgan narsa, shubhasiz, hadyadir. Ammo menga berilgani pora bo‘lib qolishi mumkin», dedi.


* * *


Molik ibn Dinor aytadi: «Odamlar meni zohid deb bilishadi. Holbuki, haqiqiy zohid Umar ibn Abdulazizdir. Dunyo butun dabdabasi bilan unga keldi, Umar undan yuz o‘girdi».


* * *


Rivoyat qilishlaricha, Umar ibn Abdulaziz masjidga ketar ekanlar, qo‘llarini ohista tebratib borar edilar. Shu vaqt birdan to‘xtab qoldilar, ko‘zlaridan yosh jolasi quyila boshladi. Odamlar nima uchun yig‘layotganlarini so‘rashganida: «Bu dunyoda tebratib yurgan qo‘llarim oxiratda bog‘lansa, holim ne kechishini o‘ylab yig‘layapman», dedilar.


* * *


Umar ibn Abdulazizning o‘g‘li Abdumalik vafot etdi. Uni dafn etdi va ustiga tuproq tortdi. So‘ngra o‘rnidan turib, qomatini rostladi. Atrofida odamlar uni o‘rab turishardi. Shunda u, rivoyat etilishicha, bunday degan: “Ey o‘g‘lim! Alloh seni rahmatiga olgan bo‘lsin! Sen otangga mehribon eding. Allohga qasamki, Alloh taolo seni menga ato etganidan beri sendan masrur edim. Allohga qasamki, sen tufayli qattiq xursand bo‘lgan edim. Endi Alloh taolo ixtiyor etgan shu manzilga tanangni qo‘yganimdan buyon Alloh taolodan sen tufayli bo‘ladigan saodatni ko‘proq umid etyapman”.


* * *


Rajo ibn Xayva aytadi: “Umar ibn Abdulaziz odamlarning eng xushbo‘yi va yurishda tikrog‘i edi. U mol-mulkini ehson qilib, o‘zida faqat qalpog‘i, sallasi, ko‘ylagi, chakmoni, ridosi va kovushlarini (qiymati taxminan o‘n ikki dirham) qoldirgan edi».


* * *


Muslim ibn Abdulmalikning quli Abdussalom aytadi: «Umar ibn Abdulaziz yig‘lagan edi, zavjasi Fotima ham yig‘ladi. Shunda ular nima uchun yig‘layotganlarini bilmagan uy ahllari ham qo‘shilishib yig‘lashdi. Ular ibratlanganlaridan so‘ng Fotima unga: “Otam-onam sizga fido bo‘lsin, ey mo‘minlarning amiri, nima sababdan yig‘ladingiz?” deb so‘radi. Umar: “Men qavmning Alloh huzuridan uzilib, bir bo‘lagi jannatda va bir bo‘lagi do‘zaxda bo‘lishini esladim”, dedi».


* * *


Amr ibn Muhojirdan rivoyat qilinadi. «Menga Umar ibn Abdulaziz: “Agar mening haqdan og‘ayotganimni ko‘rsang, qo‘lingni ko‘ksimga qo‘yib, meni bir silkitgin va, ey Umar, nima qilyapsan, degin”, dedi».


* * *


Lays ibn Abu Ruqiya Umardan rivoyat qiladi: «Umar ibn Abdulaziz og‘ir kasal yotgan paytida “Meni o‘tqizinglar”, degan edi, uni o‘tirg‘izib qo‘yishdi. So‘ngra u: “Ey Alloh, Sen menga buyurgan eding, men to‘liq bajarmadim, qaytargan eding, senga osiy bo‘ldim. Allohdan o‘zga iloh yo‘q”, dedi. Keyin boshini ko‘tarib, hammaga tikilib qaradi. Shunda unga: “Siz qattiq tikilyapsiz”, deyishdi. U: “Men hozir bo‘lganlarni ko‘ryapman, ular insonlar ham emas, jinlar ham emas”, dedi» (Alloh undan rozi bo‘lsin).


Abul Faraj Abdurahmon ibn Javziy kitobi asosida

Yahyo Habibulloh, Ahmad Muhammad tayyorlashdi.

«Hidoyat» jurnalining 2008-yil 10-sonidan olindi.